Jamiyat | 19:37 / 23.01.2022
13098
14 daqiqa o‘qiladi

«Muammo hali ochiq» - blogerlarning hafta mavzulari

Kun.uz yakunlangan haftada o‘zbek blogosferasida muhokamalarga sabab bo‘lgan mavzularni jamladi.

«Minglab tadbirkorlarning tepada tanishi yo‘q»

Hafta boshida Davlat soliq qo‘mitasi raisi Sherzod Qudbiyev soliq ma’murchiligidagi yangiliklar yuzasidan tadbirkorlar e’tirozlari ko‘payib borayotgani bois OAV bilan uchrashdi. Anjuman ijtimoiy tarmoq faollarining tanqidlariga uchradi. Ayniqsa, Qudbiyev yirik kompaniyalarga berilgan imtiyozlar xususida savol bergan jurnalistga «xalq nomidan gapirmaslik»ni uqtirgani e’tirozlarga sabab bo‘ldi.

Davletov.uz kanali muallifi e’tiborni asosiy muammo – tadbirkorlarni qiynayotgan masalaga qaratishga chaqirdi.

«Bundan anchagina oldin, Davlat soliq qo‘mitasi raisining audiosi tarqagan edi. O‘shanda u Tepadan bo‘lgan qo‘ng‘iroq sababli o‘z xodimlarini rosa so‘kkan edi. Masala qaysidir katta tadbirkor QQS bo‘yicha vozvrat ololmagach, Tepaga telefon qilgan, Tepa qo‘mita raisiga chiqqan. Keyin qo‘mita raisi «samimiy» uzr so‘ragan edi (Biz bu audioni kanalimizda e’lon qilmaganmiz, qadriyatlarimizga to‘g‘ri kelmaydi, deb hisoblaganmiz).

Bugun Davlat soliq qo‘mitasi raisining ommaviy axborot vositalari uchun bergan matbuot anjumani juda keskin o‘tibdi, rais umuminsoniy mezonlarda qaraganda o‘zini ancha qo‘pol tutgan. Rais davlat xizmatchisi sifatida emas, o‘rta asrlar chinovnigidek muomala qilgan. Bundan hamkasblarimizning dili ancha xira. Lekin biz mana shu dilxiralik ortidan asosiy temadan chalg‘imaslikni istardik.

O‘n minglab o‘zbekistonlik tadbirkorlarning tepada tanishi yo‘q, ular tepaga telefon qilolmaydi, tepa qo‘mita raisini so‘kmaydi. Chunki o‘n minglab tadbirkorlarning tankasi yo‘q, ularning saylagan deputatlari yo‘q. Ularning nomidan konstitutsiyada vakolat bergan odamlar gapira olmaydi. Yoki ularga yetishning iloji yo‘q. Shunday bo‘lsa-da, yana temadan chalg‘ishni istamasdik. O‘nta matbuot anjumani bo‘lsa-da, tadbirkorlarning faoliyati yengil bo‘lib qolmaydi», deb yozdi bloger.

U siyosiy yechim zarurligini ta’kidlagan:

«Tadbirkorlarimiz jiddiy muammoga duch kelishmoqda. Buni jurnalistlar, blogerlar bo‘rttirayotgani yo‘q, muammo jiddiy, tadbirkorlar ayyuhannos solmoqda, OAV, jurnalistlar, blogerlar shunchaki xavotirga tushayotgan, oldida jiddiy muammolar yuz kelayotganini his qilayotgan tadbirkorlar fikrlarini sal qofiyaga solib e’lon qilyapti. Muammo jurnalistlar, blogerlarda emas. Muammo tadbirkorlar uchun qariyb ilojsiz va bir tomonlama joriy qilingan ma’murchilikda, uni ishlab chiqqan va joriy qilayotgan ijrochilarda. O‘zbek xalqi dono xalq, u hamma narsa o‘tkinchi ekanligini biladi, lekin yana eski nuqtadan boshlash ozgina alamli, xolos. Bizga siyosiy yechim kerak».

«Xalq xalq bo‘lib savol berishidan qo‘rqish kerak»

Bloger Shahnoza Soatova bu fikrlarga qo‘shilishini bildirib, tadbirkorlar beqaror soliq qonunchiligi bilan ishlay olmasligiga e’tibor qaratdi.

«2017 – 2020-yillarda eski Soliq kodeksi 28 ta qonunlar bilan 288 turdagi o‘zgarishlarga uchragan, ya’ni Kodeksning deyarli 70 foizi o‘zgargan. 2020 yildan boshlab ishlay boshlagan yangi tahrirdagi Soliq kodeksiga ham ikki yil ichida 15 ta qonunlar bilan 150 turdagi o‘zgartirishlar kiritilgan.

Shunday beqaror soliq qonunchiligi bilan qaysi tadbirkor risklarni baholab, biznesni rejalab, to‘g‘ri prognozlashtirib ishlay oladi?

Davletovuzning fikrlariga to‘liq qo‘shilaman. Amaliy harakat kerak, tushuntirish bilan ish bitmaydi», deb yozdi u.

Biroq Shahnoza Soatova matbuot anjumani o‘z vazifasini bajarmagani, tadbirkorlar bilan muloqot qilish kerakligini ta’kidladi:

«Umuman olganda, bugungi matbuot anjumanini   maqsadli auditoriya bilan muloqot deb bo‘lmaydi. Yutubda jonli uzatuv payti aynan shu soliqlar boshiga tushgan tadbirkorlar sharhlarda yozib qoldirgan savollarga javob berish kerak. Tadbirkorlar, iqtisodchilar bilan muloqot qilish kerak. Soliq sxemalarini hamma jurnalistlar ham tushunib, zarur savolni bera olmasligi mumkin. Shunga «asosiy masala qolib…» deb boshlanuvchi ta’nalarga ham qo‘shilmayman. Chunki tadbirda asosiy masala haqida kam gapirildi, tadbirkorlarning Kodeksga kiritilgan o‘zgartirishlar to‘g‘risidagi noroziliklari fokusda turmadi, leytmotiv bo‘lmadi. Boshqattan boshqa muloqot kerak, maqsadli auditoriya bilan».

Iqtisodchi Yuliy Yusupov DSQ va Moliya vazirligi mutasaddilari Savdo-sanoat palatasida biznes vakillari va ekspertlar bilan uchrashgani haqida yozib, amaldorlar soliq ma’murchiligiga o‘zgartirishlar kiritishga va’da bergani haqida umidli mujdalar berdi.

«Qudbiyevcha anjuman» borasida Kun.uz’ga soliq maslahatchisi Murod Muhammadjonov ham o‘z fikrlarini bildirib, asosiy muammolarga to‘xtaldi. Batafsil bu yerda.

«Meni xavotirga soladigan narsa shu-ki…»

UzAuto Motors AJning 19 yanvargacha tuzilgan shartnomalar bo‘yicha  Lacetti va Cobalt avtomobillari mijozlarga magnitolasiz yetkazib berishi haqidagi xabarini tarmoqlarda shov-shuv keltirib chiqardi. 

«Zametki ekonomista» kanali muallifi, iqtisodchi Botir Qobilov monopolist ertaga avtomobillarni xavfsizlik kamarisiz ishlab chiqarishi uni ko‘proq xavotirga solishi haqida yozdi. 

«Meni xavotirga soladigan narsa shundaki, bugun magnitola o‘rnatmasdan iste’molchiga avtomobil yetkazib berayotgan korxona ertaga mabodo avtomobilning boshqa qismini, ya’ni insoniyat tarixida eng muhim ixtirolardan biri, millionlab insonlar hayotini saqlab qolayotgan kichik qismini - xavfsizlik kamarini o‘rnatmasdan chiqarsa ba’zi (ko‘pchilik?) iste’molchilar uni sezmasliklari ham mumkin. Agar tanlash huquqi berilsa, ya’ni avtomobilning oddiy komplektatsiyasi xavfsizlik kamarisiz chiqsa, va bu qism uchun shartli 20 dollar qo‘shimcha to‘lash kerak bo‘lsa, ba’zi (ko‘pchilik?) iste’molchilar bundan voz kechishlari ham mumkinligi xavotirga soladi.

To‘g‘risi, avtomobil ichida qanday qilib xavfsizlik kamarini taqmasdan o‘tirish mumkinligi sabablari men uchun tushunarsiz. Kiyimni g‘ijimlaydimi? Yurakni, nafas olish organlarini ezib qo‘yadimi? Xunuk ko‘rinadimi? Obro‘ni tushiradimi? Yoki shunchaki avtomobilning bu qismi nima uchun kerakligi haqida tushuncha mavjud bo‘lmaganmi? Shaxsan men boshqargan avtomobilda, qaysi shahar/mamlakat bo‘lishidan, qoidaviy talablardan qat’i nazar, hech kim va hech qachon xavfsizlik kamarini taqmagan holda o‘tirishiga yo‘l qo‘yilmaydi.

Ma’lumot va eslatma sifatida: oldi o‘rindiqda o‘tirgan yo‘lovchi/haydovchi xavfsizlik kamari taqilishi avtohalokat natijasida o‘rtacha o‘limga olib keladigan jarohatlanish ehtimolini va o‘lim ehtimolini 45-50 foizga kamaytiradi. Kecha taqmagan bo‘lsangiz ham, ertaga to‘g‘ri qaror qabul qilasiz deb umid qilaman», deydi u. 

«Jamiyatdagi kambag‘allik sabablari bu noto‘g‘ri iqtisodiy qarorlar»

Iqtisodchi Behzod Hoshimov o‘z blogida jamiyatdagi xayriya tushunchasi va odamlar boy bo‘lishi uchun «xayriya»ga qanday munosabatda bo‘lishi kerakligi haqida yozdi. 

«O‘zi xayriya bilan kambag‘allik kamaymaydi, lekin hukumat xayriyasining yomon tarafi, kambag‘allikka kurashayotganimizdek illyuziya yaratadi. Ya’ni hukumat kambag‘allikka xayriya bilan emas, boyishga bo‘lgan to‘siqlarni olib kurashishi kerak. Lekin biz insonmiz, biz bir kishiga yordam berib, uni kambag‘allikdan chiqqanini ko‘rsak xursand bo‘lamiz. Jamiyat miqyosidagi talafotni hech narsa qila olmasak ham, bir odamga taom bersak, ko‘nglimizga taskin beradi, xuddi katta ish qilgandek o‘zimizni his qilamiz. Afsuski, ijtimoiy siyosat bunday yuritilishi to‘g‘ri emas. Inson o‘z xayriyasida boshqa odamni taomlantirishi yoki uy berishi — jamiyatdagi bu kambag‘allik ildizini tuzatmasa ham, bergan odam uchun baxt beradi. 

Jamiyatdagi kambag‘allik ildizlari bu noto‘g‘ri iqtisodiy qarorlar. Bir xil payt, qasddan, tor guruh 1 dollar topishi uchun jamiyat minglab dollar yutqazadi. Masalan, bojlar buning yaqqol misoli. Imtiyozlar ham shu ssenariydan.

Ya’ni haqiqiy kambag‘allikka qarshi kurashuvchilar, bir odamga borini bersa ham, bir noto‘g‘ri qonunning oldini olishichalik katta xizmat qila olmaydi. Lekin bir ish ko‘rinadi, ikkinchisi ko‘rinmaydi. Bir odamga uy qurib bersangiz, u narsa ko‘rinadi, u odam quvonganini ko‘rasiz. Lekin noto‘g‘ri qaror yo‘qolishining ta’sirini ko‘ra olmaysiz. Chunki shartli milliardlik zarar butun xalqqa taqsimlangan bo‘ladi, u ko‘rinmas narsa.

Jamiyatimiz xayriya deganda aynan shunday katta zararlarni bartaraf etishi haqida o‘ylashi va haqiqiy saxiylik deb shunday zararkunandalikka qarshi kurashni tushunishi kerak. Yuzta kambag‘alni bir yil taomlantirgan odamni saxiy deymiz, lekin 35 million xalqqa milliardlik zararni yo‘qotayotgan islohotchilarni unday demaymiz. Bir odam ming kishini boqishi mumkin, balki o‘n ming kishini, lekin agar buni evaziga qolgan 34 million inson cho‘ntagidan bu pulni olsa, bu narsani o‘z nomi bilan atash kerak», deydi iqtisodchi. 

Bakiroo kanali muallifi, iqtisodchi Otabek Bakirov bu safar tashqi savdoda O‘zbekiston Rossiya va Xitoy ta’siridan qutulishi muhimligiga e’tibor qaratdi. 

«2021 yil yakunlariga ko‘ra, tashqi savdo hajmi 42,1 mlrd dollarga yetgan. Eksport biroz kamtar - 10,0 foizga, 16,6 mlrd dollargacha o‘sgan, importning o‘sishi shiddatliroq kechgan - 20,4 foiz, import hajmi 25,5 mlrd dollarga yetgan. Tashqi savdo manfiy saldosi 8,9 mlrd dollarni tashkil etgan. Bu yangi rekord.

2021 yil ko‘rsatkichlari bo‘yicha ayrim mulohazalar.

Tashqi savdodagi ulushda uzoq yillik tanaffusdan keyin Rossiya yana birinchi o‘ringa chiqib oldi (o‘tgan oyda import bo‘yicha Xitoyni ortda qoldirgandi). Rossiyaning Xitoyni ortda qoldirishida birinchi navbatda Rossiya kredit va qarzlari haddan ziyod o‘ringa ega. Boshqacha aytganda, Putin Rossiyasidan olgan kredit va qarzlar evaziga Putin Rossiyasining tovar va xizmatlarini sotib olyapmiz. Bu juda yomon tendensiya. 

Rossiyadan ortda qolganiga qaramay, Xitoyning ulushi ham yuqori sur’atda ortmoqda. Rossiya va Xitoyning tashqi savdodagi birgalikdagi ulushi 35,6 foizga yetgan (o‘tgan yili 33,2 foiz edi). Boshqacha aytganda, agressiya va siyosiy elitani korrupsiyalashtirish asosiy qadriyati bo‘lgan bu ikki davlatning O‘zbekistonga iqtisodiy ta’siri shiddat bilan yuksalmoqda.

Solishtirish uchun, beshta bizga qo‘shnimizning tashqi savdodagi ulushi 16,6 foiz, xolos. Bu Bitta Rossiyaning ko‘rsatkichidan ham, bitta Xitoyning o‘zini olganda ham kam. Afsuski, Afg‘oniston va Qirg‘izistonning tashqi savdodagi ulushi hatto qisqargan. Bu yomon. Biz ko‘proq qo‘shnilarimiz bilan savdo qilishimiz kerak. Bu boyishning eng arzon va afzal yo‘li», deb yozdi u. 

Shuningdek, iqtisodchi Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqining tashqi savdodagi ulushi xavotirli ekanligini hamda iqtisodiyotda davlat ulushini kamaytirish zarurligini ta’kidlagan: 

«Yana bir xavotirli tendensiya - YeOIIning tashqi savdomizdagi ulushi 30 foizdan oshgan (o‘tgan yili 27 foiz edi). O‘sish asosan import hisobiga to‘g‘ri kelgan. Sovetcha mustamlakachilikning va iqtisodiy gegemoniyaning yangi shakli bo‘lgan YeOII iqtisodiy suverenitetimizga real xavf solmoqda.

2021 yilda pandemiyagacha bo‘lgan davrdagi holat - importning o‘ta tez o‘sishi yana tiklandi. Tashqi savdoda, ayniqsa importda davlat va davlat nazorati ostidagi kompaniyalarning, davlat buyurtmalarini o‘zlashtirayotgan va boshqa mahalliylashtirish niqobi ostidagi cho‘ntak sub’yektlarning ulushi haddan ziyod. Ular uchun import qimmat bitimlar vositasida O‘zbekistondan kapitalni oqib chiqib ketish vositasiga aylangan. Tezroq iqtisodiyotda davlatning ishtirokidan qutulish va monopoliyalardan, zararli mahalliylashtirish siyosatidan voz kechish tashqi savdoni, salbiy saldoni muvofiqlashtirish vositasiga aylanishi kerak». 

Mavzuga oid