Farg‘ona shahar IIB boshlig‘i Alisher Ashurov, IIB tezkor xodimi Oybek Ashurov va viloyat IIB tergovchisi Nurmuhammad Ashurov - bular farg‘onalik ikki ayolning o‘zaro ijara nizosidan yasalgan jinoyat ishi ortida turgan uchlik sifatida namoyon bo‘ladi. Kun.uz o‘rgangan navbatdagi keysda opa-singil “IIB xodimlarining qasdi” sabab tergovga tortilgani, qiynoqqa solingani va qamoqqa olingani haqida so‘z boradi. Opa-singilning qamoqqa olinishiga sabab bo‘lgan “tezkor tadbir” Farg‘ona shahar IIB binosi ichida, xodimlar ishtirokida va ularning ko‘rsatmalari bilan o‘tkazilgan.

Kun.uz’ga Farg‘ona shahrida yashovchi ayoldan ichki ishlar xodimlarining g‘ayriqonuniy xatti-harakatlari haqida murojaat kelib tushdi. Unda Farg‘ona shahar ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i Alisher Ashurov adovat tufayli opa-singilga jinoiy ish qo‘zg‘agani, viloyat ichki ishlar boshqarmasida qiynoq qo‘llangani bildirilgan. Ayolning aytayotganlari va da’volari ancha jiddiy. Shu sababli Kun.uz barcha tomonlarni tinglagan holda mavzuni o‘rganishga qaror qildi.

Ijarachi, kosmetolog va uning singlisi

Jinoyat ishi markazidagi nizoda uch ayol ismi takrorlanadi: bular Mohinur Xoliqnazarova, Mahliyo Umarova hamda Nazokat Shukurova.

34 yoshli Mohinur Xoliqnazarova kosmetologiya bilan shug‘ullanadi. 1993 yilda tug‘ilgan Mahliyo Umarova uning singlisi. 42 yoshli Nazokat Shukurova esa o‘zi yashaydigan Farg‘ona shahri, Farobiy ko‘chasidagi 9/15a-uyning bir qismini ijaraga berish orqali daromad ko‘rib keladi.

Nizoning boshlanish nuqtasi Mohinur Xoliqnazarova Nazokat Shukurovaga tegishli binoning 3 ta xonasini ijara olishi bilan bog‘liq. 2025 yil aprel oyida Mohinur Xoliqnazarova Farg‘ona shahrida kosmetolog xizmatini yo‘lga qo‘yish maqsadida ijaraga joy izlay boshlaydi. Olx saytida Farg‘ona shahri, Farobiy ko‘chasidagi 9/15a-uyda xonalar ijaraga berilishi haqidagi e’longa duch keladi.

Mohinur manzilga borib, xonalarni ko‘radi va Nazokat Shukurova bilan 2-qavatda 2 ta, 1-qavatda bitta xonaga oyiga ming dollar ijara puli berish bo‘yicha og‘zaki kelishadi.

U 2-qavatdagi xonalarni xususiy bog‘cha qilishni, 1-qavatdagi xonada esa kosmetologiya xizmatini yo‘lga qo‘yishni rejalashtiradi. Biroq, Mohinurning aytishicha, ijaraga olingan xonalar ta’mirtalab bo‘lgan. Shu sababli, u mulk egasiga ushbu xonalarni ta’mirlab olishini, buning evaziga u bilan 5 yillik ijara shartnomasi tuzishi kerakligini aytgan. Shu tariqa, ikki ayol o‘zaro kelishuv asosida 5 yillik ijara shartnomasi tuzgan. Nazokat Shukurova garchi xonalarni oyiga ming dollar evaziga ijaraga bergan bo‘lsa ham “tekin foydalanish”ga bergani bo‘yicha ijara shartnomasi rasmiylashtirgan.