Aktyor Rey Liotta vafot etdi
Hollivudning taniqli aktyori, Martin Skorsezening «Dongdor yigitlar» filmida nyu-yorklik gangster Genri Hill obrazini yaratib, dunyo miqyosida tanilgan Rey Liotta 67 yoshida vafot etdi.
Liotta uyqudaligida vafot etgan, uning o‘limi sabablari hozircha xabar qilinmagan. Uning vakili bergan ma’lumotga ko‘ra, u bu vaqtda «Xavfli suvlar» filmi s’yomkasida ishtirok etish uchun Dominikan respublikasida bo‘lib turgandi.
Liottaga ilk mashhurlikni 1986 yilda qora komediya janridagi «Yovvoyi narsa» (Something Wild) filmi keltirgan. Sobiq mahbus Rey Sinkler roli uchun u «Oltin globus»ga nomzod bo‘lgan. Shundan keyin, 1988 yilda Liotta «Dominik va Yudjin» filmida rol ijro etgan.
Ammo uning faoliyatidagi haqiqiy ko‘tarilish Skorsezening 1990 yilda katta ekranlarga chiqqan «Dongdor yigitlar» filmidagi ishtiroki bo‘ladi, bu film kinematografiya tarixidagi eng muvaffaqiyatli filmlardan sanalib, gangsterlar haqidagi kinolar uchun «oltin standart»ga aylanadi - klassik «Cho‘qintirgan ota» va «Bir kuni Amerikada...» filmlari qatorida.
«Dongdor yigitlar»da Liotta Robert de Niro, Pol Sorvino va Jo Peshi kabi yulduzlar bilan birga o‘ynaydi, bu lenta beshta yo‘nalishda «Oskar»ga nomzod bo‘lgan. Uning ijrosidagi Genri Hillning «Men esimni taniganimdan buyon gangster bo‘lishni xohlaganman» iborasi esa - kino tarixidagi eng yodda qolarli iqtiboslardan biri bo‘lib qoladi.
Liotta hozirgi kunga qadar aktyorlik faoliyatini davom ettirayotgandi. Yaqinda u Elizabet Benks «Kokain ayig‘i» filmida suratga tushish ishlarini yakunlagandi.
O‘tgan yilda Liotta «Soprano klani» serialiga sikvelda va «Nyuarkning muqaddas avliyolari»da suratga tushdi. Unga serialning originalida ishtirok etish bo‘yicha ham taklif bo‘lgan, ammo u rad etgan.
2016 yilda Liotta Tim Bertonning Betmen haqidagi filmida bosh rolni ijro etish (1989 yilda chiqqan) imkoniyatini qo‘ldan boy berganiga afsuslanishini tan olgandi.
2022 yil oxirlarida u Demi Mur va Margaret Kuelli bilan «Modda» filmida suratga tushishi rejalashtirilgandi.