O‘zbekiston | 10:37 / 29.07.2022
14175
3 daqiqa o‘qiladi

Magistraturaga topshirilayotgan sertifikatlarning 70 foizi soxtalashtirilgan - Abduqodir Toshqulov

Mas’ullarga ushbu holatni qat’iy nazoratga olish, qabul yakunlangach sertifikatlarni ekspertlar ishtirokida yana bir bor tekshirish, soxta sertifikat topshirganlarni o‘qishdan chetlatish bo‘yicha zarur ko‘rsatma berildi.

Foto: Oliy ta’lim vazirligi

Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vaziri Abduqodir Toshqulov rahbarligida ijodiy, kasbiy imtihonlarni puxta tayyorgarlik asosida shaffof o‘tkazish masalasiga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilish bo‘lib o‘tdi. 

Oliy ta’lim vazirligi xabariga ko‘ra, yig‘ilish kun tartibidagi dolzarb masala – ayni kunda boshlangan ijodiy, kasbiy imtihonlarni shaffof va xolis o‘tkazish bo‘ldi.

Abduqodir Toshqulov mas’ullarga imtihonlarni nazorat qilishga jalb etilgan professor-o‘qituvchilar, mutaxassislar uchun yetarli sharoitlar yaratish, jarayonlarni adolatli o‘tkazishda halolligini ko‘rsatgan mutaxassislarni katta miqdordagi qo‘shimcha pul mukofotlari bilan rag‘batlantirish zarurligini ta’kidladi.

Kasbiy imtihon o‘tkaziladigan ta’lim yo‘nalishlari bo‘yicha jami qabul parametrlari 2 515 tani tashkil etadi. Ma’lumotlarga ko‘ra, ro‘yxatdan o‘tgan va ta’lim yo‘nalishlarini tanlagan abituriyentlar soni 1 mln 200 ming nafardan oshgan. Ulardan alohida iqtidor talab etiladigan ta’lim yo‘nalishlari bo‘yicha ro‘yxatdan o‘tgan abituriyentlar soni 60 177 nafar, test bilan birgalikda kasbiy (ijodiy) imtihon o‘tkaziladigan ta’lim yo‘nalishlari bo‘yicha ro‘yxatdan o‘tgan abituriyentlar soni 66 371 nafarni tashkil etmoqda.

Majlisda vazir abituriyentlar ota-onalari va kuzatuvchilar uchun muassasa hududida imtihonni sanitariya-gigiyena qoidalariga amal qilgan holda o‘tkazish, jarayonlarni videotranslatsiya qilish, har bir hududni navbatchi tez tibbiy yordam mashinasi bilan ta’minlash, jarayon haqida tezkor axborot berib borish, apellyatsiya komissiyasi faoliyatini tashkil etish, imtihon jarayonlariga OAV, jamoatchilik vakillari, blogerlarni taklif etish bo‘yicha ham mas’ullarga topshiriqlar berildi.

A.Toshqulov yig‘ilish yakunida magistraturaga hujjat qabul qilishga ham to‘xtalib, topshirilayotgan sertifikatlarning 70 foizi soxtalashtirilayotganini qattiq tanqid qildi.

Mas’ullarga ushbu holatni qat’iy nazoratga olishlari, qabul yakunlangach sertifikatlarni ekspertlar ishtirokida yana bir bor tekshirishlari, soxta sertifikat topshirganlarni o‘qishdan chetlatish bo‘yicha zarur ko‘rsatma berdi.

Mavzuga oid