08:44 / 26.07.2022
6880

Axloqqa qarshi huquqbuzarliklar profilaktikasi faoliyatini tashkil etish tartibi e’lon qilindi

Foto: Kun.uz

Vazirlar Mahkamasining “Axloqqa qarshi huquqbuzarliklar profilaktikasini amalga oshirish tartibi to‘g‘risida”gi qarori loyihasi e’lon qilindi.

Axloqqa qarshi huquqbuzarliklar profilaktikasi faoliyatini tashkil etish tartibi to‘g‘risidagi nizomga ko‘ra, axloqqa qarshi huquqbuzarliklar profilaktikasi asosiy maqsadi ushbu huquqbuzarliklarning umumiy, maxsus, yakka tartibdagi va viktimologik profilaktikasini samarali tashkil etish, mazkur huquqbuzarliklar sodir etilishiga imkon berayotgan sabablar va shart-sharoitlarni aniqlash hamda ularni bartaraf etish choralarini ko‘rish, ushbu huquqbuzarliklarni sodir etgan (sodir etishga moyil bo‘lgan) shaxslarni aniqlash va ular bilan profilaktik ishlarni tizimli ravishda olib borilishini ta’minlashdan iborat.

Axloqqa qarshi huquqbuzarliklar profilaktikasi faoliyatini tashkil etish va muvofiqlashtirish huquqbuzarliklar profilaktikasini bevosita amalga oshiruvchi organlar va muassasalar tomonidan alohida vazifa yuklatilgan mas’ul xodimlar tomonidan amalga oshiriladi.

Axloqqa qarshi huquqbuzarliklar profilaktikasi faoliyatini tashkil etishga mas’ul xodimlarga quyidagi vazifalar yuklanadi:

  • mazkur yo‘nalishdagi faoliyatini amalga oshirish, tahlil qilish, umumlashtirish;
  • tahlillar asosida axloqqa qarshi huquqbuzarliklarni aniqlashga, ularning sodir etilishiga imkon berayotgan sabablar va shart-sharoitlarni bartaraf qilishga qaratilgan chora-tadbirlarni amalga oshirish bo‘yicha takliflar kiritish;
  • axloqqa qarshi huquqbuzarliklar profilaktikasini tashkil etishda hamkorlikni mustahkamlash choralarini ko‘rish;
  • xavfli guruhga mansub bo‘lgan shaxslarning hisobini yuritish;
  • aholi o‘rtasida axloqiy-ma’naviy buzuqlikni targ‘ib etuvchi, zo‘ravonlik va shafqatsizlikka o‘rgatuvchi, keng ommaning fikrini zaharlovchi barcha omillarni o‘rganish, ularning manbalarini, kimlar tomonidan va qayerlarda tarqatilayotganligini aniqlash, bunday holatlarning oldini olishga qaratilgan chora-tadbirlar ko‘rish;
  • hammom va saunalar, massajxonalar, oromgoh, sanatoriy va profilaktoriy, dala hovli, mehmonxona hamda yotoqxonalar, ijaraga berilgan xususiy uylarning faoliyatini qonun hujjatlari talablariga qat’iy amal qilgan holda nazorat ostiga olish, ularda sodir etilishi mumkin bo‘lgan turli noqonuniy xatti-harakatlarni, xususan axloqqa qarshi huquqbuzarliklarni aniqlash yuzasidan hamkorlikda maxsus tadbirlar o‘tkazib borish.

Axloqqa qarshi huquqbuzarlik sodir etgan shaxslardan faqatgina Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeks 190-moddasi hamda Jinoyat kodeksi 120-moddasida nazarda tutilgan huquqbuzarlik sodir etgan shaxslar belgilangan tartibda Teri-tanosil kasalliklari dispanserida tibbiy tekshiruvdan o‘tadi.

Axloqqa qarshi huquqbuzarlik sodir etgan shaxslar sog‘liqni saqlash muassasalarida tibbiy tekshiruvdan o‘tishdan bosh tortgan hollarda ushbu shaxs majburiy tartibda tibbiy tekshiruvdan o‘tkaziladi.

Axloqqa qarshi huquqbuzarlik sodir etgan shaxslar o‘z hisobidan sog‘liqni saqlash muassasalaridan tibbiy tekshiruvdan o‘tadi.

Top