Jahon | 20:26 / 06.01.2023
33161
3 daqiqa o‘qiladi

Meksikada narkobaron El Chapo o‘g‘li hibsga olindi 

Shu sababli u yerda tartibsizliklar boshlandi, oqibatda o‘n kishi halok bo‘ldi. 

Foto: AP

Meksika politsiyasi harbiylar bilan birgalikda Sinaloa narkokartelining taxminiy rahbari, narkobaron El Chaponing o‘g‘li Ovidio Gusman-Lopesni hibsga oldi. Shundan so‘ng, narkokartel a’zolari Kuliakan shahrida tartibsizliklarni uyushtirishdi. 

Sinaloa gubernatori Ruben Rochaning aytishicha, erta tongdan tushgacha davom etgan tartibsizliklar davomida 12 ta otishma sodir bo‘lgan, natijada 7 nafar huquq-tartibot xodimi halok bo‘lgan, yana 21 nafari yaralangan. 

Tinch aholi orasida 11 kishi yaralangan, ulardan 3 nafari halok bo‘lgan. Bundan tashqari, shaharda 25 ta talon-taroj qilish, shuningdek, 250 ta mashinaga o‘t qo‘yish holatlari qayd etilgan, keyinchalik ular ko‘chalarni to‘sib qo‘yish uchun ishlatilgan. 

Bundan tashqari, ma’lum qilinishicha, narkokartel azolari Ovidio Gusman-Lopesni olib ketishga xalaqit berish uchun samolyotlarga o‘q uzgan. Keyinroq vaziyat barqarorlashgan.  

Meksika rasmiylari giyohvand moddalar kartelining yetakchisi deb taxmin qilingan shaxs poytaxt Mexikoga olib borilganini tasdiqladi. Endi u Qo‘shma Shtatlarga ekstraditsiya qilinadi. 

2019 yilda Ovidio Gusman-Lopes xuddi shunday operatsiya davomida hibsga olingan edi, ammo keyin narkokartel a’zolari shaharda keng ko‘lamli tartibsizliklar uyushtirishdi, bir qancha harbiylarni garovga olishdi, shuningdek, narkobaronni hibsga olgan politsiyachilar guruhini qurshab olishga muvaffaq bo‘lishdi. Shundan so‘ng, rasmiylar qon to‘kilishini to‘xtatish uchun Ovidio Gusman-Lopesni qo‘yib yuborishgan edi. 

2022 yil dekabr oyida AQSh rasmiylari Ovidio Gusman-Lopes va uning uch aka-ukasini hibsga olishga yordam beradigan ma’lumot uchun 5 million dollar mukofot taklif qildi. 

Xoakin Gusman (El Chapo) dunyodagi eng mashhur narkobarondir. U Meksikada ikki marta qamalgan va har ikkalasida ham qochib ketgan. Oxirgi marta qamoqdan 2015 yilda yerosti tunnelidan foydalangan holda qochgan. 

El Chapo qochib ketganidan 6 oy o‘tib Meksikada yana hibsga olindi va 2017 yilda AQShga ekstraditsiya qilindi. 2019 yil iyul oyida AQSh federal sudi narkobaronni umrbod qamoq jazosiga hukm qildi. 

Mavzuga oid