Jamiyat | 16:06 / 06.05.2022
46995
14 daqiqa o‘qiladi

Nega ko‘pkari mumkin-u, xo‘roz urishtirish mumkin emas? - mutaxassislar izohi

Samarqand shahrida ochilgan xo‘roz arenasida o‘tkazilgan reyd muhokamalarga sabab bo‘ldi. Reydda IIB va DXX xodimlari maxsus niqoblarda xonadonga kirib, qimor tashkilotchisini qo‘lga olgan, u arenaga kirish uchun 220 kishidan 30 ming so‘mdan pul olgani aytilmoqda. Kun.uz muxbiri mavzu yuzasidan samarqandlik faol, IIB matbuot kotibi va huquqshunos bilan suhbatlashdi.

Foto: Getty Images

Samarqand shahrida, fuqaro xo‘roz urushtirish uchun o‘z uyida ochgan arenada tezkor tadbir o‘tkazildi. Viloyat IIB va DXX xodimlari o‘tkazgan tadbirda arenaga kirish uchun 220 kishining har biridan 30 ming so‘mdan pul olgan bir guruh shaxslar qo‘lga olindi.

Viloyat IIB xabariga ko‘ra, bu shaxslar tomonidan qimorga tikilgan qariyb 2 mln so‘m pul ashyoviy dalil sifatida hujjatlashtirib olingan. Ma’lum qilinishicha, arena 2016 yilda ochilgan, 2020 yildan “Samarqand milliy an’ana” oilaviy korxonasi sifatida faoliyat olib borgan.

O‘yinlar davomida tashkilotchi, pul yig‘uvchi (kassir), pullik xizmatchi, ish yurituvchi va qo‘riqchi faoliyat ko‘rsatgan. Tashkilotchi qamoqqa olinib, tergov boshlangan.

Bu tezkor tadbir muhokamalarga sabab bo‘lgach, Kun.uz muxbiri yozuvchi Karimberdi To‘ramurod, Samarqand viloyati IIBB matbuot kotibi Jahongir Sa’dullayev va huquqshunos-bloger Xushnudbek Xudoyberdiyevning fikrlari bilan qiziqdi.

— Karimberdi aka, siz shu viloyatda yashaysiz, bu lavhani ham ko‘rgan bo‘lishingiz kerak. Mulohazalaringiz bilan o‘rtoqlashsangiz.

Karimberdi To‘ramurod
Foto: Facebook

— Ochig‘i, men shokdaman! Javobim kulgili tuyilmasin. Bir necha xo‘rozni ushlash uchun ichki ishlar qo‘shinlari, terrorizmga qarshi kurash bo‘limi hamda DXX jangchilari jalb etilgan!

Bir narsaga hayronman: Nega shunday olamshumul operatsiyaga Samarqand garnizoni harbiylari, ayniqsa, Samarqanddagi tank qo‘shinlari jalb qilinmadi?

Musodara qilingan xo‘rozlarning taqdirini taxmin qilyapman, ammo qo‘lga kiritilgan juda ko‘p miqdordagi pullarning: hazilmi, naqd 1 million 995 ming so‘mning (!) taqdiridan xavotirdaman! Qiziq, tepada sanalgan idoralarga bu operatsiya qanchaga tushdi ekan? Qo‘lga kiritilgan xo‘rozlar va pullar bu xarajatlarni qoplarmikan?

Eng qizig‘i, uyida “xo‘rozlar jangi”dek taqiqlangan va qonli tomosha ko‘rsatiladigan amfiteatr qurgan odam o‘sha hudud uchastka nozirining qo‘shnisi ekani aytilmoqda. Savollar tug‘iladi-da: Ko‘zi ojiz odamni qanday qilib “uchastkavoy”likka qo‘yishgan? Ko‘zi ko‘r bo‘lmasa, nega shuncha vaqt arenani ko‘rmagan?

Bir filmda aytilganidek: “Savol berish oson, ammo javob berish qiyin”. Masalan, Samarqand viloyat IIB 4-5 ta xo‘rozni O‘Z KUChI BILAN tutolmasmidi?

Bor-yo‘g‘i xo‘roz urishtiruvchilar yig‘ilgan joyga shuncha maskadagi qora kiyimlilar bostirib borishi shartmidi? Axir men o‘sha yerda bo‘lsam, aniq yuragim yorilib o‘lardim. Bo‘g‘oz ayol bo‘lsa, aniq bola tashlardi. Agar IIB 4-5 ta xo‘rozni ushlashga kuchi yetmasa, IIB safiga xo‘roz tuta oladigan 5-6 sinf bolalarini olishlari shart!

— Jahongir, Samarqand viloyati ichki ishlar xodimlari tomonidan uyushtirilgan xo‘rozbozlarga qarshi reydga nima uchun DXX vakillari ham jalb qilingan? Taqiqlangan bo‘lsa ham azaldan bo‘lgan milliy o‘yinda qanday milliy tahdid bor?

Samarqand viloyati IIBB matbuot kotibi Jahongir Sa’dullayev

— Mavzu muhokamasiga o‘tishdan oldin bir fikr bersam. Qimorning yakuni falokat yoki o‘lim bo‘lgan berk ko‘cha. Barchamiz ichimizda o‘zimizga savol beraylik, siz shu kabi joylarga farzandingizning borishini yoki qatnashishini istarmidingiz?

Savolga kelsak, bilasizmi, fuqarolar xavfsizligi, yurt osoyishtaligini ta’minlash, jinoyatchilikning oldini olishda hamkorlik, o‘zaro ma’lumot almashish muhim omil hisoblanadi. Shu sabab Samarqand viloyati hududida o‘tkaziladigan tezkor tadbirlar, profilaktik tadbirlar yoki reydlar faqatgina bir tashkilot, ya’ni IIB tomonidan emas, balki viloyatdagi huquqni muhofaza qiluvchi organlar hamkorligida o‘tkazib kelinadi. Bu yerda faqatgina xo‘rozbozlar emas, rasmiy sahifalarimizni kuzatsangiz, deyarli barcha tadbirlarimiz DXX yoki prokuratura organlari bilan hamkorlikda o‘tkaziladi. Aynan xo‘rozga urg‘u berish xato deb o‘ylayman. Hattoki tungi va kunduzgi reydlarimiz ham hamkorlikdagi rejalar asosida o‘tkaziladi.

Qanday tahdid bor deganingizga kelsak, har bir jinoyat bu jamiyat uchun, fuqarolar uchun tahdid. Biz shu tahdidlarning oldini olish yoki ularga barham berishga mas’ulmiz. Bu ayrimlar uchun bir qarashda kulgili yoki oddiy holat kabi ko‘rinsa-da, bu kabi qimorxonalarni jamiyat uchun juda xavfli deb hisoblayman. Sababi bu kabi qimorxonalar aniqlangandan so‘ng, u yerda 300 dan hatto 1000 ga yaqin odamlar borligi, achinarlisi ular orasida balog‘atga yetmaganlar ham mavjudligi ma’lum bo‘ladi. Yoshligidan hayvonni qiynalishi uchun pul tikadigan boladan katta bo‘lganda nima kutish mumkin?

Ko‘pincha qimorxonalarda tezkor ma’lumotlar bazalarida ro‘yxatda turgan, qidiruvdagi shaxslar, jinoyat sodir etishga moyil fuqarolar ham aniqlanadi. Ularni tekshirish davomida haqiqatan ham qidiruvdagilar, yonida giyohvand moddalar, o‘tkir tig‘li jismlar saqlab yurganlar aniqlanib, sodir etilishi mumkin bo‘lgan bir qator jinoyatlarning oldi olinadi.

Misol tariqasida aytishim mumkin, 2021 yilda viloyat hududida jami 10 ta qimorxona tashkil etish bilan bog‘liq jinoiy faktlar aniqlangan bo‘lib, shundan 3 ta holatda xo‘roz urishtirish arenasi tashkil etish orqali qimorxona faoliyati yo‘lga qo‘yilgan. Endi e’tibor bering, shu arenalarda 1000 ga yaqin, aniq aytadigan bo‘lsak, 987 nafar fuqaro aniqlanib, ulardan 44 ta o‘tkir tig‘li jism, 145 gramm har xil turdagi giyohvandlik moddalari hujjatlashtirib olingan. Masalan, 2021 yil 8 fevral kuni Kattaqo‘rg‘on shahrida yirik qimorxona faoliyatiga chek qo‘yilgan. Unda 3 nafar fuqaroning cho‘ntaklaridan marixuana giyohvandlik moddalari borligi aniqlanib, rasmiylashtirib olingan.

“Milliy xalq o‘yinlari” niqobi ostida o‘rtaga pul tikib parranda va hayvonlarni urishtiruvchi fuqarolarning borligi achinarli. Bunday hollarda ularning maqsadi hayvonlarga shafqatsizlarcha muomalada bo‘lib, ko‘proq moddiy boylik orttirishni ko‘zda tutadi. Hatto, hayvonlarni o‘lgunga qadar urishtirish turlari ham bor. IIB va DXX hamkorligida o‘tkazilgan ushbu tadbirdagi holat azaliy milliy o‘yinlarimizdan farq qiladi, milliy o‘yin va qimorxona tashkil qilishni o‘zaro farqlay bilishimiz lozim. Biz o‘tkazgan ushbu tadbirda fuqaro uyida tashkil qilgan xo‘roz arenasiga kiruvchilardan 25-30 ming so‘mdan pul olgan. O‘yinlar davomida tashkilotchi, “cho‘tal” yig‘uvchi, ya’ni kassir, kunlik xizmatchi, ish yurituvchi va qo‘riqchilar ham faoliyat yuritgan. Ushbu qimorxona tashkilotchisiga nisbatan Jinoyat kodeksining 278-moddasi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

— Xushnudbek, huquqshunos sifatida aytsangiz, nima uchun ko‘pkari milliy o‘yin, qadriyat sifatida ulug‘lanadi-yu, xo‘roz urishtirish ta’qib qilinadi?

Xushnudbek Xudoyberdiyev
Foto: Facebook

— Javoblarimni umumlashtirishga harakat qilaman, chunki buning sabablari ko‘p hamda o‘yinlarning tarixiy ildizi va milliy qadriyatlarga bog‘liq. Boshqa tomondan bu ikki tadbirning o‘tkazilish formati ham muhim. Tarixiy ildizlarga qarasak, azal-azaldan ot yigitning yo‘ldoshi bo‘lgan. Otda chopish, chavandozlik, epchillik kabi xislatlar bilan birga afsonalarda ham ular yonma-yon kelgan. Alpomish, Go‘ro‘g‘li yoki Ravshanning otini misol qilib keltirsak bo‘ladi. Diyorimizda erkak kishining xo‘rozi bo‘lsin degan naql yo‘q. Lekin yigit kishining oti bo‘lsin, ot minishni bilsin, degan qarashlar bor.

O‘tkazilish formati – eng nozik qismi. Xo‘roz urishtirish – bu qimor. Bu yerda insonlarning sog‘ligi, jasurligi ahamiyatga ega emas. Chunki bunda odamlarning o‘zi ishtirok etmaydi. Jonzotlarni jangga tayyorlashadi va ularni urishtirib qo‘yib, hamma tomosha qiladi. Buning ortida esa qimor yotadi, ya’ni pul tikiladi. Xo‘roz urishtirish sport emas.

Ko‘pkarida o‘rtaga sovrin musobaqa tashkilotchilari tomonidan yoki to‘yda bo‘lsa, to‘y egalari tomonidan qo‘yiladi. Bunda qimor aralashmaydi, unda qatnashish uchun badal puli to‘lamaysiz. Stavka qilinmaydi. Stavka qiladiganlar ham bordir. Lekin azaldan bu narsa bo‘lmagan, chavandozlar, polvonlar halollik ramzi bo‘lib kelgan. Shuning uchun unga qimor aralashmagan. Xo‘roz urishtirish esa qimor. Bu jinoiy nuqtayi nazaridan ham tasdiqlangan.

Nega ichki ishlar xo‘roz urishtirilayotgan joyga borib hammani ushlaydi-yu, ko‘pkarida bunday qilmaydi? Chunki birinchisi yaqqol qimor. Ko‘pkari esa sport musobaqasi. Ko‘pkari insonlarni, chavandozlarni sog‘lom turmush tarziga chorlaydi. Albatta, bu xavfli, jarohat olishi mumkin. Lekin xavf nuqtayi nazaridan istalgan yakkakurash bahslarida jarohat olish holatlari bo‘ladi. Bu yerda yigit kishining jasurligi yotadi. Xo‘roz urishtirishda siz nimjon va hech qachon sport bilan shug‘ullanmagan bo‘lishingiz va shu xo‘roz urishtirish – qimor ortidan pul topib yurishingiz mumkin. Mana shular menimcha xalqimizda ikki holatga turlicha munosabatni shakllantirgan bo‘lsa kerak.

Qonun nuqtayi nazaridan bu aniq, muhokamaga hojat ham yo‘q. Ko‘pkari qimor emas, lekin unda ham qimor qilish mumkin. Ammo biz bilgan ko‘pkarilarda qimor alomatlari yo‘q. Xo‘roz urishtirish esa qimor, unda stavka qilinadi va buning qonunchilikda javobgarligi ham aniq.

— Jahongir, Karimberdi aka aytganidek, yuzlab kishining bir davra atrofida birlashib xo‘roz urishtirishidan nafaqat o‘sha hudud “uchastkovoyi”, balki kattaroq rahbarlar ham boxabar bo‘lmasliklari ilojsiz. Nega lavhada faqat xo‘rozbozlarga nisbatan choralar haqida gap ketadi-da, ichki ishlar xodimlariga qo‘llangan choralar haqida gap-so‘z yo‘q?

– To‘g‘ri aytasiz. Bu kabi faktlarni ijtimoiy tarmoqlarda yoritgan vaqtimizda tarmoqdagilar tomonidan “nahotki shu qimorxonani profilaktika inspektori ko‘rmagan bo‘lsa” yoki “u ham xayrixoh” deb, fikrlar bildiriladi. Jinoyatlarni shartli ravishda sodir etilganidan so‘ng fosh etiladigan (bosqinchilik, qotillik, o‘g‘rilik va boshqalar) va tashabbus bilan aniqlanadigan kabi turlarga ajratadigan bo‘lsak, yuqoridagi kabi tadbirlarimizning aksariyati aynan profilaktika inspektorlarining ma’lumotlari asosida o‘tkaziladi. Xuddi shunday, biz muhokama qilayotgan tadbir ham hudud profilaktika inspektorining xabari asosida o‘tkazilgan.

Bu turdagi jinoyatlar bevosita ichki ishlar organlarining tashabbusi bilan aniqlanadigan jinoyatlar sirasiga kiradi. Agar profilaktika inspektorining hududida oldi olinishi mumkin bo‘lgan turdagi jinoyatlar sodir etilsa, albatta xizmat tekshiruvi tayinlanib, uning harakati yoki harakatsizligiga huquqiy baho berilib, shaxsiy tarkib o‘rtasida muhokama qilinadi. Yoki tizimimizdagi shaxsiy xavfsizlik xodimlari tomonidan bu kabi holatlarga xodimlarning aloqadorligi, xayrixohligi aniqlansa, tezkor tadbir o‘tkazilib, xodimlarning harakatlariga baho beriladi.

Misol tariqasida, o‘tgan yili mahallasida oldini olish mumkin bo‘lgan jinoyatlarning profilaktikasini yetarli darajada olib bormagan ko‘plab profilaktika inspektorlari intizomiy jazolangan, lekin qimorxona tashkil qilish, fohishaxona saqlash, umuman “qanotim ostiga olaman”, “krishovat qilaman” degan holatlar aniqlanmagan. Ya’ni o‘tkaziladigan har bir tezkor tadbir oldidan u to‘g‘risida obdon ma’lumotlar olinadi, tahlil qilinadi, tadbir tayyorlanadi. Xodimmi yoki boshqa tashkilotlar amaldorlarimi bu ishlarga aloqadorligi shu vaqtning o‘zida yuzaga chiqadi va aloqadorlar ham chetda qolib ketmaydi. Qonun ustuvor, jazo muqarrar.

So‘zimni yakunida feysbukdagi sahifamga ushbu tadbir lavhasini qo‘yganimda ko‘zga ko‘ringan, jamiyat hayotida faol bo‘lgan, ortida minglab muxlislari bo‘lgan bir yozuvchining ushbu jinoyatga e’tiborsizlarcha munosabatda bo‘lib, go‘yoki arzimas, kam ahamiyatli qilmish sifatida baholashi mening qalbimni junbushga soldi.

Hozirgi zamon bizni sodir etilgan har qanday g‘ayriijtimoiy harakat yoki jinoyatga (uning og‘irlik darajasidan qat’i nazar) favqulodda holat sifatida munosabatda bo‘lishimizni talab etadi. Kim uchundir arzimas ko‘ringan mazkur jinoyatlarni o‘z vaqtida barvaqt oldi olinib, ildiziga bolta urilmas ekan, kelgusida turli o‘ta og‘ir uyushgan jinoyatlarning bolalashi uchun zamin yaratadi.

Islom dini qimorni qattiq qoralagani va yuqoridagi fikrlarimiz “xo‘roz urishtirish arenasi” (qimorxona)ni kulgu va arzimas hodisaga yo‘yayotganlarning fikrlariga, bu mavzudagi bahslarga nuqta qo‘yadi deb umid qilaman.

Abror Zohidov suhbatlashdi.

Mavzuga oid