09:15 / 12.12.2022
12021

«Orion» kosmik kemasi Tinch okeaniga qo‘ndi

"Artemida-1" missiyasi doirasida astronavtlarsiz bo‘lgan NASA kosmik kemasi Oyga ikki marta yaqinlashdi, shuningdek, uzoq retrograd Oy orbitasiga kirdi.

Foto: Caroline Brehman-Pool/Getty Images/AFP POOL

11 dekabr, yakshanba kuni bortida astronavtlar bo‘lmagan Amerikaning «Orion» (Orion) kosmik kemasi «Artemida-1» (Artemis 1) missiyasi doirasida Oyga sinov parvozini muvaffaqiyatli yakunladi. Kosmik kemaning tushish kapsulasi AQSh G‘arbiy sohil vaqti bilan soat 09:40 da (Toshkent vaqti bilan 22:40 da) Meksikaning Quyi Kaliforniya shtati qirg‘oqlari yaqinida Tinch okeaniga qo‘ndi, deb xabar berdi AQSh Milliy aeronavtika va koinot boshqarmasi (NASA).

Space Launch System (SLS) o‘ta og‘ir raketa tashuvchisi 16 noyabr kuni Florida shtatidagi Kanaveral burnidan texnik muammolar va yomon ob-havo tufayli bir necha marta kechiktirilganidan so‘ng uchirildi.

25 kundan ortiq davom etgan missiya davomida "Orion" ikki marta - 21 noyabr va 5 dekabrda Oy atrofida uchib, uning yuzasiga taxminan 130 km masofaga yaqinlashdi. Bundan tashqari, u olti kun chuqur retrograd Oy orbitasida bo‘ldi. O‘sha paytda Oy yuzasiga masofa taxminan 85 ming km edi. Ushbu orbitada bo‘lish kemaning imkoniyatlarini baholash va uning tizimlarini Yerdan juda uzoq masofada sinab ko‘rish imkonini berdi.

"Artemida" Oy dasturining maqsadi - "Apollon" (Apollo) deb nomlangan so‘nggi missiyadan yarim asr o‘tgach, astronavtlarni Oyga qaytarish, shuningdek, Oy stansiyasi qurish va kelajakda Oyning ehtimoliy kolonizatsiyasi uchun sharoit tayyorlash.

2024 yilda NASA "Artemida-2" missiyasi doirasida Oyga to‘rt nafar astronavt yuborishni rejalashtirmoqda. Boshqariladigan kema Yer sun’iy yo‘ldoshi atrofida uchishi kerak bo‘ladi, shundan so‘ng u Tinch okeaniga qo‘nadi. 2025 yilga mo‘ljallangan "Artemida-3" missiyasi doirasida amerikalik astronavtlar yana Oy yuzasiga qo‘nadi.

Mavzuga oid
Top