21:57 / 27.08.2022
29336

Abduvohidovning ishdan olinishi tizimli islohot davomimi yo shaxslarga qaratilgan o‘zgarish? - siyosatshunoslar bilan suhbat

25 avgust kuni prezidentning ijtimoiy sohalar bo‘yicha maslahatchisi Abdujabbor Abduvohidov ishdan olingan bo‘lsa, ertasiga Qoraqalpog‘iston rahbari Murat Kamalov iste’foga chiqarildi. Kun.uz muxbiri bu kadr o‘zgarishlarida e’tibor qaratish kerak bo‘lgan nuqtalar, paydo bo‘layotgan savollarni siyosatshunoslar Kamoliddin Rabbimov va Hamid Sodiq ishtirokida muhokama qildi.

— Prezidentning ta’lim va sog‘liqni saqlash sohalari bo‘yicha maslahatchisi Abdujabbor Abduvohidov ishdan olinishiga nimalar sabab bo‘ldi, deb hisoblaysiz?

Kamoliddin Rabbimov: — Prezidentning ijtimoiy sohalar bo‘yicha maslahatchisi mas’ul bo‘lgan sektor butun dunyoda ham og‘ir sektor hisoblanadi. Ikkinchidan, bu sohada O‘zbekistonda muammolar juda ko‘p. Masalan, sog‘liqni saqlash tizimidagi vaziyat og‘ir.

Bundan tashqari, O‘zbekistonda aholining ijtimoiy himoyasi ko‘rsatkichi juda past. Shundan kelib chiqib O‘zbekiston hatto Konstitutsiya orqali o‘ziga ijtimoiy davlat mas’uliyatini olmoqchi. Bu qanday amalga oshishini esa ko‘ramiz.

Kamoliddin Rabbimov

Nima bo‘lganda ham bu amalga oshishi kerak, chunki bir necha yil o‘tib O‘zbekistonda kambag‘allar va qashshoqlar sinfi keskin kengaygan holatga kelib qolishi va bu holatdan chiqish masalasi hukumat uchun og‘irlashib ketishi mumkin. Hozir bu muammoning oldini olish mumkin.

Qolaversa, ta’lim sohasida ham muammolar yetarlicha. O‘zbekistondagi ta’lim sifati qanday ekanini hamma biladi.

Fikrimcha, bu yerda ikkita masala Abduvohidovning ishdan olinishiga sabab bo‘ldi. Birinchidan, bu butun dunyoda an’anaviy, og‘ir sektor ekani, ikkinchidan, O‘zbekistonda bu yo‘nalishdagi novatorlik, o‘zgarishlar, ijtimoiy fikr kutilgan darajada emasligi.

— Hamid aka, Abduvohidovning ishdan olinishi, sizningcha, tizimli boshlangan o‘zgarishlar davomi bo‘ldimi?

Hamid Sodiq: Tizimli o‘zgarish deganda siyosiy rejimning kayfiyatidan kelib chiqib bo‘layotgan o‘zgarishlarni aytish mumkin. Bunday o‘zgarishlar politologiyada institutsional o‘zgarish deyiladi. Instutsional o‘zgarishlar vatandoshlik jamiyati va parlament talablari bilan ro‘y beradi.

Hamid Sodiq

Personal o‘zgarishlarda esa bu rejimga nisbatan loyallik va status kvoning o‘zgartirmasligi bilan bog‘liq o‘zgarishlar bo‘ladi. Bunda masalan, rejimga ta’sir ko‘rsatadigan xatolarga yo‘l qo‘ygan mansabdorlar o‘zgartiriladi.

Bilishimcha, bu institutsional, sohadagi ma’lum kamchiliklarni to‘g‘rilash uchun bo‘layotgan o‘zgarishlar emas. Bunday bo‘lishi uchun o‘zgarish avvalroq bo‘lishi kerak edi. Chunki ijtimoiy sohadagi hozirgi muammolar anchadan buyon pishib yetilgan edi.

Nazarimda, bu konstitutsion va Qoraqalpog‘iston Respublikasidagi o‘ylangan islohotlarning amalga oshmagani bilan bog‘liq. Bu shuningdek, prezident topshiriqlari va unga berilgan va’dalarning amalga oshmagani bilan bog‘liq masalalar.

Fikrimcha, globallashuv talablari bilan Vazirlar Mahkamasi va qonun chiqaruvchi hokimiyatlar asta-sekin o‘z vakolatlarini prezidentlik institutidan tortib olib boshlaydi. Bunga shaffoflashuv majbur qiladi.

Bugungi o‘zgarishlarga status-kvoni o‘zgartirmaydigan, lekin jamiyatdagi kayfiyat haqida davlat rahbariga shaffof ma’lumotni yetkazishni ko‘zda tutadigan o‘zgarish deb qarash kerak.

Intervyuni to‘liq holda yuqoridagi video orqali tomosha qilishingiz mumkin.

Intervyuni Ilyos Safarov o‘tkazdi.

Tasvirchi va montaj ustasi – Abduqodir To‘lqinov.

Top