O‘zbekistonga Ukrainaning taqdirini eslatgan Rossiya va samarasiz YHXX - hafta dayjesti
Rossiya yana O‘zbekistonning ichki ishlariga aralashdi: rus tili darsidagi voqeaga siyosiy tus berilmoqda. Soliq to‘lovchilar hisobidan qurilgan yo‘llar ham pulli deb e’lon qilinishi mumkin: Toshkentdan Bo‘stonliqqa boradigan yo‘lning bir qismini investorga berishmoqchi. Qurilish sohasida eskrou tizimi: odamlar aldanib qolishdan himoyalanishi aytilmoqda. Haftaning shu va boshqa muhim mavzulari – Kun.uz dayjestida.
Yo‘q joydan yasalgan siyosiy mojaro
Toshkentdagi maktablardan birida ro‘y bergan kichik bir hodisa haftaning bosh siyosiy voqeasiga aylandi. Bu mavzuni yuqori lavozimli siyosatchilar Moskvada, hatto Nyu-Yorkda ham muhokama qilishdi. O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri rossiyalik hamkasbi bilan yuzma-yuz muloqotda O‘zbekistonning ichki ishlariga burun suqmaslikni diplomatik ohangda tushuntirishiga to‘g‘ri keldi.
Hammasi 23 sentabr, dushanba kuni Chilonzor tumanidagi 188-maktabdan boshlandi. Maktabga sinov muddati bilan ishga taklif etilgan rus tili fani o‘qituvchisi Ozoda Ravshanova birinchi ish kunida dars payti o‘ziga gap qaytargan 6-sinf o‘quvchisiga kuch ishlatgan. Bundan xabar topgan o‘quvchining ota-onasi huquq-tartibot idoralariga murojaat qilgan. Keyinroq sinf rahbari ham bu zo‘ravonlikni oqlab, butun sinf oldida bolani o‘qituvchidan kechirim so‘rashga majbur qilgani aytilmoqda.
Holatni Bolalar ombudsmani nazoratga olgan, Chilonzor tuman IIB tergovga qadar tekshiruv o‘tkazmoqda. Ko‘p o‘tmay, bu mushtumzo‘r o‘qituvchi hamkasbiga ham zo‘ravonlik qilgani ma’lum bo‘ldi. U yuqoridagi voqeaning ertasiga o‘zining qizi o‘qiydigan Yashnobod tumanidagi 204-maktabga borib, rahbariyat bilan tortishib qolgan va direktor o‘rinbosariga qo‘l ko‘targan. Janjal davomida Milliy gvardiya va ichki ishlar xodimlarining talablariga ham bo‘ysunmagan. Bu qilmishi uchun pedagog chorshanba kuni 7 sutkaga qamaldi. Chilonzordagi holat bo‘yicha, ya’ni o‘quvchini urgani uchun unga alohida jazo tayinlanishi kutilyapti.
Bu voqealar keng jamoatchilikning zo‘ravonlikni qoralashi va aybdorlar jazolanishi bilan yakun topishi mumkin edi, lekin masalaga umuman aloqasi bo‘lmagan Rossiya siyosatchilari va mediasi voqeaga xalqaro siyosiy tus berishga qaror qildi. Facebook foydalanuvchilaridan birining yozganlari ular uchun ayni muddao bo‘ldi. Keyinroq o‘chirib yuborilgan postda aytilishicha, o‘qituvchi rus tili darsini o‘zbek tilida olib borgan, darsni rus tilida o‘tishni so‘ragan o‘quvchini esa kaltaklagan. Post muallifiga ko‘ra, bolaning ota-onasi o‘qituvchi bilan telefon orqali gaplashishganida, u hech narsadan afsusda emasligini bildirib, “O‘zbekiston o‘zbeklar uchun, qolganlar ketaverishi mumkin”, degan mazmunda gapirgan.
Bu gaplar tez orada ko‘plab rus nashrlarining sarlavhalarida paydo bo‘ldi. Qator nashrlar voqeani bo‘rttirib, umuman boshqacha talqinda yoritdi. Masalan, Lenta.ru'ning yozishicha, go‘yoki o‘qituvchi o‘quvchini ruscha gapirgani uchun urgan. Life nashri esa “Nega O‘zbekistonda rusofobiya gullab-yashnayapti?” degan savolni o‘rtaga tashlaydi. RuNews24 axborot agentligi kaltaklangan bolaning millati haqida ma’lumotga ega bo‘lmay turib, “O‘zbekistonda rus bolalariga qo‘l ko‘tarilyapti” deb yozib chiqdi. Agentlik O‘zbekistondagi maktablarda “rusofobiya” darsi o‘tilyapti, deb da’vo qilishgacha borgan. “Rossotrudinchestvo” agentligi rahbari Yevgeniy Primakov holatni “bolaga nisbatan zo‘ravonlik va agressiya ko‘rinishida” namoyon bo‘lgan “qabih rusofobiya” deb atadi.
Rossiya tomonining yo‘q narsani bor deb ko‘rsatishi, albatta, Mariya Zaxarovaning ishtirokisiz to‘kis bo‘lmasdi. RF Tashqi ishlar vazirligi so‘zchisi bayonot berib, O‘zbekiston tomonidan rasmiy tushuntirish berish so‘ralganini ma’lum qildi. Vazirlik O‘zbekistonning RFdagi elchisiga taqdimnoma kiritgan. Bu esa yana o‘zbek jamoatchiligining qonini qaynatdi: O‘zbekistonda, O‘zbekiston fuqarolari ishtirokida ro‘y berayotgan holat bo‘yicha nega endi Rossiyaga izoh berishimiz kerak?
Qonunchilik palatasi spikeri o‘rinbosari Alisher Qodirov Rossiya tomonining izoh so‘rashi suveren davlatning ichki ishlariga aralashish ekanini aytib, ularga o‘zlarining yurtidagi “to‘lib yotgan muammolar bilan shug‘ullanish”ni tavsiya qildi. Respublika Ma’naviyat va marifat markazi direktori Otabek Hasanov holatni “milliy nizo uyg‘otishga urinish” deb baholadi. Yozuvchilar uyushmasi raisining birinchi o‘rinbosari Minhojiddin Mirzoning so‘zlariga ko‘ra, Mariya Zaxarova O‘zbekistondan kechirim so‘rashi, Rossiya Tashqi ishlar vazirligi esa bunday hurmatsizlik uchun tushuntirish berishi kerak.
“Nima, ular haligacha O‘zbekistonni ham o‘zining guberniyasi deb hisoblamoqdami yo andishaning otini qo‘rqoq deb o‘ylashyaptimi? Bir necha rasmiy, norasmiy shaxslari suverenitetimizni shubhaga oldi, tariximizni kamsitdi, vazmin munosabat bildirdik. Migrantlarni bilgan ko‘yiga solyapti. Indamagan sayin borgan sari haddidan oshishyapti”, – deya yozdi Minhojiddin Mirzo.
Bu gaplarga javoban, Rossiya parlamenti yuqori palatasining xalqaro masalalar qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Andrey Klimov O‘zbekistonga Ukrainaning taqdirini eslatdi. “Bitta mamlakat bor edi, o‘zini uzoq vaqt davomida shunaqa tutgandi. Hozir bu mamlakat ancha og‘ir ahvolda”, – dedi rossiyalik senator. Uning bu tahdidi ham javobsiz qolmadi. “Ukraina misolida qo‘rqitish Keosyanda rangliroq chiqayotgandi, hamma ishni ustalari qilgani ma’qul”, deya Klimovning gaplariga munosabat bildirdi Alisher Qodirov. “Klimov Andrey, kompas olib, sha’malaringiz bilan to‘rt tomonga yo‘l olishingiz mumkin”, deb yozdi boshqa bir deputat Bobur Bekmurodov.
O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidovning so‘zlariga ko‘ra, u juma kuni Nyu-Yorkda rossiyalik hamkasbi Sergey Lavrov bilan uchrashuvda davlatlar bir-birlarining ichki ishlariga aralashmaslik tamoyiligi amal qilishi muhimligini ta’kidlagan.
Chorvoqqa yo‘l pulli bo‘ladimi?
Yangi qurilajak Toshkent–Samarqand magistral yo‘li O‘zbekistondagi birinchi pulli yo‘l bo‘lmasligi mumkin. Chunki bu yo‘l to qurib bitkazilguncha, rasmiylar davlatga tegishli tap-tayyor yo‘llardan birini xususiy kompaniyaga berib, undan yurishni pulli deb e’lon qilishmoqchi. Ularning rejasi amalga oshsa, Toshkentdan Chorvoqqa borishda soliq to‘lovchilar hisobidan qurilgan yo‘l uchun pul to‘lashga to‘g‘ri keladi.
Gap Bektemir – Chirchiq – G‘azalkent – Chorbog‘ avtomobil yo‘lining 6−77-kilometrlar oralig‘idagi qismi haqida ketyapti. Iqtisodiyot va moliya vazirligining xabar berishicha, yo‘lni asfalt-beton qoplama bilan rekonstruksiya qilib, pulli yo‘lga o‘tkazish loyihasi ko‘rib chiqilyapti. 20 sentabr kuni bu masalada Turkiyaning Onur Group kompaniyasi vakillari bilan muzokara o‘tkazilgan. Muzokara yakunida loyihani amalga oshirish bo‘yicha tegishli hujjatlarni tayyorlash va keyingi qadamlarni belgilab olish yuzasidan kelishuvga erishilgan.
O‘zbekistonda pulli yo‘llar to‘g‘risida hali qonun qabul qilinmagan. Mart oyida e’lon qilingan qonun loyihasida, pulli yo‘llar biror manzilga eltadigan bepul yo‘l mavjud bo‘lgan holatdagina, unga muqobil tarzda qurilishi ko‘zda tutilgan. Avtomobil yo‘llari qo‘mitasi raisi Jamshid Tursunov esa Bo‘stonliqqa olib boradigan yo‘lning pulli deb e’lon qilinishini bu prinsipga zid emas deb hisoblamoqda. “Bugungi kunda Toshkent–Bo‘stonliq yo‘lida muqobillik asosida boriladigan bir emas, ikkita yo‘l bor”, – degan Tursunov Gazeta.uz'ga bergan izohida.
Eslatib o‘tamiz, poytaxtdan Samarqand va Andijonga pulli yo‘llar qurilishi haqida 7 yildan beri aytib kelinadi. Bu borada berilgan topshiriqlarning ko‘pi bajarilmagan, belgilangan muddatlar o‘tib ketgan. Yaqinda chiqqan qarorga asosan, Toshkent–Samarqand pulli yo‘lini qurish bo‘yicha pudratchilar o‘rtasida tanlov sentabr oyi oxirigacha e’lon qilinishi kerak edi. Oy deyarli tugaganidan kelib chiqsak, bu topshiriq ham vaqtida bajarilmasligi haqiqatga yaqin.
Qurilish sohasida eskrou tizimi joriy etiladi
O‘zbekistonda hali qurib bitkazilgan ko‘p qavatli uylardan xonadon sotib olish bo‘yicha kafolatli eskrou tizimi joriy etiladi. Bu haqda prezident Shavkat Mirziyoyev qurilish sohasi bo‘yicha o‘tkazilgan selektorda aytib o‘tdi.
Ma’lum qilinishicha, eskrou tizimida quruvchi uylar sotuvini tashkil qilish bo‘yicha banklar bilan shartnoma tuzadi, bu uylarni olmoqchi bo‘lgan odamlar pulini quruvchiga emas, to‘g‘ridan to‘g‘ri bankka topshiradi. Banklar esa quruvchi va xaridor o‘rtasida ishonchli ko‘prik vazifasini bajarib, yig‘ilgan pulni quruvchiga resurs sifatida beradi. Yangi tizim kelasi yil Samarqand shahrida va Toshkentning Yangihayot, Sergeli tumanlarida tajribadan o‘tkazilishi kutilmoqda.
Taklif etilayotgan tizim jahon tajribasida bor. Eskrou hali bitmagan uydan kvartira olayotgan xaridorlarning pullari himoyasini kafolatlaydi. Lekin bu kafolat tekin emas: quruvchi uchun qo‘shimcha xarajatlar yuzaga kelishi qurilish tannarxini oshiradi. Bu esa uy-joyning har bir metr kvadrat narxiga ta’sir qiladi. Qolaversa, quruvchi kompaniyaga biror kor-hol bo‘lganda, xaridor o‘z pullarini yuz foiz qaytarib olgan taqdirda ham, bu pullar inflatsiya hisobiga endi avvalgi qiymatiga teng bo‘lmasligini ham yodda tutish kerak.
Albatta, bu kabi nyuanslar eskrou tizimining zaruratini kamaytirmaydi. Firibgarlik qilgan, uyni o‘z vaqtidan kechiktirib, sifatsiz topshirayotgan quruvchilar juda ko‘p. Oxirgi misollarga qarasak, o‘tgan hafta Kun.uz Olmazor tumanidagi “Smart Houses” nomli kompaniya rahbari odamlardan qochib yurgani, kompaniyaning o‘zi esa bankrot deb e’lon qilingani haqida yozgandi. Bu hafta esa Chilonzorda “dom” qurmoqchi bo‘lgan “Komgul” nomli firma rahbarlari ustidan tergov ketayotgani ma’lum bo‘ldi. Ular firibgarlik va pora berishda gumonlanmoqda.
Hukumat havo ifloslanishiga qarshi qanday kurashmoqchi?
Isitish mavsumi boshlanishi arafasida, havo sifatini yaxshilash bo‘yicha prezident qarori imzolandi. Unga ko‘ra, kelgusi 1 yil ichida Toshkent shahriga tutash tumanlardagi ko‘mirda ishlaydigan 1200 dan issiqxonalarga chang-gaz filtrlari o‘rnatiladi. Buning uchun issiqxona xo‘jaliklariga subsidiya ajratiladi. 2030 yildan boshlab esa, poytaxt va uning atrofida joylashgan issiqlik markazlari va elektr stansiyalarida mazutdan foydalanish taqiqlanadi.
Hujjat bilan, shuningdek, Ai-80 benzinidan foydalanishni taqiqlash keyinroqqa qoldirildi. Yil boshida, havo sifati trenddagi mavzu bo‘lib turganida, bu masalani 2025 yildan uzil-kesil hal qilish topshirig‘i berilgandi. Yangi qarorga ko‘ra, “Yevro-4” standartidan past ekologik toifadagi motor yoqilg‘isidan foydalanish va sotishni bosqichma-bosqich cheklash 2028 yildan boshlanadi.
Qarorda yozilishicha, kelasi yili havo ifloslanishini monitoring qilish uchun respublika bo‘yicha 347 ta kichik stansiya o‘rnatilishi, 2026 yilda esa Toshkent ko‘chalarida havo sifatini ko‘rsatib turuvchi monitor va tablolar ishga tushirilishi kerak. 2030 yilgacha Toshkent shahri va uning atrofida jami 441 gektarlik “yashil belbog‘” va “yashil bog‘lar” tashkil qilinishi kutilmoqda. 2025-2028 yillarda qurilish bo‘layotgan joylardan chang ko‘tarilishiga barham berish, kuchli chang bo‘ronlarini hozirgiga nisbatan 50 foizga kamaytirish vazifasi qo‘yildi.
Bu maqsadlarga erishish uchun 4 yil muddat yetarli bo‘ladimi – buni vaqt ko‘rsatadi. Ayni paytda, kelajak rejalarni belgilash bilan birga, shu paytgacha qilingan ishlarni reviziya qilish ham katta ahamiyatga ega. Birgina misol – Kun.uz shu hafta Samarqand tumanidan e’lon qilgan reportajdagi holat. Ma’lum bo‘lishicha, oxirgi bir yil ichida xalqaro tashkilotlar bilan birgalikda tashkil etilgan ikkita bog‘ qarovsiz qolib ketgan, minglab qimmatbaho daraxt ko‘chatlari hashakdek qurib yotibdi.
Bu hafta yana nimalar ro‘y berdi?
25 sentabr holatiga, 90 foizdan ortiq fermer paxta narxining ma’muriy yo‘l bilan pasaytirilishiga rozi bo‘lib, qo‘shimcha shartnoma imzolagan. Bu haqda ma’lum qilgan Qishloq xo‘jaligi vazirligi o‘z bayonotida fermerlarni bunga majburlayotgan mas’ullarni mutlaqo qoralamagani e’tiborga molik. Ayni paytda, rasmiylar kelasi yil hosili uchun ham yana klasterlar manfaati haqida ko‘proq qayg‘uryapti. Xususan, Qashqadaryoda paxta xaridi bo‘yicha kelasi yilgi narxni ham 6800 so‘mdan oshirmaslik bo‘yicha topshiriq berilgan.
Kun.uz Boysundan navbatdagi reportajini e’lon qildi. U yerda hamon oltingugurt hididan odamlarning qon bosimi ko‘tarilyapti, maktabdan qaytishda bolalarning zaharlanib, yiqilib qolishi holatlari kuzatilmoqda. Aholi vakillari M25 konini burg‘ulayotgan Eriell kompaniyasidan kompensatsiya berishni so‘rayapti. Hafta davomida mas’ullardan biror yangilik bo‘lgani yo‘q. Prokuratura va ekologiya organiga o‘xshab “o‘rganish o‘tkazilyapti” degan tashkilotlar qatoriga o‘tgan hafta oxirida tog‘-kon inspeksiyasi ham qo‘shildi. Inspeksiyaning Kun.uz so‘roviga javoban ma’lum qilishicha, Boysundagi konda mehnat sharoitlari va xavfsizlik qoidalariga amal qilingani tekshirilmoqda.
Professional ta’lim tizimi faqat texnikumlardan iborat bo‘ladigan bo‘ldi. Prezident huzuridagi yig‘ilishda ma’lum qilinishicha, hozir respublika bo‘yicha 333 ta kasb-hunar maktabi, 227 ta texnikum va 112 ta kollej bor. Ularning negizida 600 ta texnikum tashkil etilib, qolgan 71 ta muassasa binosi umumta’lim maktablariga aylantiriladi. Texnikumlarga qisman akademik mustaqillik berilishi aytilmoqda. 14 ta texnikumda Angliyaning “BTEC” dasturi joriy etilib, bitiruvchilarga 70 ta davlatda tan olinadigan diplom beriladi. Natijaga qarab, bu tajriba boshqa texnikumlarga ham tatbiq etilishi mumkin.
Qoidabuzarligi bilan maqtanib, jamoatchilik nafratiga duchor bo‘lganlar qatoridan olimpiada chempioni Asadxo‘ja Mo‘ydinxo‘jayev ham joy oldi. Bokschi Toshkent markazidagi tor ko‘chalarning birida prezident sovg‘a qilgan Tahoe mashinasini 110 km/soat tezlikkacha olib chiqib, buning videosini Instagram'iga joyladi. Mas’ullar uni 3 mln so‘m jarimaga tortdi xolos. Yoshlarga yomon o‘rnak bo‘lgan Asadxo‘ja qilmishi uchun chegirma bilan hisoblaganda 1,5 mln so‘m to‘lasa kifoya.
5 va undan ortiq qo‘pol qoidabuzarlik sodir etgan haydovchilar bilan “mahalla yettiligi” shug‘ullanyapti. Bu haqda Senat yalpi majlisida Yo‘l harakati xavfsizligi xizmati boshlig‘i Sherzod Ibragimov ma’lum qildi. U jarima ballari, haydovchilik guvohnomasini olib qo‘yish, avtomobilni musodara qilish kabi normal va samarali institutsional mexanizmlar haqida og‘iz ochmadi, senatorlar ham bu haqda so‘rashgani yo‘q. Shunisi aniqki, bunday choralarsiz, Ibragimov aytayotgan “mahalla yettiligi”ning shug‘ullanishi befoyda. Chunki qoidalarga tupurib qo‘yganlarning mahalla idorasiga ham, undagi yettilikka ham tupurib qo‘ygan joyi bor.
Mavzuga oid
20:00 / 16.11.2024
Piskentdagi ko‘rgilik, panel importiga cheklov va Yevropani yoritadigan O‘zbekiston - hafta dayjesti
20:00 / 09.11.2024
Mashina importiga yangi to‘siq, ikki karra qimmatlagan propan va “zamhokim”ga 2 mln $ pora - hafta dayjesti
21:45 / 02.11.2024
Yo‘llardagi qoidabuzarliklar uchun yangi jarimalar, ochilgan «is gazi mavsumi» va saylov yakunlari - hafta dayjesti
21:48 / 26.10.2024