14:02 / 17.11.2022
7322

«G‘alla bitimi» to‘rt oyga uzaytirildi

Iyul oyida tuzilgan bitim 19 noyabrgacha amalda bo‘lgan va tomonlardan hech biri qarshilik qilmasa, avtomatik ravishda 120 kunga uzaytirilishi mumkin edi.

Foto: Shutterstock

Ukrainadan Qora dengiz orqali g‘alla olib chiqib ketish bo‘yicha kelishuv 120 kunga uzaytirildi. Bu haqda mamlakat infratuzilma vaziri Aleksandr Kubrakov ma’lum qildi. Unga ko‘ra, qaror 17 noyabr, payshanba kuni Istanbulda tasdiqlangan.

«Kelishuv qishki sharoitlarni hisobga olgan holda joriy shartlar asosida to‘rt oyga amal qiladi», dedi AFP’ga ismini oshkor qilmaslik sharti bilan Turkiyaning yuqori martabali rasmiysi. Unga ko‘ra, qish mavsumidan keyin yangi kelishuvlar bo‘lishi mumkin.

«Men barcha tomonlarning Ukrainadan don, oziq-ovqat va o‘g‘it eksportida xavfsiz yuk tashishni rag‘batlantirish maqsadida Qora dengiz don tashabbusini davom ettirish bo‘yicha kelishuvini olqishlayman», dedi BMT bosh kotibi Antoniu Guterrish. 

BMT, Turkiya, Rossiya va Ukraina o‘rtasida 22 iyul kuni Ukraina portlaridan g‘alla va tegishli mahsulotlarni xavfsiz eksport qilish uchun dengiz yo‘laklarini yaratish bo‘yicha kelishuvga erishildi. Tashabbus 19 noyabrgacha amal qiladi va tomonlardan hech biri qarshilik qilmasa, u avtomatik ravishda 120 kunga uzaytirilishi mumkin edi. Qora dengiz don tashabbusida Turkiya kafil, BMT esa - kelishuvga guvoh. «G‘alla bitimi» doirasida Rossiyaning Ukrainaga qarshi urushi boshlanganidan beri to‘sib qo‘yilgan Ukraina oziq-ovqat eksporti 1 avgustdan boshlab Ukrainaning uchta portidan - Odessa, Chornomorsk va Yujniydan amalga oshirildi. 

29 oktyabr kuni Rossiya Ukraina portlaridan qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini eksport qilish bo‘yicha kelishuvlarda ishtirok etishni to‘xtatdi va bu qarorni Sevastopol ko‘rfazida Rossiya Qora dengiz floti kemalariga uchuvchisiz uchoqlar hujumi bilan izohladi. Rossiya TIV matbuot xizmati kelishuvlar doirasida yaratilgan «yashil yo‘lak» go‘yoki kemalarga hujum qilish uchun niqob bo‘lib qolganini bildirdi. 

Biroq, 2 noyabr kuni Rossiya «g‘alla bitimi»ni amalga oshirishni qayta boshladi. Moskva Kiyevdan insonparvarlik koridori va Ukraina portlaridan Rossiyaga qarshi harbiy amaliyotlar o‘tkazish uchun foydalanilmasligi to‘g‘risida zarur yozma kafolat oldi, deya tushuntirdi Rossiya Mudofaa vazirligi. O‘z navbatida, Kiyev Moskvaga yozma kafolat berganini rad etdi. 

Mavzu
Rossiya-Ukraina urushi
2022 yil 22 fevral kuni Rossiya Ukraina chegarasidan o‘tib, qo‘shni mamlakatga bostirib kirdi. Ukraina armiyasi jang taklif qildi.
Barchasi
Mavzuga oid
Top