O‘zbekiston | 13:50 / 15.09.2022
9667
3 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda yoshlar tashkilotlarining asosiy vazifasi etatizmni shakllantirish bo‘lib qolmoqda – Siyosatshunos

Bizga shunday yoshlar qatlami kerakki, ular masalan, 2030-40-50-yillarga borib, O‘zbekistonning muammolari nima bo‘ladi va ularga qanday yechim izlaymiz degan savollarga javob beradigan bo‘lishi kerak. Hozir bu masalada na Yoshlar ishlari agentligi va na boshqa jamoat tashkilotlari bosh qotirayotgani yo‘q. O‘ylashimcha, bu O‘zbekistonning yirik muammolaridan biri, – dedi siyosatshunos Kamoliddin Rabbimov.

Foto: Yoshlar ishlari agentligi

Siyosatshunos Kamoliddin Rabbimov Kun.uz’ga bergan intervyusida Yoshlar ishlari agentligi oldiga O‘zbekiston yoshlarining dunyoqarashini kengaytirish vazifasi qo‘yilmaganini tanqid qildi. Unga ko‘ra, bugun yoshlar tashkilotlarining asosiy vazifasi yoshlarning davlatga moyilligi va sodiqligini kuchaytirishdangina iborat bo‘lib qolyapti.

“Men bugun Yoshlar ishlari agentligi va Yoshlar ittifoqi oldiga qo‘yilgan maqsad, vazifalarga ham to‘xtalmoqchi edim.

Masalan, Yoshlar ishlari agentligi saytiga kirib ko‘rganimda, ularning oldiga yoshlarning dunyoqarashini shakllantirish vazifasi qo‘yilmaganini ko‘rdim. Ularning oldiga qo‘yilgan asosiy vazifa bu etatizmni shakllantirish (etatizm – davlatni jamiyat taraqqiyotining yuqori natijasi va maqsadi hamda iqtisodiy va ijtimoiy rivojlanishning asosiy, hal qiluvchi omili deb hisoblovchi ijtimoiy tafakkur yo‘nalishi – tahr.). Ya’ni ularning oldiga yoshlarning davlatni yaxshi ko‘rish va unga moyilligini, sodiqligini kuchaytirish vazifasi qo‘yilgan. Bu vazifa bugun ham saqlanib qolyapti.

Xo‘sh, O‘zbekiston uchun qanday sinf, qanday yoshlar kerak?

Menimcha, bu tashkilotlarning oldiga yoshlarda huquqiy davlatchilik nima, inson huquqlari nima, yoshlar uchun kelajakda qanday siyosiy partiyalar kerak, O‘zbekiston parlamenti qanday bo‘lishi kerak va biz qanday yoshlarni shakllantirishimiz kerak, degan savollar qo‘yilmayapti”, – dedi u.

Rabbimov shuningdek, sayt muxbirining agentlik oldiga bunday maqsad qo‘yishni davlat o‘zi istaydimi, mazmunidagi savoliga ham javob berdi.

“Shu masalada menda ham shubha bor. Ya’ni hech kim bu masalani ko‘tarayotgani yo‘q. Siz butun dunyoga qarasangiz, mamlakatda ikki yirik partiya, ikki yirik siyosiy oqimni ko‘rasiz. Masalan, markazga yaqin o‘nglar – konservatorlar va markazga yaqin so‘llar – sotsial demokratlar.

Ammo O‘zbekistonda beshta siyosiy partiya faollari bilan gaplashsangiz, ular o‘z partiyasining mafkurasini tushuntirib berolmaydi. Ular klassik dunyosining muammolarini tushuntirib berolmaydi, yechim izlolmaydi. Nima uchun? Chunki ularning o‘rtasidagi farqni hatto partiya funksionerlari ham tushunmaydi.

Bizga shunday yoshlar qatlami kerakki, ular masalan, 2030-40-50 yillarga borib, O‘zbekistonning muammolari nima bo‘ladi va ularga qanday yechim izlaymiz, degan savollarga javob beradigan bo‘lishi kerak.

Hozir bu masalada na Yoshlar ishlari agentligi va na boshqa jamoat tashkilotlari bosh qotirayotgani yo‘q. O‘ylashimcha, bu O‘zbekistonning yirik muammolaridan biri”, – dedi siyosatshunos Kamoliddin Rabbimov.

Intervyuni to‘liq holda yuqoridagi video orqali tomosha qilishingiz mumkin.

Mavzuga oid