Jahon | 14:43 / 17.06.2022
13988
4 daqiqa o‘qiladi

Rossiyaga qarshi sanksiyalar Markaziy Osiyodan bo‘lgan migrantlarga kuchli ta’sir ko‘rsatdi 

Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishi oqibatlarini nafaqat bu ikki davlat, balki iqtisodiyoti asosan Rossiya iqtisodiyotiga bog‘liq bo‘lgan Markaziy Osiyo davlatlari ham sezmoqda. Bu haqda Xalqaro migratsiya tashkiloti (XMT) xabar berdi.

Foto: Kun.uz

Rossiyada mehnat qilayotgan muhojirlarning pul o‘tkazmalari Markaziy Osiyo mamlakatlari yalpi ichki mahsulotining 30 foizini tashkil qilgan. Bugungi kunda ularning ko‘pchiligi vatanga qaytmoqda, qolganlarining pul jo‘natmalari esa kamayib bormoqda.

Rossiyada Markaziy Osiyodan to‘rt millionga yaqin muhojir mehnat qiladi: bir millioni Tojikistondan, xuddi shunchasi Qirg‘izistondan, ikki millionga yaqini O‘zbekistondan va 200 ming nafari Qozog‘istondan. Ular asosan qurilish, transport, qishloq xo‘jaligi va xizmat ko‘rsatish sohalarida hamda nisbatan yuqori malaka talab qilinadigan ayrim sohalarda ishlaydi.

XMT ma’lumotlariga ko‘ra, Ukrainaga qilingan hujumdan so‘ng Rossiyaga qarshi javob chorasi sifatida kiritilgan sanksiyalar Rossiya iqtisodiyoti va mehnat bozoriga jiddiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin. Gap ikki millionga yaqin ish o‘rinlarining yo‘qolishi va ishsizlikning 4,4 foizdan 7,8 foizga o‘sishi haqida ketyapti. Rossiya iqtisodiyotining tanazzulga uchrashi esa u yerda mehnat qilayotgan muhojirlarning daromadiga va shunga mos ravishda o‘z mamlakatlaridagi iqtisodiy vaziyatga ham ta’sir qilishi muqarrar.

«Rossiyadan pul o‘tkazmalarining keskin kamayishi, shubhasiz, pul o‘tkazmalariga tayanadigan mamlakatlar iqtisodiyotiga salbiy ta’sir ko‘rsatadi. Aksariyat muhojirlar hozircha Rossiyada qolish istagini bildirishgan, ammo agar iqtisodiyot yomonlashsa, ko‘proq odamlar uylariga qaytadi», - deydi XMTning Venadagi mintaqaviy vakolatxonasi direktori Renate Xeld. 

XMT ma’lumotlariga ko‘ra, joriy yilning birinchi choragida tojikistonlik 60 ming, o‘zbekistonlik 133 ming muhojir Rossiyadan vataniga qaytib ketgan. 

Muammo ko‘lamini tushunish uchun raqamlarga e’tibor qaratish taklif etilgan: 2020 yilda mehnat muhojirlarining Qirg‘iziston va Tojikistonga o‘tkazgan pul o‘tkazmalari ushbu davlatlarning har biri yalpi ichki mahsulotining mos ravishda 31 va 27 foizini tashkil qilgan. O‘tkazmalarning katta qismi aynan Rossiyadan bo‘lgan. Umumiy tarix, geografik yaqinlik, tilni bilish, soddalashtirilgan ma’muriy tartiblar - bularning barchasi Rossiyani Markaziy Osiyodan kelgan mehnat muhojirlari ko‘z o‘ngida jozibador davlatga aylantirgan.

Jahon banki prognozlariga ko‘ra, joriy yilda Rossiyadan pul o‘tkazmalari keskin qisqaradi: Qozog‘istonga 17 foizga, O‘zbekistonga 21 foizga, Tojikistonga 22 foizga va Qirg‘izistonga 33 foizga.

Bu ko‘rsatkichlar ortida ko‘plab oilalarning qashshoqlashishi tahdidi turibdi. O‘z yaqinlariga pul o‘tkazmalari yuborgan migrantlarning aksariyati odatda kam ta’minlangan oilalar, ko‘pincha qishloq joylardan kelganlardir. Masalan, Qirg‘izistonda 2019 yilda pul o‘tkazmalari hisobiga qashshoqlik darajasi 31,2 foizdan 20,1 foizga kamaydi. Bugungi kunda Jahon banki Qirg‘iziston uchun qashshoqlik darajasi 38 foizgacha oshishini bashorat qilmoqda.

XMT prognozlar o‘zgarishi mumkinligini ta’kidladi. Masalan, joriy yilning mart oyida Qirg‘izistonga pul o‘tkazmalari hajmi o‘tgan yilning mart oyiga nisbatan taxminiy ravishda 28 foizga kamaygan. Shu bilan birga, aprel oyida O‘zbekistondan kelgan muhojirlar o‘z vatanlariga rekord miqdorda — 1,07 milliard dollar jo‘natgan, bu bir yil avvalgidan deyarli ikki barobar ko‘p. Biroq O‘zbekiston Markaziy banki pul o‘tkazmalari 18-25 foizga qisqarishini taxmin qilmoqda. XMT muhojirlar oqimi va pul o‘tkazmalarini muntazam ravishda kuzatib borish hamda qaytgan muhojirlar va ularning yaqinlarini qo‘llab-quvvatlash zarurligini ta’kidlaydi. 

Mavzuga oid