O‘zbekiston | 12:16 / 16.09.2022
16397
4 daqiqa o‘qiladi

Toshkent shahridagi ko‘p qavatli uylarda ijara narxlari qancha?

Toshkentda ko‘p qavatli uylardagi o‘rtacha ijara narxi 339 dollarga teng. Ijara narxlari bo‘yicha eng past narx Sergeli va Olmazor tumanlarida, eng baland narx esa Mirobod va Yakkasaroy tumanlarida qayd etilgan.

Foto: KUN.UZ

Prognozlashtirish va makroiqtisodiy tadqiqotlar instituti (PMTI) ekspertlari Toshkent shahri tumanlaridagi ko‘p qavatli uylarda ijara narxlari qanday ekanini tahlil qildi.

Qayd etilishicha, poytaxtda o‘rtacha ijara narxi 339 dollarga teng. Ijara narxlari bo‘yicha eng past narx Sergeli va Olmazor tumanlarida, eng baland narx esa Mirobod va Yakkasaroy tumanlarida qayd etilgan.

Ijara biznesining daromadliligi (rental yields - uyni ijaraga berish orqali bir yilda olinadigan daromad) Toshkent shahri uchun 10 foizni tashkil etadi.Taqqoslash uchun, bu raqam Ruminiyada 6 foizni, Polshada 5 foizni, Germaniyada 3 foizni, Turkiyada esa 2 foizni tashkil etadi. Hozir Toshkentda ko‘chmas mulkni ijaraga berishdan olinadigan daromad o‘rtacha bank valuta depozitlari tushumidan (3,4 foiz) uch baravar ko‘proq. Bu esa jamg‘armalarni ko‘chmas mulkka sarflash va uni ijaraga berish valutada depozit ko‘rinishida saqlashdan ko‘ra foydaliroq ekanligini ko‘rsatadi.

Xonadon va ijara narxi nisbati (price/rent ratio) ko‘rsatkichi Toshkent uchun 10 yilni tashkil etadi. Bu ko‘rsatkich Turkiyada 52 yilga, Germaniyada 34 yilga, Polshada 18 yilga, Ruminiyada 17 yilga teng. Demak, Toshkentda shaxsiy uyga egalik qilish ijarada turishga qaraganda arzonroq. Bu esa tabiiy ravishda odamlarda ijarada turishdan ko‘ra o‘z uyiga ega bo‘lish istagini kuchaytiradi.

Toshkent shahri markazidagi xonadonning o‘rtacha narxi YaIMning kishi boshiga to‘g‘ri keladigan ulushidan (price/GDP per capita ratio) 50 barobar ko‘p. Bu ko‘rsatkich Ukrainada 158 barobar, Rossiyada 87 barobar, Buyuk Britaniyada 66 barobar, Shveytsariyada 20 barobar, Germaniyada 17 barobar, Lyuksemburgda 5 barobarni tashkil etadi. Bu umumiy hisobda odamlarning xarid qobiliyati past yoki yuqoriligini ko‘rsatadi.

The Economist nashrining ma’lum qilishicha, uyga egalik qilish ko‘rsatkichi qanchalik yuqori bo‘lsa, uy bozorida narxlar shunchalik o‘zgaruvchan bo‘ladi. Masalan, Shveytsariyada uyga egalik qiluvchilar ulushi 3 foiz, Buyuk Britaniyada 60 foiz atrofida. Shunga mos ravishda Shveytsariyada uy narxlari 1970 yildan 2019 yilgacha 70 foizga, Buyuk Britaniyada esa 346 foizga oshgan.  

Bundan tashqari, ijarada turish ko‘rsatkichining oshishi makroiqtisodiy ko‘rsatkichlarga ham ta’sir etadi. Masalan, AQShda uyga egalik qilish ko‘rsatkichi oshgani sayin ishsizlik darajasi ham oshgan. Bu bir tomondan odamlarda boshqa joyga ko‘chish xohishi yo‘qolishi, ikkinchi tomondan esa ish o‘rinlari mavjud joylarga ko‘chib o‘tish qimmatlashishi bilan bog‘liq.

Mutaxassislarning xulosa qilishicha, Toshkent shahrida xonadon ijarasi bozori shakllanishning boshlang‘ich bosqichida turibdi.

Urbanizatsiya jarayonining jadallashib borayotganini inobatga olib, ijara bozorini rivojlantirish uchun quyidagilar tavsiya etilgan: 

  • ijarada turuvchilarning manfaatlari va huquqlarini himoya qilishning qonuniy asoslarini yanada mustahkamlash;
  • ijara narxlari keskin o‘zgarishini nazorat qilish (misol uchun Germaniya tajribasi kabi, ijara narxini shahar bo‘yicha o‘rtacha narxdan sababsiz keskin 10 foizdan ko‘proqqa oshira olmaslikni qonunan belgilash;
  • bozorda informatsion asimmetriya muammosining oldini olish maqsadida uy egasi va potensial ijarachini to‘g‘ridan to‘g‘ri bog‘laydigan informatsion texnologiyalarni keng joriy etish. 

Mavzuga oid