Jahon | 13:20 / 12.11.2022
9149
3 daqiqa o‘qiladi

Demokratlar Arizona shtatidan Senatdagi o‘rnini saqlab qoldi

Sobiq astronavt, demokrat Mark Kelli Arizona shtatidan Senatdagi o‘rnini saqlab qoldi, uning partiyadoshi Adrian Fontes shtat davlat kotibi lavozimini egalladi.

Foto: Getty Images

Arizonadagi oraliq saylovlarda demokrat Adrian Fontes respublikachi raqibi Mark Finchamni mag‘lub etib, shtat davlat kotibi lavozimini egalladi. 12 noyabr, shanba kuni AP agentligining eslatishicha, Fincham 2021 yilning 6 yanvarida Kapitoliyga bostirib kirishdan oldin bo‘lib o‘tgan mitingda qatnashgan va keyinchalik AQSh prezidenti etib saylangan Jo Baydenga qarshi chiqqan.

Bundan tashqari, respublikachi shtat qonunchiligidagi jiddiy o‘zgarishlar tarafdori bo‘lgan va AQSh sobiq prezidenti Donald Tramp tomonidan qo‘llab-quvvatlangan. Avgustdagi praymerizda g‘alaba qozongan Mark Fincham shtatdagi saylovlarda qonun ustuvorligini tiklashni xohlayotganini aytib: «Hozir bizda qonunbuzarlik bor», dedi.

Adrian Fontes sobiq dengiz piyoda askari va mahalliy prokuror bo‘lib, saylovoldi tashviqotini ovoz berish huquqlarini himoya qilish va’dalariga qaratgan.

Shu bilan birga, AQSh Kongressiga o‘tkazilgan oraliq saylovlarda demokratlar Senatdagi o‘z o‘rnini Arizona shtatidan himoya qildi. Sobiq astronavt Mark Kelli respublikachi raqibi Bleyk Mastersni mag‘lub etdi, deya xabar beradi CNN va CBS. Demak, AQSh prezidenti Jo Bayden vakili bo‘lgan Demokratik partiyaga Senatdagi ko‘pchilik o‘rinni saqlab qolish uchun faqat bitta joy yetmayapti.

AQShda oraliq saylovlar 8 noyabr kuni bo‘lib o‘tdi. Ularda Vakillar palatasining butun tarkibi (435 o‘rin) va Senatning uchdan bir qismi (yuztadan 35 o‘rin) qayta saylandi. Bundan tashqari, 36 shtatda yangi gubernatorlar saylanyapti.

Shtat davlat kotibi Bred Raffenspergerning aytishicha, Jorjiyada 6 dekabrga belgilangan ikkinchi raund bo‘lib o‘tadi. Bundan tashqari, Nevada shtati uchun natijalar muhimdir. U yerda demokrat Katrin Kortez Masto va respublikachi Adam Laksalt o‘rtasidagi farq bor-yo‘g‘i 800 ovozni tashkil etadi, natijalar yaqin soatlarda aniqlanishi mumkin. Senatdagi o‘rinlar teng taqsimlangan taqdirda, vitse-prezident, demokrat Kamala Xarrisning ovozi hal qiluvchi ahamiyatga ega bo‘ladi.

AQSh Kongressi Vakillar palatasida respublikachilar, tahlilchilarga ko‘ra, 220 dan ortiq ovozga ega bo‘ladi. Oddiy ko‘pchilik uchun 218 ovoz yetarli. Umuman olganda, prezident Jo Baydenning Demokratik partiyasi tahlilchilar taxmin qilganidan yaxshiroq natija ko‘rsatdi.

Mavzuga oid