Fan-texnika | 12:08 / 18.09.2022
60746
2 daqiqa o‘qiladi

Ko‘z ravshanligini ta’minlovchi ikki antioksidant aniqlandi

Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti ma’lumotlariga ko‘ra, hozir dunyo bo‘yicha taxminan 2,2 milliard kishining ko‘rish qobiliyati susaygan. Ularning katta qismini 50 yoshdan oshgan odamlar tashkil etadi. 

AQSh olimlari ko‘rish qobiliyati yomonlashishining oldini olish bo‘yicha tajriba o‘tkazdi.

«Aslida nigohlarning o‘tmaslashishi 40 yoshdan boshlanadi. Vaqt o‘tgan sari uzoq yoki yaqinni ko‘rish qobiliyati zaiflasha boradi. Keksayganda esa aksariyat kishilar gazeta-jurnal va kitoblarni ko‘zoynaksiz o‘qishga qiynalib qoladi. Ba’zilarda esa ko‘rish qobiliyati tomoman yo‘qoladi.

AQShning Betesda milliy ko‘z instituti mutaxassislari tomonidan olib borilgan izlanishlar natijasida ushbu muammoning oldini olish yo‘li aniqlandi.

Ya’ni olimlar ikkita antioksidant yordamida ko‘z ojizligi xavfini chorak foizdan ko‘proq kamaytirish mumkinligini isbotladi. Buning uchun ilgari ishlab chiqilgan mavjud ozuqaviy qo‘shimchalar formulasi o‘zgartirildi.

Besh yil davom etgan va 4000 nafarga yaqin kishi qatnashgan tajriba ishtirokchilaridan bir guruhi S vitamini, mis, rux va beta-karotinni o‘z ichiga olgan qo‘shimchalarni qabul qildi. Ikkinchi guruh yangi formulaga asosan tayyorlangan, ya’ni lutein va zeaksantin antioksidantlari bilan boyitilgan dorivor tarkibga ega qo‘shimchalardan foydalandi.

Yakunda yangi formulaga ega ozuqaviy qo‘shimcha ko‘z o‘tmaslashishi xavfini 26 foizga kamaytirishi aniqlandi», deyiladi SSV matbuot xizmati xabarida.