Jahon | 23:05 / 09.11.2022
10923
2 daqiqa o‘qiladi

Tojikistonda 124 nafar amaldorning o‘g‘li harbiy xizmatga yuborildi 

Tojikiston Mudofaa vazirligi chaqiruv kampaniyasi boshlanganidan bir oy o‘tib, Qurolli kuchlar safiga chaqiruv rejasi 70 foizga bajarilgani haqida xabar berdi. Yangi chaqirilganlar orasida bir qancha mansabdorlarning farzandi ham bor. 

Foto: Reuters

2022 yilning kuzgi chaqiruvi davrida 124 nafar mansabdor va davlat xizmatchisi o‘g‘li muddatli harbiy xizmatni o‘tashga jo‘natilgan. 

Ular orasida Fayzobod, Tojikistonobod, Rasht tumani va Boxtar shahri hokimlarining o‘g‘li, shuningdek, Bosh prokuratura huzuridagi buxgalteriya hisobi va moliya boshqarmasi boshlig‘i, Jaloliddin Balxiy va Mo‘minobod tumanlari prokurorlari farzandi, shuningdek, Kulob garnizoni harbiy prokurori o‘g‘li ham bor. 

Hisobotda o‘tgan yili kuzgi chaqiruvda mansabdor shaxslar va boshqa davlat xizmatchilari va ishchilarining oila a’zolaridan 299 nafari, joriy yilgi bahorgi chaqiruvda 120 nafari harbiy xizmatga yuborilgani, ularning 19 nafari prokuratura xodimlari farzandi ekani qayd etilgan. 

Kuzgi muddatli harbiy xizmatga chaqirish mavsumi boshlanishidan oldin Tojikiston Mudofaa vaziri Sherali Mirzo o‘z qo‘l ostidagi xodimlarga murojaat qilib, ularni majburiy chaqirish usullaridan voz kechishga chaqirgan, mansabdor shaxslarning farzandlarini esa armiyaga ko‘proq jalb qilish zarurligini ta’kidlagan edi. 

Ilgari Tojikiston armiyasi safidan qochib ketish holatlarining sabablaridan biri sifatida mansabdor shaxslarning farzandlari xizmatga chaqirilmagani, oqibatda bu holat jamiyatda ijtimoiy tengsizlikka olib kelgani qayd etilgandi. 

Mavzuga oid