Jahon | 21:05 / 26.12.2021
18360
2 daqiqa o‘qiladi

Inson organizmida yangi mushak aniqlandi

Bazel universitetining (Shveytsariya) doktor Silviya Mezey va professor Yyens Kristof Tyurp boshchiligidagi olimlar guruhi inson jag‘ mushaklarining avval noma’lum bo‘lgan qismini aniqladi. Olimlar bu kashfiyotlari haqida Annals of Anatomy ilmiy nashrida so‘zlab berishdi.

Foto: Jens C. Turp/UZB

Bungacha chaynash mushaklari ikki – ustki va chuqur qatlamdan iborat deb kelingan, biroq hayvonlardagi tadqiqotlar olimlarni u murakkabroq tuzilgan bo‘lishi mumkinligi haqidagi fikrga olib kelgan.

“Chaynash mushaklarining bu qismi o‘zining joylashishi va vazifalari bo‘yicha uning boshqa mushak qatlamlaridan farq qiladi”, deb aytgan doktor Mezey.

Mutaxassislarning fikricha, ushbu chuqurroq joylashgan mushaklar qatlami pastki jag‘ni shakllantirish jarayonida ishtirok etadi va uni barqarorlashtiradi. Bu chaynash mushagining pastki jag‘ni orqaga, ya’ni quloq tomonga tortadigan yagona qismi hisoblanadi.  

Ta’kidlanishicha, yangi qatlam qolgan ikki qatlamga nisbatan yuqoriroq va jag‘ga yaqinroq joylashgan hamda kichikroq o‘lchamga ega.                    

Anatomik tadqiqot davomida o‘z tanasini fan uchun qoldirgan 12 marhum kishining formalinga solingan boshlari o‘rganilgan. Yana 16 jasadning kompyuter tomografiyasi va bir tirik odamning MRsi tahlil qilingan.

Olimlar yangi mushaklar qatlamini Musculus masseter pars coronidea, ya’ni chaynash mushagining koronoid bo‘limi deb atashgan, chunki ushbu qatlam pastki jag‘ning koronoid o‘sig‘iga birikadi.

“Oxirgi yuz yil ichida inson anatomiyasida deyarli barcha narsa o‘rganib chiqilgan. Shu sababli bizning kashfiyotni ko‘lami bo‘yicha zoologlar tomonidan umurtqalilarning yangi turi topilganiga qiyoslash mumkin”, deb ta’kidlab o‘tgan professor Tyurp.

Mavzuga oid