Jahon | 08:58 / 25.07.2022
10510
3 daqiqa o‘qiladi

Yaponiyada Sakuradzima stratovulqoni otila boshladi

Mamlakat janubidagi Sakuradzima stratovulqonining otilishi natijasida odamlarni evakuatsiya qilishni talab etuvchi xavfning beshinchi darajasi e’lon qilindi.

Foto: TWITTER/CIRCULOGLOBAL_I

Yaponiya janubidagi Kagosima prefekturasi, Kyusyu orolida joylashgan Sakuradzima stratovulqonining otilishi natijasida o‘nlab odamlar uylarini tark etishga majbur bo‘ldi. Yaponiya meteorologiya agentligi 24 iyul, yakshanba oqshomida evakuatsiyani talab qiluvchi beshinchi ogohlantirish darajasini e’lon qildi.

NHK telekanali vulqon krateridan qalin tutun chiqayotgani aks etgan kadrlarni namoyish etdi. Yaponiya bosh vaziri o‘rinbosari Yosixiko Isodzaki so‘zlariga ko‘ra, halok bo‘lganlar, jarohatlanganlar va vayronagarchiliklar haqida ma’lumotlar yo‘q. Yaponiya bosh vaziri Fumio Kisida hukumatga «zararning oldini olish uchun mahalliy munitsipalitet bilan yaqindan hamkorlik qilishni» topshirdi, dedi Isodzaki jurnalistlarga. 

Sakuradzima stratovulqoni tez-tez tutun va kul chiqaradi hamda sayyohlik uchun asosiy diqqatga sazovor joy hisoblanadi. Bu so‘nggi bir hafta ichida birinchi marta sodir bo‘layotgani yo‘q. Avvalgi otilish 17 iyul kuni kuzatilgan edi. 

Meteorologlarning ma’lumotlariga ko‘ra, kul kraterdan taxminan 2,5 kilometr masofaga tarqalgan, tutun esa taxminan 300 metr balandlikka ko‘tarilib, bulutlarga qo‘shilib ketgan. Meteorologlar Kagosima shahri tumanlari joylashgan kraterdan 3 kilometr radiusda yirik vulqon toshlari qulashi xavfi haqida ogohlantirmoqda. Bundan tashqari, piroklastik oqimning shakllanishi istisno qilinmayapti. 

Yaponiyada ko‘plab faol vulqonlar mavjud. Mamlakat Tinch okeanining olovli halqasida joylashgan bo‘lib, Tinch okeanining perimetri atrofida faol vulqonlarning aksariyati bor va dunyodagi eng ko‘p zilzilalar qayd etilgan hudud hisoblanadi. 

Sakuradzimado 1914 yilgacha orol edi. Keyinchalik lava oqimlari uni Kyusyu oroli Kagosima prefekturasidagi Osumi yarimoroli bilan bog‘ladi. 

Yaponiya oxirgi marta 2015 yilda Kagosima prefekturasida joylashgan Kutinoerabu orolida otilish sodir bo‘lganida vulqon tufayli evakuatsiya bo‘yicha yuqori ogohlantirish darajasini e’lon qilgan edi. 

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish