O‘zbekiston | 12:55 / 24.02.2022
10079
2 daqiqa o‘qiladi

Shavkat Mirziyoyev Qoraqalpog‘istonda shamol elektrstansiyasi qurilishiga tamal toshi qo‘ydi

Davlat rahbari Shavkat Mirziyoyev 24 fevral kuni Qoraqalpog‘iston Respublikasining Beruniy tumanida quvvati 100 MVt bo‘lgan shamol elektrstansiyasi qurilishiga tamal toshi qo‘ydi. Bu haqda Kun.uz muxbiri xabar bermoqda.

Foto: Times

Shamol elektrstansiyasi 80 gektar yerda bunyod etiladi. Boshlang‘ich tahlillarni amalga oshirish uchun 1 678 gektar yer maydoni zaxiraga olingan. Mazkur elektrstansiya 2024 yilda ish boshlashi belgilangan. Loyiha to‘liq ishga tushgach yiliga 350 million kilovatt-soat elektr energiyasi ishlab chiqariladi. 120 mingdan ortiq xonadon elektr energiyasi bilan ta’minlanadi.

Stansiya ishga tushirilishi natijasida yiliga 106 million kub metr tabiiy gaz tejalib, atmosferaga 160 ming tonna zararli chiqindilar chiqishi oldi olinadi. Ushbu hajmdagi tejalgan gaz bilan 35 mingta xonadonni bir yil davomida tabiiy gaz bilan ta’minlash mumkin. 

Stansiya qurilishida 400 nafar ishchi-xodim faoliyat yuritadi va stansiya ishga tushgach, 100 ta yangi ish o‘rni yaratiladi. Loyihaning umumiy qiymati 108 million dollarni tashkil etdi.

"Mana shunday ko‘p milliard dollarlik loyihalar misolida O‘zbekistonga, bizga ishonch ko‘rinadi. Men xorijiy hamkorlarimizga minnatdorlik bildiraman, ular O‘zbekistonni o‘z uylariday bilib, bizning kelajagimizga ishonib, shuncha investitsiya kirityaptilar", – dedi prezident tadbir chog‘ida.

Ma’lumot uchun, “ACWA Power” kompaniyasi hozirda O‘zbekistonda 4 ta loyiha amalga oshirmoqda. 

Eslatib o‘tamiz, shamol elektrstansiyasini barpo etish uchun Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki texnik ko‘magida xalqaro tender e’lon qilingan edi. Tenderda o‘ndan ortiq nufuzli xalqaro kompaniyalar ishtirok etdi. Yakunda  Saudiya Arabistonining “ACWA Power” kompaniyasi 1 kilovatt soat elektr energiyasi uchun 2,57 AQSh senti tarif taklifi bilan g‘olib deb topilgan.
Unga ko‘ra, ““ACWA Power” kompaniyasi hududda 100 MVt quvvatli yangi shamol elektrstansiyasini quradi. 
Qurilish jarayonida 1 000 ta va stansiya ishga tushirilgandan so‘ng doimiy 50 ta ish o‘rni yaratiladi.

Mavzuga oid