Qoraqalpog‘istonda Temur Panayev asos solgan korxonada 50 ga yaqin sut mahsulotlari va 20 dan ortiq xildagi pishloqlar ishlab chiqariladi. Yevropadan olib kelingan nasldor chorva mollari kuniga 25 litrgacha, echki va qo‘ylar esa 4-5 litrgacha sut beradi. Ayni vaqtda korxona Innovatsion rivojlanish agentligi bilan hamkorlikda vaksina olgan sigirlar sutidan koronavirusga qarshi immunli sut mahsulotlari ishlab chiqarishni boshladi.
2016 yil Nukus shahrida sut mahsulotlarini ishlab chiqaruvchi “Panaev farms” korxonasi o‘z faoliyatini boshladi. O‘z sulolaning yosh vakili, korxona rahbari Temur Panayev Italiya va Yevropaning boshqa davlatlarida bo‘lib, chorvachilik va sut mahsulotlarini ishlab chiqarish bilan bog‘liq tajribalarni o‘rganib qaytgan. Bugunga kelib, korxonaning Yevropadan olib kelingan qimmat sigirlar, qo‘y va echkilarga ega o‘z fermasi ham bor. Korxona tabiiy sutdan o‘nlab mahsulotlar ishlab chiqarmoqda.

“Bu sohaga qiziqib qolishimga dadam sababchi bo‘lgan. Meni Italiyaga olib borganlarida har xil firmalarni, sutni qayta ishlovchi korxonalarni ko‘rib, o‘shalarga havas uyg‘ongan. U yerda hurmatli kishi sanalar ekan fermerlar. Italiyada pishloq ishlab chiqaradigan korxonada bir oy oddiy ishchi bo‘lib ishlaganman, maqsad texnologiyani o‘rganish, ish bilan tanishish edi. Endilikda o‘zimiz 20-25 xildagi pishloq mahsulotlarini ishlab chiqaramiz. Birinchi boshlagan paytimizda 3-4 xil mahsulot ishlab chiqarganmiz, hozir esa umumiy 50 xildagi sut mahsulotlari ishlab chiqaramiz.

2016 yilda o‘zimiz firma qurdik. 2017 yilda Germaniyadan 60 bosh qoramol olib keldik, shundan boshlab ko‘paytirib, rivojlantirib kelyapmiz. 2018 yillardan echki va qo‘ylarga ham qiziqib boshladik. Prezidentimiz Nukusdagi uchrashuvda dadamga shuni tavsiya qilgandi. Hozir xalq shunga o‘rgangan, echkilar 4-5 litrgacha sut beradi.
Germaniyadan olib kelgan mollarimizning har birini 2500 yevrodan olganmiz. Borib o‘zimiz tanladik va eng yaxshilarini saralashga harakat qildik. Tanlash juda qiyin bo‘lmadi, chunki u yerda mollarning zoti, qaysi sigirdan tug‘ilgani — barchasi raqamlashtirilgan holda hisob-kitob qilinadi. Olib kelgan mollarimiz 20-22 litr sut beradi, lekin Germaniyaning o‘zida 30-35 litr sut beradi. Chunki ularda ozuqa bazasi yaxshi, bizda esa ancha muammoli bu, yerlarimiz sho‘rlagan, qurg‘oqchilik bo‘ladi.




















