O‘zbekiston | 13:27 / 20.07.2022
7212
3 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda bir milliondan ortiq abituriyentning test topshirishi kutilmoqda

Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat test markazi jamoatchilik kengashining yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

Foto: Kun.uz

O‘zA xabariga ko‘ra, 2022/2023 o‘quv yiliga oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga kirish uchun onlayn ro‘yxatdan o‘tish jarayonida yuqorida ko‘rsatilgan oliy ta’lim muassasalarini tanlagan abituriyentlarga chet tili fanidan kasbiy (ijodiy) kirish imtihonlarini topshirishi uchun ro‘yxatdan o‘tish jarayoni 20 iyundan 17 iyulga qadar davom etdi. 

Hozirgi kunda yuqorida nomi keltirilgan oliy ta’lim dargohlarini tanlagan abituriyentlarga chet tili fanidan kasbiy (ijodiy) kirish imtihonlarini topshirish uchun respublika bo‘yicha 74 ta auditoriya belgilangan talablar asosida tayyorlanib, 1 smenada 1957 nafar abituriyentning chet tili fanidan kasbiy(ijodiy) imtihon topshirish imkoniyati paydo bo‘ldi.

Yig‘ilishda Davlat test markazi korrupsiyaga qarshi ichki nazorat tuzilmasi rahbarining hisoboti ham tinglandi. Tashkilotning korrupsiyaga qarshi ichki nazorat tizimini joriy etuvchi ko‘plab hujjatlar ishlab chiqilib, amaliyotga joriy etilmoqda. Tegishli tartibda ko‘plab chora-tadbirlar, ishlar olib borilmoqda. 

Yig‘ilishda 2022/2023 o‘quv yilida oliy ta’lim muassasalari bakalavriatiga o‘qishga qabul qilish bo‘yicha test jarayoniga tayyorgarlik bo‘yicha masalalar xususida ham atroflicha ma’lumotlar berildi. 

Jarayonga tayyorgarlik bo‘yicha 58 ta stadion va xiyobon reja-chizmalari ishlab chiqilib, hokimliklar tomonidan tasdiqlandi. Ularda test sinovlarini o‘tkazish oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga qabul qilish jarayonlarini muvofiqlashtirish bo‘yicha davlat komissiyasi tegishli bayoni bilan tasdiqlandi. Prognoz ko‘rsatkichlar bo‘yicha onlayn ro‘yxatdan o‘tuvchi abituriyentlar soni bu yil 1 million nafardan ortishi kutilmoqda.

Test sinovlariga jalb etiladigan nazoratchilar soni 3494 nafarni tashkil etmoqda. Test sinovlari o‘tkaziladigan kunlarda har bir abituriyent ruchka, ichimlik suvi va kepkalar bilan ta’minlanishi rejalashtirilgan. Abituriyentlar 2022/2023 o‘quv yilida oliy ta’lim muassasalari bakalavriatiga o‘qishga qabul qilish bo‘yicha DTM my.dtm.uz va YaIDXP my.gov.uz rasmiy saytlari orqali onlayn tarzda ro‘yxatdan o‘tishi bo‘yicha tegishli ishlar amalga oshirilmoqda.

Mavzuga oid