O‘zbekiston | 18:53 / 10.09.2022
54286
5 daqiqa o‘qiladi

Yotoqxonaga aylantirilayotgan savdo markazi: Talabalarni nimalar kutyapti?

Yangihayot tumanidagi savdo majmuasi 10 ming talabaga yotoqxona sifatida beriladi. Jahongir Ortiqxo‘jayev bir haftadan keyin tayyor bo‘lishi kutilayotgan yotoqxona hududida talabalar ishlashi ham mumkinligi, metrogacha bepul avtobuslar qo‘yilishini aytdi. Batafsil – Kun.uz reportajida.

Yangihayot tumanida yangi qurilgan “Tashkent Index” savdo-ishlab chiqarish majmuasi hududida bo‘sh turgan 10 ming o‘rinli bino bir hafta muddatda DXSh shartlari asosida talabalar uchun turar joyga aylantiriladi.

Toshkent shahar hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayevning shu taklifi asosida, majmua hududidagi yangi savdo do‘konlari hozir yotoqxonaga moslashtirib jihozlanmoqda. Hokimlik xonalardan birini show-room sifatida tayyorlagan.

Ortiqxo‘jayev jurnalistlarga bergan intervyusida talabalar yotoqxona hududida ishlashi mumkinligi haqida gapirdi.

“Viloyatdan kelgan, til biladigan talabalar ko‘p – IELTS'dan 6, 7 darajasini olganlar bor. Prezidentimiz tashabbusi bilan 150-200 mingga yaqin odam Yangihayot tumaniga ko‘chib kelgan, ko‘p domlar qurilgan. Bu yerda yosh oilalar ko‘p va ular farzandlarini tilga o‘qitishga ehtiyoji katta. Biz agar xorijiy tillarni o‘rgatishni repetitorlik qilib darsdan tashqari ishlayman degan talabalar bo‘lsa, shu atrofdagi bolalarga til o‘rgataman desa, biz jihozlarini ham bepul qilib beramiz, joylarini ham qilib beramiz. Mahalladagi oilalar farzandlariga til o‘rgatib talabalar daromad ham olishi mumkin. Yangihayot tumani bolalarida til o‘rganish imkoniyati bo‘ladi. Bunga men bepul imkoniyat yaratib beraman.

Bundan tashqari har dam olish kunlari bu yerda ko‘ngilochar tadbirlar, konsertlar tashkillashtiriladi. Talabalarga muqobil sharoitlar yaratib beriladi”, – dedi hokim.

Shahar hokimi o‘rinbosari Durdona Rahimovaning aytishicha, 2022 yil rejasiga muvofiq, Toshkent shahrida qurilishi kerak bo‘lgan 11ta yotoqxona qurib bitkazilguniga qadar, savdo majmuasi vaqtincha yotoqxona sifatida berilmoqda.

“Ko‘rib turganingizdek, bu – tadbirkorlarning sotib olgan do‘konlari. Shu do‘konlar bazasida yotoqxonalar tashkil etilmoqda. Bu albatta vaqtincha, lekin talabalarimizning bugun ijaraga uy topolmay, sarsongarchilik, turli stress holatlari oldini olish, ularning o‘qishga ishtiyoqi so‘nmasligi, tushkunlikka tushmasliklari uchun hamda Toshkent shahrida o‘zlarini qulay his qilishlari uchun barcha infrastrukturaga ega yotoq joy bilan ta’minlash ustuvor vazifa sifatida belgilandi.

Talabalar uchun tayyorlanayotgan joylar vaqtincha bo‘lishiga qaramay, yashash, ovqatlanish, xavfsizlik, salomatlik va transport bilan bog‘liq masalalar bo‘yicha aniq qulayliklar ishlab chiqilmoqda”, – dedi u.

Rahimovaning aytishicha, talabalar yotoqxonadan tashqari, dars qilish uchun o‘quv xonalari, oshxonalar va 1,5 km uzoqlikdagi metrogacha bepul avtobuslarda borib kelish imkoniyatlari bilan ta’minlanadi.

“Bu talabalarning shahar markaziga yetib olishlari 22-28 daqiqa vaqtini oladi”, – deydi hokim o‘rinbosari.

Yotoqxonalarni ko‘zdan kechirish uchun oliy ta’lim vaziri Abduqodir Toshqulov ham obektga bordi.

“Bugun (hokim) juda muhim masalaga to‘xtaldi: uni kim tushundi, yoki kim tushunmadi, prezidentimiz bizga talabalarni ish bilan ta’minlash vazifasini qo‘ygan. Talabaning yarim kun vaqti bor va kontraktini to‘lash uchun ishga ehtiyoji bo‘lgan talabalar ham bor. Agar bu yerdagi infratuzilma hisobidan talabalar ish bilan band bo‘lsa, bu yerda o‘qish va mehnat barobar ta’minlab berilsa, bu yerga navbatlar bo‘ladi”, – dedi Toshqulov.

Ma’lum bo‘lishicha, bitta talaba uchun ijara narxi – talabalar davlat yotoqxonalariga to‘laydigan mablag‘, ya’ni oyiga 200 mingdan 250 ming so‘mgacha bo‘lgan narxda bo‘ladi.

Durdona Rahimovaning tushuntirishicha, bu ijara narxi emas, balki talabalarning bu yerdagi yashashi uchun ketadigan xarajatlar – energiya resurslari, maishiy xizmatlardan foydalanish uchun to‘lanadigan to‘lov hisoblanadi.

Madina Ochilova,
Javohir G‘ayratov,
Kun.uz.

Mavzuga oid