O‘zbekiston | 09:36 / 18.01.2022
23642
3 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda uchuvchisiz uchish apparatlarini ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yildi

O‘zbekistonda zamonaviy texnologiyalar asosida uchuvchisiz uchish apparatlari ishlab chiqarilmoqda. Bu haqda Mudofaa sanoati davlat qo‘mitasi matbuot xizmati xabar berdi.

Qayd etilishicha, Mudofaa sanoati davlat qo‘mitasi tasarrufida Uchuvchisiz aviatsiya majmualarini ilmiy-ishlab chiqarish markazi tashkil etildi.

Mazkur markaz tomonidan xalqaro texnik talab va standartlarga to‘liq javob beradigan «Lochin» nomli uchuvchisiz uchish apparatlarini ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yildi.

Ta’kidlanishicha, ikki xil maqsadda foydalanishga mo‘ljallangan mazkur milliy loyiha Markaziy Osiyoda ilk bor O‘zbekistonda o‘zlashtirildi va yo‘lga qo‘yildi.

Markaz uchuvchisiz aviatsiya majmualarini ishlab chiqarish, yig‘ish, ta’mirlash va texnik xizmat ko‘rsatish uchun zarur yig‘uv jamlanmalari, texnologik va maxsus uskunalar, tekshirish (test laboratoriya) moslamalari kabi texnologik jihozlar bilan to‘liq ta’minlangani aytiladi. 

Bildirilishicha, Mudofaa sanoati davlat qo‘mitasi tomonidan markazni yosh kadrlarni tayyorlash, qayta tayyorlash, yetakchi xorijiy davlatlarda stajirovkasini tashkil etish va malakasini oshirish yo‘li orqali uchuvchisiz aviatsiya sohasidagi mutaxassis kadrlar bilan butlash amalga oshirilmoqda.

Milliy brend ostida ishlab chiqilgan samolyot va kvadrokopter turidagi «Lochin» uchuvchisiz uchish apparati bir qancha maqsadlarda foydalanishga mo‘ljallangan bo‘lib, razvedka qilish, zarba berish, real vaqt rejimida kuzatish, ma’lumot olish, artilleriya o‘t ochish jarayonini boshqarish kabi vazifalarni bajarish bilan bir qatorda, qishloq xo‘jaligi, neft-gaz, o‘rmon xo‘jaligi, temir yo‘llar, geologiya, qidiruv sohalarida kartografiya, topogeodeziya, ekinlarni defoliatsiya qilish, qo‘riqxonalarni, yo‘llarni, ijtimoiy infratuzilma hamda muhim obektlarni kuzatib borish va boshqa maqsadlarda foydalanish imkoniyatini beradi.

Markaz tomonidan strategik darajada qo‘llaniladigan uchuvchisiz aviatsiya majmualarini ishlab chiqarishni tashkil etish hamda uchuvchisiz aviatsiya sohasini innovatsion rivojlantirish bo‘yicha ilmiy-tadqiqot va tajriba-konstruktorlik ishlarini shakllantirish yo‘nalishlarida istiqbolli loyihalar olib borilmoqda, deya yakunlangan qo‘mita xabari.

Mavzuga oid