Jahon | 09:08 / 11.11.2022
7733
2 daqiqa o‘qiladi

AQSh Rossiyani bozor iqtisodiyotiga ega davlat maqomidan mahrum qildi

AQSh Savdo vazirligi Rossiya iqtisodiyotiga hukumatning «keng» aralashuvi tufayli endi uni bozor iqtisodiyoti deb hisoblamasligini e’lon qildi. Endi Rossiyaga qarshi antidemping choralarini joriy etish osonroq bo‘ladi.

Foto: John Sonderman / flickr

AQSh Savdo vazirligi 10 noyabr, payshanba kuni Rossiyani bozor iqtisodiyotiga ega davlat deb hisoblamasligini ma’lum qildi. Vazirlik buni Rossiyada davlatning iqtisodiyotga «keng» aralashuvi sabab ekani bilan izohladi.

«Ushbu qaror Qo‘shma Shtatlarga Rossiya hukumatining o‘z iqtisodiyotiga aralashuvi kuchayishi natijasida yuzaga kelgan bozor buzilishlariga qarshi kurashish uchun AQShning antidemping qonunlaridan to‘liq foydalanish imkoniyatini beradi», — deya Reuters agentligi AQSh Savdo vazirligi so‘zlaridan iqtibos keltirgan.

Bozor iqtisodiyotiga ega mamlakat maqomi rossiyalik eksportchilar uchun muhim edi, chunki bu AQSh hukumatiga ularga antidemping choralarini, xususan bojlarni qo‘llashni qiyinlashtirayotgandi. Iqtisodiyoti Vashington tomonidan bozor iqtisodiyoti deb tan olingan davlat, uning eksporti uchun narxlar bozor tamoyillari asosida belgilanishi va shuning uchun demping emasligini isbotlash orqali qarshi choralar qo‘llanilishiga e’tiroz bildirishi mumkin.

Qo‘shma Shtatlar Rossiyani bozor iqtisodiyotiga ega davlat sifatida 2002 yilda tan olgan. Bu oradan 10 yil o‘tib Rossiyaning Jahon savdo tashkilotiga (JST) a’zo bo‘lishi yo‘lidagi muhim qadam bo‘ldi.

2021 yilda AQSh Savdo vazirligi Rossiyani bozor iqtisodiyotiga ega mamlakat maqomidan mahrum qilish g‘oyasini ko‘rib chiqqandi. Biroq, o‘shanda bunday qilmaslik to‘g‘risida qaror qabul qilindi.

Mart oyida Yevropa Ittifoqi Rossiyani JST doirasida eng qulay davlat sifatidagi savdo maqomidan mahrum qildi - bu chora Ukrainaga qarshi urushi uchun Rossiyaga qarshi Bryussel sanksiyalarining to‘rtinchi bosqichiga kiritilgan edi. Yevropa davlatlari endi Rossiya tovarlariga yuqori tariflar joriy etishi mumkin.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid