Toshkentda “O‘zbekiston: Markaziy Osiyo bo‘ylab zamonlar osha sayohat” filmi namoyishi bo‘lib o‘tdi
Hujjatli film fransiyalik kinoijodkorlar tomonidan, Madaniyat va san’at jamg‘armasi tashabbusi bilan suratga olingan. Markaziy Osiyo tarixi haqida hikoya qiluvchi film mahalliy va xorijiy telekanallarda, shuningdek Luvr muzeyidagi O‘zbekiston ko‘rgazmasida namoyish etiladi.
23 oktyabr kuni Toshkentda “O‘zbekiston: Markaziy Osiyo bo‘ylab zamonlar osha sayohat” nomli yangi hujjatli film premerasi bo‘lib o‘tdi.
Film Fransiyaning “Le Poisson Volant” kinokompaniyasi, ARTE madaniyat telekanali va Luvr muzeyi bilan hamkorlikda yaratilgan. Loyiha tashabbuskori – O‘zbekiston Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi.
Ssenariy muallifi – fransiyalik Iv Nilli, rejissyor ham fransuz ijodkori – Jivko Darakchiyev. Hujjatli filmda miloddan avvalgi 4-asrda yashagan Iskandar Zulqarnayndan boshlab, milodiy 15-asrda hukmdor bo‘lgan Amir Temurning nabirasi Mirzo Ulug‘bekkacha bo‘lgan davrdagi Markaziy Osiyo tarixi haqida hikoya qilinadi.
Tomoshabin filmni ko‘rar ekan, zamonlar osha sayohat qilib, Markaziy Osiyo hududida yashagan xalqlar, ularning madaniyati, dini va turmush tarzi haqida bilib olishi mumkin.
Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi kengashi raisining o‘rinbosari Saida Mirziyoyevaning so‘zlariga ko‘ra, film keyin oy Luvr muzeyida namoyishi boshlanadigan “O‘zbekiston vohalarining xazinalari. Karvon yo‘llari chorrahasida” nomli ko‘rgazmada namoyish qilinadi.
“Maqsadimiz – O‘zbekistonning bebaho madaniy-tarixiy merosini jahon madaniyat maydonida keng yoyish va madaniyatlararo almashinuvni rivojlantirishdan iborat. Jivko Darakchiyevning ajoyib rejissyorlik ishi va butun tasviriy guruh mahorati tufayli film voqealari bizni hayajonga soladi, savdo yo‘llari va madaniy almashinuv makonlari bo‘ylab g‘aroyib sayohatga yetaklaydi. Film tomoshabinga ko‘p asrlar davomida betakror san’at namunalari va muhim me’moriy inshootlarni yaratib kelayotgan mintaqaning ulug‘vor madaniyati jamlangan maskanga sayohat qildirib, ko‘plab muhim ma’lumotlardan boxabar qiladi”, – dedi Saida Mirziyoyeva.
Fransiyaning O‘zbekistondagi favqulodda va muxtor elchisi Oreliya Bushezning aytishicha, yangi hujjatli film premerasi shu yil 23 noyabrdan Fransiyaning Parij shahrida boshlanadigan O‘zbekiston ko‘rgazmasining debochasi hisoblanadi.
“Mazkur hujjatli film Fransiyaning Luvr muzeyi va Arab dunyosi institutida bo‘ladigan ko‘rgazmalarning ochilishidan bir oy oldin tashkil etildi. Bu ikki ko‘rgazmani o‘tkazish g‘oyasi 2018 yilda janob Shavkat Mirziyoyevning Fransiyaga borib, Makron janoblari bilan uchrashganida berilgan edi.
Maqsad – O‘zbekiston-Fransiya o‘rtasidagi madaniy hamkorlikni yanada rivojlantirish. Shu bilan 2018 yildan boshlab O‘zbekistonning Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi hamda Luvr muzeyi mutaxassislari, restavratorlari 4 yil mobaynida mazkur loyiha ustida ishlashdi.
Davlatlarimiz orasida hamkorlik yanada rivojlanib bormoqda. Bugun namoyish etilgan film esa mana shu hamkorlikning yaqqol isboti desak bo‘ladi”, – dedi elchi xonim.
Jamg‘arma matbuot kotibi Elmurod Najimovning so‘zlariga ko‘ra, hujjatli filmni ishlash va ko‘rgazmaga tayyorgarlik jarayonida bejizga fransuz mutaxassislar bilan ishlanmayapti.
“2017 yilda jamg‘armamiz tashkil etilib, 2018 yildan faoliyatini to‘liq boshlab olgan. O‘shanda jamg‘armamiz xodimlari bir qancha chet davlatlari: Buyuk Britaniya, Fransiya, Yaponiya, Rossiya kabi mamlakatlarga safar ham qilishgan edi.
Noyabr oyining so‘ngida o‘tadigan katta ko‘rgazmalarimizni Londondagi Britaniya muzeyida, Yaponiya yoki Xitoy muzeylarida o‘tkazish taklifi bor edi.
Luvr muzeyi tashrif buyuruvchilar soni bo‘yicha dunyoda birinchi o‘rinni, eksponatlarga boyligi jihatidan esa Ermitajdan keyin ikkinchi o‘rinni egallagan, shuning uchun ham aynan Luvr muzeyi rahbariyati bilan memorandum imzolashga kelishib oldik. Keyinroq memorandum imzolanib, bu ko‘rgazma uchun umumiy hisobda 4 yil tayyorgarlik ko‘rdik. Ko‘rgazmaga tayyorgarlik davomida bir qancha loyihalarni amalga oshirdik. Ular qatorida taqdimoti bo‘lib o‘tayotgan “O‘zbekiston: Markaziy Osiyo bo‘ylab zamonlar osha” hujjatli filmini ham misol qilish mumkin”, – dedi u.
Uning qayd etishicha, hujjatli film fransiyalik ijodkorlar, ARTE telekanali, Luvr muzeyi xodimlari hamda mahalliy mutaxassislar bilan birga 6 oy davomida suratga olingan.
Hujjatli film rejissyori Jivko Darakchiyev filmni yaratishda tarixiy voqealarni bir-biriga ulash eng mas’uliyatli ishlardan bo‘lganini aytadi.
“Bir kun prodyusserim Sofi Goupil kelib: “Bir loyiha bor, qatnashib ko‘rasanmi?” deb qoldi. Keyin rozilik bildirib, 10 kun davomida film voqealari qanday ko‘rinishda ketadi, shularni aniqlashtirib olish uchun izlandim. Shundan so‘ng 6 oy o‘tgach, bildikki, bu hujjatli filmni suratga olish uchun biz tanlangan ekanmiz.
Hayotim davomida qisqa vaqt ichida tayyorlagan filmim shu bo‘ladi. Bu film ustida ishlashdan oldin hamma narsani noldan boshlashga to‘g‘ri keldi, chunki Markaziy Osiyo davlatlari haqida faqat umumiy ma’lumotlarni bilar edim, bu esa kamlik qilardi. Shuning uchun ham nima o‘rgangan bo‘lsam, men uchun hammasi yangilik bo‘ldi.
Jarayondagi eng mas’uliyatli ishlardan biri bu – tarixiy voqealarni bir-biriga izchil ulab ketish bo‘ldi, boisi, bunda rejissyordan faqat tarix kitoblarini o‘qish emas, balki voqealarni rosmanasiga jonlantirish talab etilardi. To‘g‘risini aytsam, men uchun eng qiyini izlanish bo‘ldi. Shunga qaramay, suratga olish jarayoni juda yaxshi o‘tdi, bizga yordam bergan hamkor tashkilotlardan minnatdormiz. So‘ngida aytishim mumkinki, natija meni qoniqtirdi”, – deydi rejissyor.
Filmni tomosha qilish davomida e’tiborimizni tortgani uning rus, ingliz va qo‘shimcha ravishda fransuz tilida namoyish etilgani bo‘ldi.
“Premerada ishtirok etganlarning aksariyati – chet ellik diplomatik korpus vakillari. Shuning uchun ham film premerasi rus, ingliz, qo‘shimcha ravishda fransuz tillarida namoyish etildi. Bundan ko‘zlangan maqsad – o‘zbek madaniyati va san’atini chet elda targ‘ib qilishdir”, – dedi jamg‘arma matbuot kotibi Elmurod Najimov.
Qo‘shimcha qilinishicha, hujjatli film yaqin orada O‘zbekistondagi telekanallarda o‘zbek tilida ham namoyish etiladi. Bundan tashqari, keyinchalik xorij telekanallari, xususan Fransiyaning eng ommabop telekanallarida ko‘rsatilishi rejalashtirilgan.
Mavzuga oid
07:03 / 16.11.2024
Saida Mirziyoyeva talabalar bilan uchrashdi
23:45 / 08.11.2024
“Agar jurnalist haq bo‘lsa, biz uni tan olishimiz kerak” – prezident
18:37 / 30.10.2024
Saida Mirziyoyeva Fashion Trust Arabia taqdirlash marosimida ishtirok etdi
20:53 / 28.10.2024