Yer yuzida har yili ko‘plab to‘fonlar sodir bo‘lmoqda va minglab odamlar o‘lmoqda. Shahar va qishloqlar vayron bo‘lmoqda. Bir necha kun oldin «Otis» deb nomlangan ana shunday to‘fonlardan biri Meksikaga ancha zarar yetkazdi.

Tinch okeanida paydo bo‘lib, Meksikaning janubiy qirg‘oqlariga yopirilgan to‘fonning kuchi Saffir-Simpson shkalasi bo‘yicha eng yuqori beshinchi toifaga chiqqan.

Gerrero shtatida shamolning tezligi sekundiga 75 metrgacha yetgan. Oqibatda, odamlar halok bo‘ldi, 500 mingga yaqin turli binolar va aholi xonadonlari chiroqsiz qoldi.

«Otis» to‘foni eng yirik tabiiy ofat emas. Yaqin tarixda bundan ham yirik va vayronkorroq ko‘plab to‘fonlar sodir bo‘lgan. Quyida to‘fonlarga nega nom berilishi sabablari va XXI asrda sodir bo‘lgan yirik to‘fonlar haqida ma’lumot beramiz.

«Otis» to‘foni Meksikaning kurort shaharlariga jiddiy zarar yetkazdi

To‘fonlar nega nomlanadi?

Yer yuzi bo‘ylab sodir bo‘layotgan yirik to‘fonlarga turli nomlar berilishi odat tusiga kirgan. Buning tarixi XX asrning boshlariga borib taqaladi. Ilk bor to‘fonlarni avstraliyalik Klement Ragg nomlay boshlagan.

Ragg turli to‘fonlarni tabiat hodisalarini o‘rganish uchun mablag‘ ajratishda jonbozlik ko‘rsatgan parlament a’zolari nomlari bilan atagan.

Keyinroq, Ikkinchi jahon urushi paytida amerikalik harbiylar Karib havzasida sodir bo‘lgan turli to‘fonlarga turmush o‘rtoqlari yoki onalarining ismlarini qo‘yishgan.

1950 yildan boshlab esa to‘fonlarga harbiy alifbo fonetikasi asosida nom berish tizimi joriy etiladi. 1953 yilda to‘fonlarga yana ayollar ismini qo‘yish tartibiga qaytiladi.

1979 yildan boshlab Jahon meteorologiya tashkiloti to‘fonlarga qo‘yiladigan ismlar ro‘yxatiga erkaklar ismini ham qo‘shadi. Biroq o‘shandan keyin ham bunday tabiiy ofatlarga asosan ayollar ismi berib kelinmoqda.

To‘fonlar paydo bo‘ladigan bir nechta mintaqalarning har biri o‘z ro‘yxatiga ega. Misol uchun, Atlantika okeanida paydo bo‘ladigan to‘fonlar uchun har biri 21 nomdan iborat 6 ta ro‘yxat mavjud.

Mazkur ro‘yxat 6 yil davomida to‘fonlarga qo‘yib boriladi. Oltinchi yilda ro‘yxat tugagandan so‘ng yettinchi yildan yana birinchi ro‘yxatdagi nomlar qayta qo‘yila boshlanadi.