Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Tashkent Global Forum - 2022 yilning eng yirik tadbirlaridan biri
15-16 oktabr kunlari Humo Arena’da O‘zbekiston, AQSh, Rossiya, Turkiya, BAA, Qozog‘istondan yirik biznes egalari, ekspertlar, ishbilarmonlik doiralarining yetuk vakillarini bir joyga jamlagan Tashkent Global Forum bo‘lib o‘tdi.
Xalqaro forum, unga tashrif buyurgan Musulmonlar idorasi vakili Habibulloh qori Abdurazzoqov tomonidan Qur’oni Karim tilovatlari bilan boshlandi. Shundan so‘ng O‘zbekiston Iqtisodiyot assambleyasi raisi, senator Muxtor Umarov tadbirni rasman ochib, uning ko‘lami va ahamiyati mamlakatda eksport hajmini oshirishga, tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanishga qiziqish ortishiga, vatanimiz imidjini xalqaro miqyosda yanada oshirishga xizmat qilishiga urg‘u berib, yurtimizda tadbirkorlik faoliyati Shavkat Mirziyoyev tomonidan shaxsan qo‘llab-quvvatlanayotganini ta’kidladi.
Tashkent Global Forum asoschisi Abduhamid Abduvahobov barchaga tashrif uchun minnatdorchilik bildirib, o‘z tadbirkorligining ilk vaqtlarida xorij davlatlarida bo‘lib, bu kabi forumlarni o‘zimizda ham tashkillashtirishni, unga jahonning eng kuchli ekspertlarini, yuksak darajali spikerlarini jalb qilib, tadbirkorlikka endi qadam qo‘yayotgan tadbirkorlarga bilim olishda, biznes-ongini rivojlantirishda yordam berishni maqsad qilganini aytdi. Shuningdek, O‘zbekistonda tadbirkorlikni rivojlantirishga hissa qo‘shish orqali, uning xalqaro nufuzini oshirish ham juda muhimligini ta’kidladi.
Birinchi spiker – turkiyalik ishbilarmon, PATH IT-kompaniyasi asoschisi Murat Kadir IT-biznesni tashkillashtirish va rivojlantirish rivojlantirish bo‘yicha o‘z tajribasi bilan bo‘lishdi.
Navbatdagi spiker – Dubay shahridagi qator restoranlarni tashkil qilgan Orzu Hospitality xoldingining asoschisi Mirzo Xafizov Rishton shahrida tug‘ilgan, Londonda tahsil olgan bo‘lib, o‘z mehnat faoliyatini restoranda oddiy ishchilikdan, Dubayda bir nechta restoranlar sohibiga aylanishgacha bo‘lgan yo‘lini so‘zlab berdi.
Birinchi kunga rossiyalik marketolog, marketing bo‘yicha eng foydali – “100% lik marketing” va yana 35 dan ortiq kitoblar muallifi, 500 000 dan ortiq mutaxassislarga marketingdan saboq bergan Igor Mann yakun yasadi. Biznesda mijozlarga qaratilganlik yuzasidan ma’lumot bergan Igor Mann kompaniyalarning bu borada muvaffaqiyatga erishishi bo‘yicha bosqichma-bosqich ishlash sirlarini aytib o‘tdi.
Marketing sirlari, mijozlarni jalb qilish, saqlab qolish va qaytarish usullari bo‘yicha Igor Mann tomonidan mahorat darslari o‘tildi.
Forumning ikkinchi kunini Marokand Group, Tapp.uz va boshqa qator kompaniyalari asoschisi, hozirda Samarkand City loyihasini amalga oshirayotgan Xurshid To‘rayev boshlab berdi. Samarqandlik multimillioner tadbirkorlikning asosiy siri omadda emas, balki muvaffaqiyatda yashirin ekanligini ta’kidladi, hamda uning barcha sirlarini birma-bir keltirdi.
Mashhur Turkiya biznes-motivatori, teledasturlar va kitoblar muallifi Firat Chakir hayotida uchragan muammolar va qiyinchiliklar, ularga qanday qilib bas kelgani haqida so‘zlab berib, barchani doimo faqat oldinga intilishga undadi: “Boshingizga qanday ish kelsa ham, o‘z maqsadingiz va yo‘lingizdan voz kechmang!”.
Azamat Osmanov – Markaziy Osiyoda eng yirik Magnum chakana savdo tarmog‘ining bosh direktori, 12 ming nafardan ortiq xodim va 1 mlrd AQSh dollaridan oshiq tovar aylanmasiga ega bo‘lgan tadbirkor, biznes ko‘lamini kengaytirish strategiyasi va qoidalari haqida so‘zlab, kichik biznesni – o‘rta, o‘rta biznesni – katta qilish borasida yo‘nalish va tavsiyalari bilan o‘rtoqlashdi.
Hayoti “Uoll-stritlik bo‘ri” badiiy filmiga asos bo‘lgan, shu nomli kitoblar turkumi muallifi, amerikalik biznesmen, xalqaro savdo aloqalari bo‘yicha ekspert Djordan Belfortning chiqishi global forumning kulminatsiyasi bo‘ldi. Biznesda tizimlilik va ehtiyotkorlik, chuqur o‘ylangan strategiya va to‘g‘ri yo‘lga qo‘yilgan savdoning juda muhimligini ta’kidlagan Belfort, tadbirkorlikda yo‘l qo‘yilgan xatoliklarni bartaraf etish va oldini olishning eng samarali va ishonchli yo‘llari haqida ma’lumot berdi.
O‘zbekiston, va Toshkent shahri jadal rivojlanib borayotgani, xalqaro miqyosdagi katta forumlar aynan poytaxtda bo‘lib o‘tayotgani quvonarli hol bo‘lib, u nafaqat mahalliy tadbirkorlar, balki Qirg‘iziston, Tojikiston, Qozog‘iston va hattoki Ozarbayjondan kelgan ko‘plab ishtirokchilari bilan ahamiyatli bo‘ldi. Bu, o‘z navbatida, mamlakatimizda biznes-turizmni rivojlanishiga o‘z hissasini qo‘shdi. O‘zbekistonlik ishlab chiqaruvchilar uchun esa ko‘rgazma hududlari tashkil qilinib, chet elga eksport salohiyatini oshirish uchun qulay imkoniyat yaratildi.
Forum O‘zbek tadbirkorlari orasida biznes madaniyatini shakllantirish, halqaro biznes haqida dunyoqarashni kengaytirgan holda ularga ishonch berdi va katta mas’uliyat hamda ambitsiyalar bilan chet el bozorlariga o‘z biznesni olib chiqishga ilhomlantirdi (reklama huquqi asosida).