O‘zbekiston | 10:27 / 10.10.2023
3982
3 daqiqa o‘qiladi

Masofadan amalga oshiriladigan notarial harakatlar doirasi kengayadi

2024 yildan notarial idoraga kelmasdan, shu jumladan chet eldan turib mol-mulkdan foydalanish bilan bog‘liq bitimlarni video-konferens-aloqa orqali rasmiylashtirish yo‘lga qo‘yish, masofadan amalga oshiriladigan notarial harakatlar doirasini kengaytirish maqsad qilingan.

Foto: notariat.ru

Bugun, 10 oktyabr kuni Samarqandda Xalqaro notarial hamkorlik komissiyasining navbatdagi yig‘ilishi konferensiya shaklida boshlandi. 

Ikki kun davomida 33 ta davlatdan tashrif buyurgan 150 nafarga yaqin soha vakillari, ekspertlar ishtirokida “Jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga, terrorizmni moliyalashtirishga va ommaviy qirg‘in qurolini tarqatishni moliyalashtirishga qarshi kurashishda notariusning o‘rni” hamda “Raqamlashtirish asrida notariatning o‘rni” mavzular muhokama qilinadi.

Konferensiyada O‘zbekiston adliya vaziri Akbar Toshqulov so‘zga chiqdi.

Ta’kidlangandek, O‘zbekistonda 2020 yildan xususiy notariuslar faoliyati yo‘lga qo‘yildi. Bugungi kunda 1000 nafardan ortiq xususiy notariuslar faoliyat yuritmoqda. 

Fuqarolarga yengillik yaratish maqsadida ko‘chmas mulk ijara va tekin foydalanish shartnomalarini, mulkdorning yaqin qarindoshlariga beriladigan avtotransport vositasini boshqarish uchun ishonchnomalarni, birlamchi bozordagi garov va ipoteka shartnomalarini majburiy notarial tasdiqlash talabi bekor qilindi. Bitimlarni tasdiqlashda eksterritoriallik prinsipi joriy etildi.

“Notarius” avtomatlashtirilgan axborot tizimiga huquqiy maqom berildi va barcha notarial harakatlar ushbu tizimda ro‘yxatga olinmoqda. Fuqarolardan talab etiladigan hujjatlar va ma’lumotlar hajmi 87 foizga qisqartirildi. E-notarius.uz rasmiy veb-sayti ishga tushirildi. Ayrim notarial harakatlar dunyoning istalgan joyidan video-konferens-aloqa orqali onlayn ravishda amalga oshirilmoqda. 

Xususiy notarial faoliyatni litsenziyalash “Lisenziya” axborot tizimi orqali to‘liq elektron shaklda amalga oshirilishi yo‘lga qo‘yildi. Shaffoflikni ta’minlash maqsadida xususiy notariuslarga litsenziya berish bo‘yicha imtihonlar onlayn translatsiya qilinmoqda. Ayrim turdagi notarial harakatlar uchun davlat boji stavkalari miqdorlari optimallashtirildi, shaffoflashtirildi hamda kamaytirildi.

2024 yildan notarial idoraga kelmasdan, shu jumladan chet eldan turib mol-mulkdan foydalanish bilan bog‘liq bitimlarni (mulk huquqini boshqa shaxsga o‘tkazishdan tashqari) video-konferens-aloqa orqali rasmiylashtirish yo‘lga qo‘yish, masofadan amalga oshiriladigan notarial harakatlar doirasini kengaytirish maqsad qilingan.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid