Namangan va Andijon xalqaro aeroportlarida quyuq sovuq tuman tufayli ko‘rinishning yomonlashishi havo kemalarini qabul qilish va jo‘natishning vaqtincha to‘xtatilishiga olib keldi.
![](https://storage.kun.uz/source/9/GZtfV0MnIDcv9gvWUfDhqPJ9UW_82FZK.jpg)
Namanganda ko‘rinish chegarasining 700 metrgacha pasayib ketishi sababli Uzbekistan Airways aviakompaniyasining HY9816/9821 (Orenburg — Namangan — Irkutsk) va HY9822/94 (Irkutsk — Namangan — Toshkent) yo‘nalishlari bo‘yicha reyslari o‘zgartirildi.
Air Arabia aviakompaniyasining G9784/785 (Sharja — Namangan — Sharja), shuningdek, Red Wings aviakompaniyasining WZ4483/4484 (Moskva — Namangan — Moskva) reysi Toshkent xalqaro aeroportidan amalga oshiriladi.
Noqulay ob-havo sharoiti (ko‘rish masofasi 900 metr) Andijon aeroporti ishining cheklanishiga ham sabab bo‘ldi. Uzbekistan Airways'ning HY091 (Toshkent — Farg‘ona), HY049 (Farg‘ona — Samarqand), HY050 (Samarqand — Farg‘ona) va HY092 (Farg‘ona — Toshkent) reyslari o‘zgartirilgan yo‘nalish bo‘yicha amalga oshiriladi.
Noqulay ob-havo tufayli Namangan va Andijon aeroportlari vaqti-vaqti bilan o‘z ishini to‘xtatib, qayta tiklashga majbur bo‘lmoqda.
Parvozlar jadvalidagi o‘zgarishlar to‘g‘risidagi batafsil ma’lumotlarni aviatashuvchilardan olish mumkin.