Hapkido – kuch, energiya va ahillikda birlashish
Taekvondo va dzyudodan keyin uchinchi o‘rinda turadigan sport turi qaysi ekanini bilasizmi? Bu sport turi hapkido deb nomlanadi. Hapkido – hozirgi mavjud jang san’atlarining eng samarali usullarini o‘zida mujassam etgan koreys jang san’atidir.
Hapkido (koreyscha birlashish, kuch, energiya) jismoniy va ruhiy chidamlilikni oshirishda muhim rol o‘ynaydi. Janubiy Koreyada mazkur sport turi bilan shug‘ullanuvchilar soni taekvondo va dzyudodan keyin uchinchi o‘rinda tursa-da, nisbatan yosh jang san’ati hisoblanadi.
Ushbu sport turida anatomik nuqtalar ustida ishlashga katta e’tibor beriladi. Hapkido – bu qo‘llar, oyoqlar, tirsaklar, tizzalar, bosh, ochiq va yopiq kaftlar, barmoqlar, burmalar, og‘riqli tutqichlar, otishlar kabi zarba berishning keng usullarini o‘z ichiga olgan jang turi hisoblanadi.
Hapkido O‘zbekistonda ham ommalashtirilmoqda
Hozirgi kunda O‘zbekiston Hapkido federatsiyasi faoliyat yuritmoqda. 2022 yil 1-2 iyul kunlari Farg‘ona viloyatida hapkido sport tyri bo‘yicha kattalar, yoshlar va o‘smirlar o‘rtasida Osiyo chempionati bo‘lib o‘tadi.
2022 yil 14 iyun kuni bosh vazirning birinchi o‘rinbosari tomonidan o‘tkazilgan yig‘ilishda Osiyo chempionatini o‘tkazishga tayyorgarlik ko‘rish va uni yuqori saviyada o‘tkazish masalasi muhokama qilindi.
Hapkido har qanday sharoitda dushman bilan haqiqiy jangovar ta’sirga kirisha olishi bilan ahamiyatli. Bu uning o‘ziga xos xususiyatidir.
Aynan maxsus qo‘llaniladigan texnikalarning yuqori samaradorligi tufayli hapkido nafaqat Koreyada, balki dunyoning ko‘plab davlatlarida armiya, politsiya va turli huquq-tartibot idoralari maxsus bo‘linmalari xodimlarini tayyorlashda qo‘llaniladi.
O‘zining va raqibning kuchini boshqarish texnikasi
Hapkidoda hujum qilayotgan, qurollangan shaxsga yoki bir nechta raqibga qarshi o‘zini o‘zi himoya qilish texnikasi ham, hujum qilish texnikasi ham teng ravishda o‘rgatib boriladi. Bunda hujum qilayotgan raqibning kuchi kerakli tomonga yo‘naltiriladi, so‘ngra qarshi hujumga o‘tiladi. Ushbu jang san’atining bir nechta turlari va uslublari mavjud. Hapkidoning asosi – o‘zining va raqibning kuchini boshqarish texnikasidir.
Hapkidoda turli xil qurollardan foydalanish usullarini ham o‘rganadilar. Hapkidoda pichoq, qilich, kalta tayoq va shunga o‘xshash boshqa qurollar ishlatiladi. Asosiy qurollardan tashqari, hapkidoning har bir maktabida o‘ziga xos bo‘lgan boshqa qurol turlaridan ham foydalanadi.
Hapkido jang san’atida nafas olish va meditatsiya texnikasi ham muhim rol o‘ynaydi.
Nafas olish va xotirjamlikni saqlash hapkido jangida juda kerakli element hisoblanadi. Nafas olish va meditatsiya texnikasini rivojlantirishda Shin Muning hissasi katta deb aytishimiz mumkin.
Hapkido asoschisi kim?
Hapkido asoschisi koreyalik murabbiy Choy Yong Sul hisoblanadi. U uzoq vaqt davomida yaponiyalik ayki-jutsu ustasi Daito Ryu Sokaku Takedaning shogirdlaridan biri bo‘lgan. Usta Choy Yaponiyadan Koreyaga qaytib kelgach, o‘z tajribasini shogirdlariga o‘rgata boshladi. Bu Daito-ryu aiki-jutsu va an’anaviy koreys oyoq jangi texnikasining (subak) sintezi edi. Ustoz Choy bu tizimning birinchi versiyalarini “yu-kvon-sul”, keyin “xo-sin-sul”, hatto keyinroq “bi-sul” deb atagan.
Choy Yong Sul Hapkido bilan shug‘ullanadigan odam doimiy ravishda o‘z ustida ishlashi, ma’lum axloqiy fazilatlarni rivojlantirishi kerak, deb hisoblardi. Uning fikricha, axloqiy fazilatlarsiz shaxsga jang san’atini o‘rgatish ayanchli oqibatlarga olib kelishi mumkin.
Hapkido sportchisi uchun 10 ta qat’iy qoida
Usta Choy har bir Hapkido sportchisi qat’iy rioya qilishi kerak bo‘lgan 10 ta qoidani ishlab chiqqan:
1. hapkido bilan shug‘ullanadiganlar o‘z atrofidagi barcha tabiat ne’matlari energiya manbayi ekanini unutmasligi;
2. tanasida osmon va yerning energiyasini jamlash qoidalariga rioya qilishi;
3. o‘z jismoniy va axloqiy fazilatlarini mukammal tarzda o‘stirib borishi;
4. jangda tabiatning energiyasi 8 yo‘nalishda ishlatilishi;
5. faqat o‘zini himoya qilish imkoniyati mavjudligini his qilishi;
6. o‘z mamlakati va butun insoniyat farovonligi haqida bir xil darajada qayg‘urishi;
7. tartib va jamoat axloqini hurmat qilishi;
8. boshqaning shaxsiyatini hurmat qilishi va uning xatti-harakatlarini mensimasdan harakat qilmasligi;
9. har bir usul eng mukammal darajada bajarilishi;
10. boshqa barcha jang san’atlarini hurmat qilishi lozim.
Takomillashgan Hapkido
Hapkido jang san’ati rivojlanishi davomida ba’zi boshqa elementlar ham qo‘shilib, bugungi mukammal darajada shakllandi.
Hapkidoning bizgacha yetib kelgan shakli ustoz Choyning shogirdlari tomonidan rivojlantirilgan. Ular Hapkidoga Daito-ryu aiki-jutsuda – mavjud bo‘lmagan ayrim texnikalarni qo‘shgan. Bu texnikalarga koreyscha an’anaviy kuchli zarba texnikasi, koreys jang san’atiga xos qurollar bilan harakatlanish texnikalarini misol qilib keltirishimiz mumkin.
Koreys jang san’atining “hapkido” deb nomlanishi ustoz Choyning shogirdlaridan biri Chi Xanjye nomi bilan bog‘liq. Chunki bu nom aynan Chi Xanjaye tomonidan taklif qilingan.
Bugungi kunda usta Chi Xanjye o‘zi yaratgan hapkido uslubi – Shinmu Hapkidoga rahbarlik qiladi.
Eng yirik hapkido federatsiyasi – Koreya Hapkido federatsiyasi bo‘lib, uning bosh qarorgohi Seul shahrida joylashgan. Ikkinchi yirik tashkilot – Xalqaro Hapkido Federatsiyasi hisoblanadi.
Hapkidoni o‘zlashtirishning o‘z bosqichlari mavjud bo‘lib, boshlang‘ichlar uchun “kyp”, hapkido ustasi uchun esa “tan” darajasi beriladi.
Hapkido ustasi darajasining bosiqichlari 1 tandan boshlanib, 9 tan bilan tugaydi. Tarixda 10 tan darajasini olgan birinchi shaxs Choy Yong Sul hisoblanadi. Shuningdek, usta Choyning boshqa shogirdlarining ba’zilari ham 10 tan darajasiga chiqqan.
Odatda hapkido shartli ravishda qattiq va yumshoq deb ataladigan ikkita uslubga bo‘linadi. Ularning asoschilari grossmeyster Choy Yong Sulning ikki shogirdi – Chi Xanjaye va Myung Jyengam hisoblanadi.
Bugungi kunda dunyoda qattiq hapkido deb ataladigan ko‘plab tashkilotlar mavjud. Shinmu Hapkido uslubi Chi Xanjaye Koreyada o‘rgatgan Hapkido texnikasiga asoslangan.
Usta Myung Jyengamning yumshoq hapkidosi bilan hozirda Koreyaning Xalqaro Hapkido Federatsiyasi, Global Hapkido Federatsiyasi, Butunjahon Hapkido Federatsiyasi kabi hapkido federatsiyalari shug‘ullanadi.
Hapkidoning bu yo‘nalishi asosini 12 ta asosiy harakat tashkil etib, 12 ta xarakterli hapkido texnikasi bo‘lib, ular alohida va biridan ikkinchisiga o‘tishlari mumkin.
Dilfuza Ergasheva,
jurnalist