O‘zbekiston | 16:04 / 26.08.2022
8695
2 daqiqa o‘qiladi

AQSh Qoraqalpog‘istonga tibbiy buyumlar navbatdagi turkumini yetkazib berishni rejalashtirmoqda

Insonparvarlik yordami navbatdagi turkumini Qoraqalpog‘istonga yetkazish amaliy jihatlarini muhokama qilish maqsadida O‘zbekiston elchisi Javlon Vahobov Amerikaning Project C.U.R.E. xayriya tashkiloti direktori Melissa Esposti bilan uchrashdi, deb xabar bermoqda “Dunyo”.

Foto: Dunyo

Gumanitar yordam tarkibi Qoraqalpog‘iston Respublikasi sog‘liqni saqlash organlariga topshirish uchun tibbiy buyumlar va jihozlardan iborat bo‘ladi.

Amerika tomoni Project C.U.R.E. Orol dengizi qurishi oqibatlaridan jabr ko‘rgan Qoraqalpog‘iston aholisiga insonparvarlik yordamini ko‘rsatishni davom ettirish niyatini ma’lum qildi. Melissa Esposti aytishicha, bugungi kunga qadar umumiy qiymati 1,5 mln dollarlik tibbiy asbob-uskunalardan iborat beshta konteyner yetkazib berilgan, ulardan Qoraqalpog‘istondagi texnik jihozlarga juda muhtoj bo‘lgan tibbiyot muassasalari foydalanmoqda. 

Tashkilot vakili ma’lumotlariga ko‘ra, joriy yil oxiriga qadar Project C.U.R.E. insonparvarlik yordami navbatdagi turkumini Qoraqalpog‘istonga yetkazish rejalashtirilmoqda.

Melissa Esposti Orol dengizi mintaqasidagi vaziyatni yaxshilash uchun Project C.U.R.E. loyihasi bilan bir qatorda, AQShdan donorlarni jalb qilishga yordam berishga tayyor ekanini ham ma’lum qildi. Uning aytishicha, Orol dengizi ekotizimini tiklash va to‘g‘ri boshqarish mintaqa atrof-muhitini barqaror rivojlantirish garovidir. 

O‘zbekistonning AQShdagi elchisi Javlon Vahobov va Project C.U.R.E. prezidenti Duglas Jyekson o‘rtasida Qoraqalpog‘istonga 3 mln dollarlik tibbiy asbob-uskunalar va sog‘liqni saqlash buyumlarini yetkazib berish bo‘yicha erishilgan kelishuv doirasida 2021 yil may oyida tibbiy buyumlar va jihozlardan iborat birinchi konteyner mintaqa sog‘liqni saqlash idoralariga yuborilgan. Joriy yil iyul oyida esa umumiy hajmi 16,8 tonna bo‘lgan, 2,9 ming dona tibbiyot buyumlari jamlangan to‘rtta konteyner yetkazib berildi.

Mavzuga oid