15:55 / 25.12.2022
18690

600 metr chuqurlikdagi shaxtaga sayohat

12 yildan beri yer qa’rida ishlayotgan konchi, 100 yilga yetadigan kon zaxirasi, dunyoning 30 dan ortiq davlatlariga eksport qilinadigan mineral o‘g‘it. Bularning barchasini o‘zida jamlagan Qashqadaryoning chekka qishlog‘idagi yirik korxona va “Tepaqo‘ton” konidan eksklyuziv reportaj.

Qashqadaryo viloyatida joylashgan 12 yillik tarixga ega Dehqonobod kaliy zavodiga press-tur o‘tkazildi. Zavoddan 42 km uzoqlikdagi Hisor tog‘ tizmasi etaklarida joylashgan tog‘-kon majmuasiga qilgan sayohatimiz press-turning eng qiziq qismi bo‘ldi.

Biz 600 metr chuqurlikka tushish uchun maxsus transportda qariyb 6 km shaxta yo‘lini bosib o‘tdik. U yerda kon ochilgandan beri ish kunining 8 soatini yer qa’rida o‘tkazadigan qahramonimiz Shavkat Safarovning faoliyati bilan tanishdik.  U hozirda kombayn mashinisti sifatida konning shimoliy qismini o‘zlashtirish loyihasida qatnashyapti.

“Bu yerda konchilar bir oiladek, bir-birimizning ishimizni to‘ldirib mehnat qilamiz. Asosiy ishimiz ruda qazib chiqarish, hozirgi kunda konning zaxirasini kengaytirish uchun yangi panel ochish ustida ishlayapmiz. Konga 45 km uzoqlikdan qatnayman. Ishga kelib-ketishimiz uchun avtobus qo‘yilgan”, - deydi u.

Ma’lumot berilishicha, kon zaxirasi 100 yilga yetadi. U yerda 182 nafar konchi mehnat qiladi.

“Yiliga kondan 2 mln 100 ming tonna selvinit rudasi qazib chiqarishimiz kerak. Shunga erishish uchun shaxtaning 9 panelida hamda shimoliy qismida o‘zlashtirish ishlari olib borilyapti. Hozirgi kunda kunlik 900 ming tonnadan ma’dan qazib chiqaryapmiz”, -   deydi tog‘-kon majmuasi boshlig‘i Odil Safarov.

Konchilar mehnati bilan qazib chiqarilayotgan xomashyo Dehqonobod kaliy zavodiiga uzluksiz yetkaziladi. Zavodda soatiga 180 tonna xomashyo qayta ishlanadi. Rudadan kaliy o‘g‘itini ajratib olishdek qiziq va murakkab jarayon bilan zavod bosh texnologi Shamsiddin Xolmurodov tanishtirdi.

“Zavod tegirmonida silvinit rudasi 1 mm hajmda maydalanib, saralab olingach, flotatsiya jarayoniga uzatiladi. Keyin ularga kimyoviy reagentlar berilgach, ma’dan loy-shlamlardan tozalanib, cho‘kma hosil qiladi. Shundan so‘ng kaliy xlor ma’danlarini o‘ziga biriktirib, ko‘pik bilan yuqoriga olib chiquvchi yig‘uvchi reagent beramiz. Shu tarzda bosqichma-bosqich kaliy xlorni ajratib olamiz”, - deydi u.

Dehqonobod kaliy zavodida o‘tgan davr mobaynida 3 mln tonna mahsulot ishlab chiqarilib, shundan 2 mln 100 ming tonnasi dunyoning 30 dan ziyod davlatlariga eksport qilindi. Bugungi kunda zavod o‘z yo‘nalishi bo‘yicha Markaziy Osiyoda yirik korxona hisoblanadi. Birinchi bosqichda ishlab chiqarish quvvati yillik 200 ming tonna bo‘lgan korxona ishga tushirilgan bo‘lsa, ikkinchi bosqichda yillik 400 ming tonna hajmga ega qayta ishlash majmuasi foydalanishga topshirilgan. Dehqonobod kaliy zavodi AJ boshqaruv raisi Rahmat Usarovning aytishicha, hozirgi kunda mahsulot ishlab chiqarishda samaradorlikka erishish uchun sohada 100 yillik tajribaga ega eng yirik kompaniya - Rossiyaning “Uralxim” AJ bilan hamkorlik yo‘lga qo‘yilgan.

“Rossiyaning “Uralxim” kompaniyasi bilan kelishgan holda 2023 yilning dekabr oyida har bir yo‘nalish bo‘yicha mutaxassislarimizni Rossiyaga bir oylik o‘qishga yubormoqchimiz. Bu kompaniya bilan shu yilning aprel oyidan beri hamkorlik qilyapmiz. Hozirgi kunda birgalikda chiqindiga chiqib ketayotgan kaliyni 3,8% dan 3% ga tushirdik. Natijada yana 5 ming tonna mahsulot omborga kelib tushdi”,  - deydi boshqaruv raisi.

Shuningdek, jamiyat rahbariyati ishlab chiqarishda elektr energeyasini tejash choralarini ham ko‘rmoqda. Shu yilning ikkinchi yarmida zavod hududiga 280 kVt quyosh panellari o‘rnatildi. Natijada yil yakunigacha 150 kVt elektr energiyasi tejashga erishiladi. Bundan tashqari «O‘zkimyosanoat» AJ tashabbusi bilan «Dehqonobod kaliy zavodi» homiyligida shu paytgacha elektr energiyasi yetib bormagan Konsoy qishlog‘iga elektr toki yetkazib berildi.

Press-turda zavod tranformatsiyasi bo‘yicha ham ma’lumot berildi. Ma’lumki, «O‘zkimyosanoat» AJ  yirik korxonalari qatorida Dehqonobod kaliy zavodi ham bosqichma-bosqich xususiylashtiriladi. Zavod boshqaruv raisining aytishicha 2023 yilning ikkinchi choragida zavod aksiyalarining sotuvga qo‘yilishi bo‘yicha e’lon berilgan. Buning uchun hozirda silvinit zaxirasini aniqlash bo‘yicha ishlar olib borilmoqda.

Top