Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Olimlar dunyodagi eng qadimiy harfli yozuvning ma’nosini o‘qishdi
Fil suyagidan yasalgan taroqqa bitga qarshi duo yozilgani aniqlandi.
Quddusdagi Ibroniy universiteti olimlari fil suyagidan yasalgan kichkina taroqqa tushirilgan eng qadimgi harfli yozuvlarning ma’nosini chaqishdi. Uning yoshi taxminan 3700 yil.
Ma’lum bo‘lishicha, artefaktga kan’on tilida bitdan saqlanish duosi yozilgan.
«Ilohim bu so‘yloq soch va soqoldagi bitlarni yulib olsin», deyiladi yozuvda.
Olimlarning ta’kidlashicha, bu alifbo yordamida yozilgan birinchi to‘liq jumla hisoblanadi.
Artefaktning o‘zi 3,5 dan 2,5 santimetrgacha bo‘lgan taroq shaklida. Uning bir tomonida 6 ta qalin tish, ikkinchi tomonida 14 ta yupqa tishlar bor. O‘yilgan mayda harflarning kattaligi atigi 1-3 millimetrni tashkil qiladi. Ularning soni 17 ta.
Miloddan avvalgi 1800-yillarda kan’onliklar tomonidan ixtiro qilingan alifbo dunyodagi aksariyat zamonaviy tillarning asosini tashkil qiladi. Biroq hozirgacha u bilan yozilgan ma’nili matnlar topilmagan edi.
«Bu 3700 yil muqaddam alifbo kundalik hayotda qo‘llangani to‘g‘risidagi yaqqol dalildir. Bu insonning yozish qobiliyati tarixidagi muhim bosqichdir», deydi Yozef Garfinkel, Ibroniy universiteti professori.
Olimlar, shuningdek, fil suyagidan yasalgan taroq o‘sha davrda hashamatli buyum bo‘lganini ta’kidlashadi va bu hatto qadimgi davrda ham yuqori ijtimoiy mavqega ega bo‘lgan odamlarning parazitlardan aziyat chekkanini isbotlaydi.
Mavzuga oid
20:00 / 10.01.2026
Quvadagi qazishmalar chog‘ida miloddan oldingi davrga oid devor topildi
15:31 / 29.11.2025
Qashqadaryo vohasida 2300 yillik qal’a-shahar qoldiqlari topildi
17:33 / 11.11.2025
Qanqa shahristonida 10–11-asrlarga oid devoriy suratlar topildi
18:08 / 17.10.2024