08:05 / 10.11.2022
7864

Oziq-ovqat mahsuloti xavfsizligi to‘g‘risidagi qonun loyihasi ishlab chiqildi

“Oziq-ovqat mahsuloti xavfsizligi to‘g‘risida”gi qonun loyihasi e’lon qilindi.

Foto: Kun.uz

Qonun loyihasi predmeti bo‘lib oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligini ta’minlash sohasidagi vakolatli davlat organlari va oziq-ovqat mahsuloti muomalasi sohasida ish olib borayotgan yuridik hamda jismoniy shaxslar oziq-ovqat mahsuloti xavfsizligini ta’minlash borasidagi huquq va majburiyatlarini huquqiy tartibga solish hisoblanadi.

Taklif etilayotgan o‘zgartish va qo‘shimchalar obekti bo‘lib oziq-ovqat mahsuloti muomalasi birinchi bosqichidan to iste’molchiga yetkazib berishgacha xavfsizligini ta’minlash, oziq-ovqat sohasida faoliyat yurituvchi tadbirkorlik sub’yektlari faoliyatida doim xavfsiz mahsulot ishlab chiqarish va yetkazib berishni, maqbul gigiyenik amaliyoti (GHP) va maqbul ishlab chiqarish amaliyoti (GMP), xavfni tahlil qilish va kritik nazorat nuqtalari tizimini (NASSR)  joriy etish, sanitariya-fitosanitariya choralarini ishlab chiqish, tasdiqlash va qo‘llash, vakolatli davlat boshqaruvi organlari oziq-ovqat mahsuloti xavfsizligi sohasidagi vazifalarini belgilash, ular funksiyalari takrorlanishi va tadbirkorlik sub’yektlari uchun qo‘shimcha to‘siqlar yaratilishi oldini olish, samarali nazorat va monitoring mexanizmlarini joriy etish, aholi ovqatdan zaharlanish holatlari oldini olish hisoblanadi.

Bildirilishicha, qonun loyihasi qabul qilinishi aholi uchun qulay yashash sharoitlarni yaratishga, ularni xavfsiz oziq-ovqat mahsulotlari bilan ta’minlashga yo‘naltirilgan amaldagi qonunchilik bazasini to‘ldirishga, oziq-ovqat mahsuloti iste’moli bilan bog‘liq bo‘lgan zaharlanishlar va o‘lim holatlarini  kamaytirishga, hayot davomiyligini uzaytirishga, ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar raqobatbardoshligini oshirishga, aholi farovonligi yo‘lida olib borilayotgan islohotlarni izchil amalga oshirish maqsadlariga erishishga xizmat qiladi.

Mavzuga oid
Top