O‘zbekiston | 13:00 / 24.05.2022
2475
4 daqiqa o‘qiladi

Birja Savdo sanoat palatasi xodimlari uchun o‘quv seminarlarini boshladi

Foto: Uzeks matbuot xizmati

17 may kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining O‘zbekiston Respublika tovar-xomashyo birjasida savdolarni ko‘paytirish, mahalliy korxonalar ishtirokini kengaytirishga bag‘ishlangan yig‘ilishi o‘tkazildi.

Majlisda ta’kidlanganidek, birja savdolari erkin raqobatni shakllantiradi, tadbirkorlarga yangi bozorlarni ochadi, «yashirin iqtisodiyot» va korrupsiyani keskin kamaytiradi.

Shu bois, birjada o‘z mahsulotini olib chiqadigan mahalliy tadbirkorlar sonini kamida 2 baravarga, mahsulotlar turini esa 5 baravarga oshirish bo‘yicha vazifalari belgilandi.

Foto: Uzeks matbuot xizmati

Xususan, mahalliy mahsulotlarni birjaga olib chiqish tuman darajasiga tushirish bo‘yicha yangi tizim yaratiladi. Buning uchun O‘zbekiston Savdo sanoat palatasi bilan birgalikda birjaning qo‘shimcha savdo maydonchalari ochiladi.

Tumanlardagi mahalliy tadbirkor va fermerlar birjaning mana shu savdo maydonchalari orqali ro‘yxatdan o‘tkaziladi, ularga brokerlar biriktiriladi va ularning mahsulotlari hech qanday cheklovlarsiz ochiq birja savdolariga qo‘yiladi va ular orqali sotiladi.

Shu munosabat bilan, tumanlarda savdo maydonchalarini ochish va ularning xodimlarini o‘qitish maqsadida O‘zbekiston Respublika tovar-xomashyo birjasi Savdo sanoat palatasi bo‘linmalarining xodimlari uchun maxsus o‘quv seminarlarini o‘tkazishni boshladi. Bir hafta davomida Savdo sanoat palatasining 200 dan ziyod xodimini o‘qitish rejalashtirilgan.

Foto: Uzeks matbuot xizmati

Seminarlarning o‘quv dasturi birja faoliyatining huquqiy asoslari, birja savdolari va kliring qoidalari, birja komissiyalari, brokerlik faoliyati va tashqi savdo operatsiyalari kabi mavzulardan iborat.

Tadbirlar ishtirokchilariga mijozlarni birjada ro‘yxatdan o‘tkazish, ularga brokerlik xizmatlarini ko‘rsatish va mahsulotlarni birja savdolari orqali sotish tartiblari o‘rgatilmoqda va ular uchun amaliy mashg‘ulotlar o‘tkazilmoqda.

Foto: Uzeks matbuot xizmati

Seminarlar davomida mavzular tinglovchilar tomonidan yetarli darajada o‘zlashtirilishi hamda ularni savdo maydonchalar va brokerlik idoralarini ochish talablariga muvofiqligini aniqlash maqsadida oraliq va yakuniy test sinovlari ham o‘tkazilmoqda.

O‘tkazilgan test sinovlari natijalariga ko‘ra o‘quv seminarlarini muvaffaqiyatli yakunlaganlarga birjaning savdo maydonchasi akkreditatsiyadan o‘tgani to‘g‘risida sertifikatlar topshirilmoqda.

Ya’ni ayni paytda O‘zbekiston Respublika tovar-xomashyo birjasining 300 dan ziyod savdo maydonchalari respublikamizning deyarli barcha tumanlarida o‘z faoliyatini yuritayotgan bo‘lsa, mazkur seminarlardan so‘ng ularning soni sezilarli darajada ko‘payadi va fermerlarni qamrab olish imkoniyati yanada kengayadi.

Foto: Uzeks matbuot xizmati

Bir vaqtning o‘zida, g‘allachilik sohasida kutilayotgan yangiliklarning mazmun-mohiyati hamda birja savdolarida ishtirok etish tartibini tushuntirish maqsadida respublikamizning barcha hududlarida O‘zbekiston Respublika tovar-xomashyo birjasi tomonidan fermer va klasterlar uchun maxsus uyushtirilayotgan o‘quv seminarlari ham davom etmoqda.

Shuning bilan birgalikda birja savdo maydonchalari orqali fermer va klasterlarni akkreditatsiyadan o‘tkazish jarayonlari ham amalga oshirilmoqda.

Uzeks matbuot xizmati Ⓣ

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish