Jahon | 13:11 / 05.01.2023
10646
2 daqiqa o‘qiladi

Xitoy va tez rivojlanayotgan boshqa davlatlar suyultirilgan gaz xaridini kamaytirdi

Xitoy va iqtisodiyoti tez rivojlanayotgan boshqa mamlakat kamroq STG sotib olishni boshladi. Bu Yevropada STGga talab ortib borayotgani bilan bog‘liq. 

Foto: Reuters

Xitoy va iqtisodiyoti tez rivojlanayotgan boshqa davlatlar tomonidan suyultirilgan tabiiy gaz (STG) importi Yevropada talab ortib borayotgan bir sharoitda sezilarli darajada kamaydi. Icis Bozor tadqiqotlari instituti ma’lumotlariga ko‘ra, STG importining katta ulushi Yevropa mamlakatlariga o‘tdi, chunki Yevropa davlatlari Rossiyadan tabiiy gaz yetkazib berish to‘xtatilishi fonida ushbu turdagi yonilg‘i sotib olishni ko‘paytira boshladi, deb xabar beradi Handelsblatt gazetasi 4 yanvar, chorshanba kuni. 

Icis ma’lumotlariga ko‘ra, Xitoy 2022 yilda STG importini 21 foizga - 16 million tonnagacha, Braziliya 72 foizga va Hindiston 17 foizga qisqartirgan. Xitoyda koronavirusga qarshi qattiq cheklovlar ham suyultirilgan gaz importining kamayishiga turtki berdi. Yevropa davlatlarida ushbu yonilg‘iga talabning keskin ortishi natijasida STG narxi oshishi yana bir omilga aylandi.

Icis ma’lumotlariga ko‘ra, Fransiya STG importini 99 foizga - deyarli 13 million tonnagacha, Belgiya - 167 foizga, Niderlandiya esa 99 foizga oshirdi. Germaniya dekabrgacha STG yuklarini qabul qilish uchun bitta ham dengiz terminali bo‘lmagani sababli qo‘shni mamlakatlarga importning ko‘payishidan foyda ko‘rdi. 

Shu bilan birga, Icis ekspertlarining prognoziga ko‘ra, Xitoy koronavirusga qarshi choralar kuchsizlangani sababli bu yil STG importini yana oshiradi va bu suyultirilgan gaz global bozoridagi vaziyatni yanada keskinlashtiradi. 

Mavzuga oid