O‘zbekiston | 19:00 / 26.08.2022
11750
8 daqiqa o‘qiladi

To‘rt davlat chegarasidagi «ANGOR INDEX»: istiqbolli sarmoya maskani

So‘nggi yillarda O‘zbekistonda yirik investitsiyaviy loyihalar amalga oshirilmoqda. Janubiy viloyat Surxondaryoda ham minglab insonlarni ishli qiladigan majmua qad rostlamoqda.

Almati –Toshkent –Termiz xalqaro M-39 yo‘li ustida joylashgan, hali qurilish jarayoni ketayotgan «ANGOR INDEX» allaqachon odamlarning tiliga tushishga ulgurdi. 174 milliard so‘m ichki investitsiya mablag‘lari tikilgan ushbu majmuaning qurilishi qanday boshlangani, paydo bo‘lgan qiyinchliklar va yutuqlar, umuman bu majmuani barpo etishdan ko‘zlangan maqsad nima ekanligiga qiziqdik.

«ANGOR INDEX» MChJ tijorat direktori Kamoliddin Haydarovning hikoya qilib berishicha, majmua prezident Sh.Mirziyoyevning 2021 yilda Surxondaryo viloyatiga qilgan tashrifi davomida belgilab berilgan vazifalarni amalga oshirish doirasida qurilmoqda.

«ANGOR INDEX» majmuasi Angor tumani markaziga kirish qismida, Termiz-Toshkent-Almati M-39 xalqaro yo‘lining shundoqqina bo‘yida barpo etilmoqda. «ANGOR INDEX» nafaqat Surxondaryo viloyatida, shu mintaqada muhim transport-logistika markazi bo‘lishi nazarda tutilgan. Chunki «ANGOR INDeKS» majmuasi joylashgan joydan Tojikiston, Turkmaniston va Afg‘onistongacha bo‘lgan masofa 100 km.ni ham tashkil etmaydi.

Bu yerda 700 dan ziyod turli hajmdagi savdo do‘konlari, omborlar, xizmat ko‘rsatish va ovqatlanish nuqtalari, ishlab chiqarish maydonlari bo‘lishi ko‘zda tutilgan. 

«Majmuada kargo va logistika xizmatlari yo‘lga qo‘yiladi. Yuklar to‘g‘ridan-to‘g‘ri shu yerga keltiriladi. tadbirkorlarimiz Toshkent shahriga bo‘lgan 700 km yo‘lni bosib o‘tish uchun vaqt va pullarini tejashadi. Qolaversa, birinchi qo‘l sifatida shu yerda mahsulot va tovarlarini sotishadi hamda ekseportga yo‘naltirishadi», — dedi «ANGOR INDEX» MChJ tijorat direktori Kamoliddin Haydarov.

Kamoliddin Haydarov

«ANGOR INDEX» majmuasi qurilishi asnosida turli telegram kanallar va ijtimoiy tarmoqlarda yer maydonlari talon-toroj qilingani bilan bog‘liq salbiy xabarlar tarqatildi. Bunga asos qilib, Bosh prokuratura xabari olingan.

Kamoliddin Haydarovning qayd etishicha, bunday bo‘hton xabarlar tarqatish jurnalistik etikaga to‘g‘ri kelmaydi. Chunki bu yerda hech kim yer sotish bilan shug‘ullanmagan. Tarqatilgan fotosuratda qizil chiziq bilan aylantirib belgilangan yer maydonining barchasi «ANGOR INDEX»ga tegishli emas, ya’ni magistral yo‘llarning muhofaza zonasi uchun qoldirilgan yerlar ularning balansiga kirmaydi.

MChJ har qanday ommaviy axborot vositasi muxbirlari, blogerlar uchun ochiqligi, ular bemalol kelib o‘zini qiziqtirgan savollarga javob va ma’lumotlarni olishi mumkinligi alohida ta’kidlab o‘tdi.

«Qolaversa, jinoyat ishi ochilgani — bir inson yoki tashkilotning aybdor ekanini bildirmaydi. Insonning aybdorlik masalasini faqat sud hal qiladi. Buni jurnalistlar va matbuot xizmati xodimlari bilishlari kerak-ku? Tarqatilgan xabarlarda aybsizlik prezumpsiyasiga rioya qilinmagan», — dedi K.Xaydarov.

Prokuratura tarqatgan xabarga ko‘ra, majmua qurilishi uchun 4 gektar yer maydoni ajratilgan esa-da, umumiy qurilish maydoni 7,1 gektar hududda olib borilmoqda.

Aslida, «ANGOR INDEX» MChJ hujjatda belgilanganidek, 4 gektar hududa qurilmoqda. Tijorat direktorining aytishicha, qo‘shimcha 3,1 gektar joy Qurilish vazirlishi talablariga ko‘ra, M-39 xalqaro trassasidan 57,5 metr, ichki yo‘ldan 25 metr muhofaza zonasi uchun tashlangan.

Ya’ni, xalqaro trassa va ichki yo‘ldan qonun talablariga muvofiq muhofaza zonasi uchun qo‘shimcha 3,1 gektar yer tashlangan. Bu maydonda hech qanday qurilish ishlari olib borilmaydi, ochiq yer shunchaki obodonlashtiriladi: transport vositalari uchun avtoturargohlar hamda yashil zona barpo etiladi.

Ushbu majmua O‘zbekiston Respublikasi prezidentining 2021 yil 23 avgustdagi «Surxondaryo viloyatida qulay investitsiya muhitini yaratish, kichik biznes va oilaviy tadbirkorlikni rag‘batlantirish yuzasidan qo‘shimcha chora tadbirlar to‘g‘risida»gi 5228-sonli qarorida belgilab berilgan maqsadlar va o‘sha qaror ilovasida belgilangan konturdagi maydonda barpo etilmoqda. 224-konturdagi qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan 4 gektar yer maydoni sanoat yerlari toifasiga o‘tkazilishi belgilangan.

So‘ngra Yuqori Tallimaron hududidagi 224-konturdagi yer maydonidan 4 gektar yer «AGNOR INDeKS» MChJga ajratib berilishi haqida Vazirlar Mahkamasini Farmoyishi mavjud.

Ya’ni, ushbu korxonaga yer ajratilishi bo‘yicha hujjatlarga ko‘ra hech qanday qonunbuzarlik holatlari yo‘q. Ochilgan jinoyat ishi ham tergov surishtiruvlar yakunlanib, yopilgan.

Ayni paytda, «ANGOR INDeKS» MChJ mutasaddisi majmua atrofida joylashgan, xalqaro va ichki yo‘lning muhofaza zonasi uchun qoldirilgan 3,1 gektar maydonni ham auksion orqali ijaraga olib, obodonlashtirishda davom etishlarini qayd etib o‘tdi.

Qolaversa, yo‘llarning muhofaza zonasida turgan 224-konturdagi 3,1 gektar yerni qishloq xo‘jaligi yerlari tarkibidan chiqarib, sanoat zonasiga qo‘shishni so‘rab Angor tuman hokimi nomidan viloyat hokimiga xat yo‘llagan.

Alohida qayd etib o‘tish joizki, majmua sifatli qurilish materiallaridan foydalangan holda, zamonaviy loyiha asosida barpo etilmoqda. Xavfsizlik qoidalariga to‘liq rioya qilingan. Ekologik toza, qayta tiklanuvchi energiyadan foydalanish ham nazarda tutilgan.

Majmuaga muqobil energetika o‘rnatish masalasida tashrif buyurgan koreyalik mutaxassislar

Majmuada barpo etilayotgan do‘konlar turli hajmda bo‘lib, do‘konlar, omborlar, ofislar, ishlab chiqarish maydonlarining barchasi sotiladi, xaridorlarlarga qonuniy hujjatlashtirib beriladi. Ular o‘zlari ishlatishi yoki xarid qilgan do‘konlarini ijaraga berishlari mumkin. Ayni paytda do‘konlarning qariyb yarmi sotilib bo‘lingan. Yangi xaridorlarga Mustaqillik bayrami arafasida chegirmalar taklif etilmoqda.

Biz ushbu majmuadan do‘kon xarid qilgan xaridorlardan birini ham so‘zga tutdik. 15 yildan beri Angor tumanida savdo faoliyati bilan shug‘ullanib kelayotgan Dilorom Eshonqulova xarididan mamnun ekanligini yashirmadi.

Dilorom Eshonqulova

«Biz bu majmuaning kelajagigi, istiqboliga ishonamiz. Shuning uchun o‘zim va farzandlarim uchun uchta do‘kon xarid qildim. Narxlari ham yaxshi, bemalol xarid qilsa bo‘ladi. Boshqa tadbirkorlarga ham tavsiya etaman», — dedi Dilorom Eshonqulova. 

Majmua rahbariyati tadbirkorlarga ko‘mak sifatida bu yerda kargo-logistika xizmatini taqdim etibgina qolmasdan, savdogarlar va ishlab chiqaruvchilarning mahsulotlarini import va eksport qilishda o‘zlarining beminnat xizmatlarini taqdim etishni ham va’da qilishmoqda.

Asosan paxta va g‘alla ekiladigan tuman markaziga yaqin va katta yo‘l yoqasidagi past ball bonitetiga ega bunday yerlarda savdo va ishlab chiqarish majmuasining tashkil etilishi chetdan qaraganda qishloq xo‘jaligi uchun mo‘ljallangan yerlarini barbod qilishdek ko‘rinsa-da, 4 gektar maydonda 2 mingdan ziyod ish o‘rni yaratilishi, tadbirkorlar to‘laydigan soliqlar shu 4 gektar maydonda yetishtiriladigan qishloq xo‘jaligi mahsuloti sotuvidan keladigan daromaddan bir necha yuz karra yuqori bo‘lishini ham unutmaslik kerak.

Muxtasar qilib aytganda, ushbu majmuadan do‘kon va ishlab chiqarish maydonlari xarid qilgan tadbirkorlar kelajagi uchun yaxshi sarmoya tikkan bo‘ladi. Chunki ko‘p o‘tmasdan ushbu maskan muhim savdo-logistika markaziga aylanishiga hech qanday shubha yo‘q. 

Murojaat uchun telefonlar:
(94) 028-55-55
(94) 029-55-55

Shuhrat Shokirjonov, Kun.uz jurnalisti.

Tasvirchi va montaj ustasi: Faxriddin Hotamov.