08:45 / 28.02.2022
1514

Qoraqalpog‘istonda 9 bosh yovvoyi to‘ng‘izni otib o‘ldirgan ovchilar nega topilmayapti?

Foto: ekologuz

14 fevral kuni Qoraqalpog‘istonda ovchilar 9 bosh yovvoyi to‘ng‘izni otib o‘ldirgani haqida xabar bergandik. Mana oradan 14 kun o‘tishiga qaramay ovchilar haliyam topilmadi.

Ekologiya bo‘yicha yangiliklarni berib boruvchi ekologuz kanalida davlat raqami 95 J 020 DA bo‘lgan mashina egalari (ovchilar) Qoraqalpog‘iston Respublikasi hududida 9 bosh yovvoyi to‘ng‘izlarni ovlagani aks etgan surat tarqaldi.

Suratda ovchilarning yuzi ham aniq ko‘rsatilgan. Rasmga olgan shaxsni qo‘shib hisoblaganda 3 nafar ovchi 9 bosh yovvoyi to‘ng‘izlarni ovlagan bo‘lishi mumkin.

Holat haqida ma’lumotlar tarqalgandan bir kun o‘tib, 15 fevral kuni Qoraqalpog‘iston Ekoqo‘mitasi rasmiy munosabat bildirdi. Unda aytilishicha, holat bo‘yicha o‘sha vaqtda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Ekologiya qo‘mitasining Nazorat inspeksiyasi tomonidan o‘rganish ishlari olib borilgan.

Qoraqalpog‘iston Ekoqo‘mitasi matbuot xizmati holat to‘liq o‘rganilib, to‘liq ma’lumot berilishini qo‘shimcha qilgan.

Vaziyatga oydinlik kiritish uchun Kun.uz muxbiri Qoraqalpog‘iston Ekoqo‘mitasi matbuot xizmati bilan bog‘landi. Qo‘mita matbuot kotibi IIV va Yo‘l xavfsizlik boshqarmasi, Ovchilar jamiyatiga xat chiqarilgani, shularning javob xatlari asosida to‘liq ma’lumot berilishini ma’lum qildi.

Oradan ikki haftadan ziyod vaqt o‘tgan bo‘lsa ham ovchilarning shaxsi, voqea qayerda sodir bo‘lgani haqida hozircha qo‘shimcha rasmiy ma’lumotlar berilmayapti. Shuni ta’kidlash joiz, ijtimoiy tarmoqda tarqalgan suratda ovchilaring yuzi va ular foydalangan mashina raqami aniq ko‘ringan. Kun.uz’ga ma’lum bo‘lishicha, ovchilarning biri IIB xodimi.

Kun.uz jarayonni kuzatib boradi va rasmiylardan holat haqida batafsil ma’lumot kutadi.

Mavzuga oid
Top