Jahon | 11:37 / 12.07.2022
17890
6 daqiqa o‘qiladi

Chasiv Yarga hujum. Xarobalar ostidan jasadlar chiqishi davom etmoqda

Donetsk oblastidagi Chasiv Yar shahrida besh qavatli uyga raketalar kelib tushishi oqibatida o‘nlab kishilar xarobalar ostida qolgan. Hozirgacha 33 kishining o‘limi tasdiqlangan. RF mudofaa vazirligi «natsionalistlar»ga zarba berilganini ma’lum qilgan.

Miguel Medina / AFP / Scanpix / LETA

9 iyul kuni kechqurun Donetsk oblastidagi Chasiv Yar shahrida ikkita besh qavatli uy hujumga uchragan. Bu haqda Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy va favqulodda vaziyatlar bo‘yicha davlat xizmati ma’lum qildi. Donetsk oblasti ma’muriyati rahbari Pavel Kirilenkoning so‘zlariga ko‘ra, uylardan birida ikki pod’yezd butkul qulab tushgan. O‘nlab kishilar xarobalar ostida qolib ketishgan. Qurbonlarning aniq soni ma’lum emas. So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, xarobalar ostidan 33 kishining jasadi olib chiqilgan (ular orasida bir bola bor), to‘qqiz kishi tirik holda topilgan.

Ukraina hukumati Chasiv Yarga berilgan zarbalarda rossiyalik harbiylarni ayblagan. Pavel Kirilenkoning so‘zlariga ko‘ra, rossiyaliklar shaharni «Uragan» baravar o‘t ochish reaktiv tizimidan o‘qqa tutishgan. O‘z navbatida, favqulodda holatlar bo‘yicha davlat xizmati va Ukraina qurolli kuchlari birlashgan kuchlari guruhi shahardagi aholi turar joylariga zarba «Iskander» raketa majmuasidan berilganini ma’lum qilgan.

«Bu raketa zarbasi edi. Bunday zarbalar yo‘llash uchun buyruq berayotganlar ongli ravishda qotillik qilishmoqda. Bunday zarbalardan keyin qotillar nimanidir bilishmagani yoki tushunishmagani haqida aytishga haqli emas», — degan Zelenskiy videomurojaatida va ukrain shaharlarini o‘qqa tutayotganlarning har biri topilishini va’da qilgan.

RF mudofaa vazirligi faqat ikki kun o‘tib Chasiv Yarga berilgan zarbani tasdiqladi va bu «natsionalistlarning yo‘q qilinishi» bo‘lganini ta’kidladi. Vazirlik 11 iyul kungi hisobotida «quruqlikda joylashtirilgan yuqori aniqlikdagi qurol bilan» ushbu aholi punktidagi Ukraina hududiy mudofaa kuchlarining 118-brigadasining vaqtinchalik joylashuv punkti yo‘q qilinganini ma’lum qiladi. «Zarba natijasida uch yuzdan ortiq natsionalist yo‘q qilindi», — deyiladi xabarda. Shu bilan birga, RF mudofaa vazirligi versiyasida zarba qachon berilganiga aniqlik kiritilmagan.

Rossiya propagandachilari yotoqxona hududida Ukraina harbiylari joylashganini iddao qilishmoqda. Xususan, bunday versiya taniqli kremlparast bloger Ribar va «Voyna s feykami» telegram-kanalida bildirilgan. Ular raketa ukrain harbiylari va xorijlik yollanma kuchlar joylashtirilgan yotoqxonaga borib tushganini ta’kidlashadi. Shu bilan birga, Ribarning versiyasiga ko‘ra, binoda baribir «ko‘chishdan bosh tortgan» tinch aholi vakillari ham qolgandi.

Ribar va «Voyna s feykami» o‘z versiyalariga dalil sifatida qutqaruvchilar xarobalar ostidan olib chiqqan «harbiy formadagi erkak» suratini keltirishadi. Suratda uning harbiyligini ko‘rsatadigan nishon yoki biror tanish belgilari yo‘q bo‘lgan yashil futbolkadagi kishini ko‘rish mumkin.

O‘z navbatida, Reuters muxbirlari ushbu uyda yashagan aholi vakillari bilan suhbatlashgan. «Biz yerto‘laga yugurdik, uchta zarba kelib tushdi, birinchisi (snaryad ) oshxonaga kelib urilgan», — degan agentlik suhbatdoshlaridan biri.

«Ikkinchisini (zarba qayerga tushganini) men hatto aniq eslay olmayman, yorqin chaqnash bo‘lgandi. Biz ikkinchi pod’yezd tomonga chopdik, keyin darhol yerto‘laga tushdik. U yerda butun tun davomida qoldik. Biz nima qilgandik? Bunday bo‘lishi uchun bizning odamlar ularga nima qilgandi? Zulmat edi, keyin barchasi birdan boshlandi», — deya hikoya qiladi Reuters muxbiriga 64 yoshli mahalliy aholi vakili Lyudmila.

RF mudofaa vazirligi hisobotlariga ko‘ra, iyul oyi boshidan buyon Chasiv Yar kamida uch bor o‘qqa tutilgan. Xususan, 2 iyul kuni kunduzi vazirlik shahar hududida «Ukraina qurolli kuchlari boshqaruv punkti yo‘q qilingani»ni xabar qilgan. 9 iyul kuni vazirlik «RF harbiy-kosmiy kuchlari yuqori aniqlikdagi qurol bilan» amerikaliklarning M777 gaubitsalari joylashtirilgan va «Donetskdagi kvartallarni o‘qqa tutib kelayotgan 30 nafarga yaqin ukrain jangarisi yo‘q qilingani» haqida axborot bergan. 9 iyul kuni kunduzi oblast ma’muriyati rahbari Chasiv Yardagi temiryo‘l stansiyasi zarbaga uchragani, natijada bir necha kishida yengil kontuziya kuzatilgani haqida ma’lumot berdi.

Chasiv Yarga zarbalar rossiyaliklarning Baxmut atrofidagi transport infratuzilmasini yo‘q qilishga qaratilgan sa’y-harakatlarining bir qismi bo‘lishi mumkin. Amerikadagi urushlarni tadqiq qilish instituti (ISW) mutaxassislari qayd etishicha, Rossiya kuchlari Baxmutdan g‘arbdagi hududlarga artilleriya va raketa zarbalarini kuchaytirgan.

Baxmutdan sharqda iyul oyi boshida Lisichanskdan olib chiqilgan ukrain qismlari yangi mudofaa chizig‘i tashkil etgan. Chasiv Yardan besh kilometr masofadan o‘tgan T0504 trassasi Baxmutni Ukraina nazoratidagi hududlar bilan bog‘laydi. O‘z navbatida, Chasiv Yar temiryo‘l stansiyasi — Donbass, Zaporijjya, Xarkiv va Dnipro oblastlariga xizmat qiluvchi Donetsk temiryo‘lining bir qismi hisoblanadi.

Азиз Қаршиев
Tayyorlagan Азиз Қаршиев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid