Jamiyat | 14:45 / 27.06.2024
13321
3 daqiqa o‘qiladi

Yoshlar ishlari agentligiga tegishli Malibu yo‘lning qarama-qarshi yo‘nalishida harakatlandi

Haydovchi yo‘lning qarama-qarshi tomoniga chiqish bilan bir qatorda svetoforning qizil chirog‘ida harakatlanib, piyodani urib yuborishiga sal qolgan. Ochiq manbalarga ko‘ra, ushbu mashina Yoshlar ishlari agentligiga biriktirilgan.

Foto: Videodan kadr

Ijtimoiy tarmoqlarda Toshkent shahrida 01 347 DAV davlat raqamli Malibu yo‘lning qarama-qarshi tomoniga o‘tib harakatlangani aks etgan video tarqaldi.

Haydovchi yana bir qo‘pol qoidabuzarlik sodir etgan holda, svetoforning qizil chirog‘ida ham harakatlangan va piyodalar yo‘lagidan o‘tayotgan piyodani urib yuborishiga bir baxya qolgan.

Toshkent shahar IIBB Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasiga ko‘ra, holat bo‘yicha qoidabuzar haydovchi – 1985 yilda tug‘ilgan K.X.ga nisbatan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning tegishli moddalari bilan ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirilgan. Shuningdek, haydovchi bilan profilaktik suhbat o‘tkazilgan.

Avtomashinalarning raqam belgilari tiplariga ko‘ra, «DAV» seriyali raqam belgilari davlat boshqaruvi va mahalliy davlat hokimiyati organlarining shaxsan biriktirilgan va navbatchi xizmat avtomobillariga beriladi (mudofaa, ichki ishlar, bojxona, favqulodda vaziyatlar organlarining avtomobillari hamda II tipdagi raqam belgilari beriladigan avtomobillar bundan mustasno).

Ochiq manbalarga ko‘ra, 01 347 DAV davlat raqamli Malibu mashinasi Yoshlar ishlari agentligiga tegishli.

Dastlab u agentlik direktorining birinchi o‘rinbosari Dilnozaxon Kattaxanovaga biriktirilgani xabar qilingandi. Ko‘p o‘tmay uning o‘zi bu ma’lumotni rad etib chiqdi.

Uning ortidan agentlik matbuot xizmati ham munosabat bildirdi. Munosabatda qoidabuzarlik sodir etilgan vaqtda mashinada faqat haydovchining o‘zi bo‘lgani aytiladi. 

«Ayrim ommaviy axborot vositalari va ijtimoiy tarmoqlarda Yoshlar ishlari agentligi direktorining birinchi o‘rinbosariga tegishli deb aytilayotgan avtoulov yo‘l harakati qoidasini qo‘pol ravishda buzgani aks ettirilgan video tarqaldi.

Yoshlar ishlari agentligi shuni ma’lum qiladiki, haqiqatan ham ushbu avtotransoprt vositasi Yoshlar ishlari agentligining xizmat avtomashinasi hisoblanadi, ammo direktorning birinchi o‘rinbosari Dilnozaxon Kattaxonovaga biriktirilmagan.

Holat o‘rganilganda, haydovchi mashinada yolg‘iz bo‘lgan. Holat bo‘yicha Toshkent shahar IIBB YHXB tomonidan haydovchiga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi MJtKning tegishli moddalari bilan ma’muri bayonnoma rasmiylashtirildi va profilaktik suhbat o‘tkazildi. Yoshlar ishlari agentligi tomonidan ham unga tegishli intizomiy chora qo‘llaniladi.

Agentlik bunday holatlarni qat’iy qoralaydi, bu ma’lumotni ochiqlagani uchun ommaviy axborot vositalari vakillari hamda blogerlarga minnatdorchilik bildiradi», deyiladi munosabatda.

Mavzuga oid