O‘zbekiston | 10:00 / 23.07.2022
8678
7 daqiqa o‘qiladi

“O‘zbekneftgaz”: Boshqaruv raisi boshchiligida “Sho‘rtan” konidagi shtabda geologiya-qidiruv ishlarini kengaytirish hamda uglevodorod qazib chiqarish hajmini oshirishga oid sayyor yig‘ilish o‘tkazildi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 2021 yil 25 dekabr kuni Qashqadaryo viloyatiga tashrifi davomida bergan topshiriqlarining ijrosini ta’minlash, respublika aholisi va iqtisodiyoti tarmoqlarining yoqilg‘i-energetika resurslariga bo‘lgan talabini qondirish maqsadida, “O‘zbekneftgaz” AJ Boshqaruv raisi Mehriddin Abdullayev boshchiligida neft va gaz geologiya-qidiruv ishlarini jadallashtirish maqsadida “Sho‘rtan” koni shtabida sayyor yig‘ilish o‘tkazildi.

Tadbirda “O‘zbekneftgaz” AJ, Davlat geologiya qo‘mitasi, “Schlumberger” xorijiy kompaniyasi, “O‘zlitineftgaz” AJ, “O‘zbekgeofizika” AJ, “IGIRNIGM” davlat muassasasining hamda joylardagi burg‘ilash, qazib chiqarish boshqarmalarining rahbar va mutaxassislari, geologlar, geofiziklar, muhandislar ishtirok etishdi.

Dastlab “O‘zbekneftgaz” AJ tomonidan 2022 yilning birinchi yarim yillikda bajarilgan neft va gaz geologiya-qidiruv ishlari, zaxiralarni ko‘paytirish, yangi maydonlarni burg‘ilashga kiritish hamda ularning kelgusi istiqbolli yo‘nalishlari, erishilgan natijalar, mavjud muammolar va ularning yechimlariga doir takliflar batafsil muhokama qilindi.

2022 yilning o‘tgan davrida “O‘zbekneftgaz” AJ bo‘yicha 920 kv.km atrofida 3D seysmik-qidiruv ishlari bajarildi, “Cho‘lliota”, “Yangi Alat”, “Manguberdi” va “Sharqiy Arslon” nomli yangi maydonlar burg‘ilashga kiritildi, shuningdek 59 ming metrdan ortiq burg‘ilash ishlari olib borildi. Natijada 9,25 mln shartli yoqilg‘i miqdordagi uglevodorod zaxiralari ko‘paytirilishiga erishildi.

Tadbirda 2022 yilda “O‘zbekneftgaz” AJ va Davlat geologiya qo‘mitasi hamkorligida amalga oshirilayotgan neft va gaz geologiya-qidiruv ishlari ko‘rib chiqildi.

Qo‘mita va uning tarkibidagi tashkilotlar bilan birga Respublikada neft va gaz geologiya-qidiruv ishlarini rivojlantirishning asosiy yo‘nalishi sifatida Qoraqalpog‘iston Republikasi hududi belgilab olinganligi, Ustyurt mintaqasida neft va gaz geologiya-qidiruv ishlari bo‘yicha yangi tadbirlarni loyihalashtirish va ularni maqsadli amalga oshirish, tabiiy gazning yangi konlarini ochish va qo‘shimcha zaxiralarini aniqlash eng ustuvor vazifa ekanligi qayd etildi.

Soha mutaxassislariga Ustyurt hududida neft va gaz geologiya-qidiruv ishlarini yanada jadallashtirish uchun qo‘shimcha – texnik quvvatlari yuqori burg‘ilash uskunalarini jalb qilish, regiondagi 5000 metrgacha chuqurlikdagi katta istiqbollarni o‘rganish hamda uglevodorod xomashyosi zaxiralarini keskin ko‘paytirish bo‘yicha aniq topshiriqlar berildi. Shuningdek Ustyurtda qo‘shimcha hududlarni o‘rganish va yangi maydonlarni topish, natijada respublika bo‘yicha neft va gazga istiqbolli strukturalar defitsitini bartaraf etish bo‘yicha tanqidiy muhokamalar bo‘lib o‘tdi.

Tadbir davomida Ustyurt hududining qo‘shimcha istiqbollarini o‘rganish maqsadida “Schlumberger” xorijiy kompaniyasi bilan o‘rnatilgan hamkorliklar asosida jamiyat bilan birgalikda amalga oshirilayotgan ishlar holati, olingan va erishilayotgan natijalarning samaradorligi ham o‘rganib chiqildi. Ushbu kompaniya bilan keyingi yillarda Muborak, Sho‘rtan va Gazli hududlari istiqbollarini baholash bo‘yicha hamkorlikni kengaytirish masalalari ko‘rib chiqildi. Modellashtirish markazi, neft va gaz qazib chiqarish boshqarmalari bosh geologlari va “Schlumberger” kompaniyasi mutaxassislari ishtirokida “Ishchi guruh” tashkil etilib, joylarga chiqqan holda ishlarni tashkil etish bo‘yicha vazifalar belgilab berildi.

Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining PQ-154-sonli qarori ijrosini ta’minlash maqsadida, Geologiya fanlari universitetida “O‘zbekneftgaz” AJ homiylik mablag‘lari hisobidan neft va gaz yo‘nalishida yangi laboratoriya tashkil qilish va uni 1,0 mln dollarlik 13 turdagi uskuna va laboratoriya jihozlari bilan ta’minlash masalalari qayta ko‘rib chiqildi.

Xarid qilish jarayonlarini jadallashtirish uchun “O‘zbekneftgaz” AJ tomonidan tegishli mutaxassislar jalb qilinishi va tegishli departamentlar kelishuvida qisqa muddatda texnik topshiriqlarni ishlab chiqish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.

Universitet va uning tarkibidagi institutlar bilan birgalikda 2022-2023 yillarda 19 ta ilmiy loyihalar bo‘yicha ishlarni tashkil qilish, ularda universitet o‘qituvchilari va talabalarning ishtiroki, kutilayotgan natijalar, ularning samaradorligi kabi masalalarga alohida e’tibor qaratilib, mas’ullarga zarur ko‘rsatmalar va jamiyatning geologiya-qidiruv ishlarini doimiy tahlil qilib borish, uglevodorod zaxiralarini o‘stirishga qaratilgan tavsiyalar taqdim etish topshiriqlari berildi.

Qarordagi topshiriqlar ijrosini bajarishni tezlashtirish maqsadida, “O‘zbekneftgaz” AJ, Davlat geologiya qo‘mitasi va uning tarkibidagi tashkilotlar xodimlaridan iborat qo‘shma “Ishchi guruh” tashkil qilinib, mas’ullarning vazifalari aniq belgilab berildi.

Tadbir davomida “O‘zbekneftgaz” AJ Boshqaruv raisi tomonidan burg‘ilash ishlarida hamda uglevodorod qazib chiqarish jarayonlarida yo‘l qo‘yilgan kamchiliklar tanqid ostiga olindi hamda tegishli rahbar va mutaxassislarga mavjud kamchiliklarni qisqa muddatda bartaraf etish, bugungi kundagi dunyodagi geosiyosiy holatni e’tiborga olgan holda material-texnik resurslar ta’minotini tezkor hal qilish, tadbirlar samaradorligini keskin oshirish bo‘yicha ham zarur ko‘rsatmalar berdi. Bundan tashqari, kelgusi besh yillikda “O‘zbekneftgaz” AJ rejalashtirilgan maqsadlarga erishish uchun Ustyurt va Hisor regionlarida investitsiya bloklarini ajratish zarurligi ta’kidlab o‘tildi.

Ta’kidlash kerakki, “O‘zbekneftgaz” AJ mutaxassislari yuqorida keltirilgan tadbirlarni samarali amalga oshirish orqali Respublika uglevodorod xomashyo bazasini mustahkamlash, uni kelgusida barqaror rivojlantirish, shuningdek aholi va iqtisodiyot tarmoqlarining yoqilg‘i-energetika resurslariga nisbatan talabini qondirishga xizmat qilish maqsad qilingan.

“O‘zbekneftgaz” AJ Matbuot xizmati 

Mavzuga oid