O‘zbekiston | 14:50 / 30.06.2022
28546
2 daqiqa o‘qiladi

Navoiyda O‘zbekistondagi eng yirik neft va bitum koni topildi 

“Sanoat Energetika Guruhi” va “Kontiki-Exploration” kompaniyasi tomonidan O‘zbekistondagi eng yirik neft va bitum koni topildi. 

Foto: AP

Energetika vazirligi xabariga ko‘ra, “Sanoat Energetika Guruhi” (SEG) “Kontiki-Exploration” kompaniyasi bilan birgalikda Navoiy viloyati Zarafshon tubsizligida O‘zbekistondagi eng yirik o‘ta yopishqoq neft va bitum – “Yangi O‘zbekiston” konini topdi. Kon Markaziy Osiyodagi eng yuqori texnologiyali konlardan biriga aylanadi.  

“Yangi O‘zbekiston” koni bitumli neft zaxiralari taxminan 100 million tonnaga baholanmoqda. Bitumli neft qazib olish maksimal yillik darajasi 2025 yilga borib 1 million tonnani tashkil etadi. Bitumli neft qazib olish darajasini ta’minlash uchun yiliga 1500 ta quduq qazish rejalashtirilgan. Keyingi 12 yilda konni o‘zlashtirishga 2,5 milliard dollar miqdorida sarmoya kiritilishi taxmin qilinmoqda.

Loyihani amalga oshirishning boshlanishi 2021 yil 15 mayiga to‘g‘ri kelib, bunda ushbu muddatda birinchi qidiruv qudug‘ini burg‘ilash boshlangan. Burg‘ilash ishlari Samarqand va Navoiy viloyatlari chegarasida olib borilmoqda, baholash va o‘zlashtirish quduqlari chuqurligi 400 metrdan 750 metrgacha. Burg‘ilash jarayonida “alb”, “senoman” va “turon” davrlariga oid shag‘altosh va qumtosh qatlamlari topilgan. Ularning barchasi neft, qo‘shimcha yopishqoq moy va bitum bilan to‘yingan.

Yuqori yopishqoqlik tufayli kon nafaqat O‘zbekiston, balki Markaziy Osiyo mintaqasidagi eng yuqori texnologiyali konlardan biriga aylanadi. SEG tomonidan uglevodorodlarni ishlab chiqarish uchun bir qator xalqaro neft konlari xizmatlarini ko‘rsatuvchi kompaniyalar loyihaga jalb qilingan, deyiladi xabarda.

Hozirda mahsuldor qalinliklarni aniqlash va bitum va neft konlarini aniqlash bo‘yicha qidiruv, qazib olish usulini aniqlash bo‘yicha tajriba-sinov ishlari olib borilmoqda.

Mavzuga oid