Jahon | 08:31 / 09.01.2023
7915
6 daqiqa o‘qiladi

Braziliyada Bolsonaru tarafdorlari kongress binosiga bostirib kirdi

Braziliyada prezidentlik saylovlari natijalaridan norozi bo‘lgan minglab namoyishchilar parlament, Oliy sud va davlat rahbari qarorgohiga bostirib kirishdi. Lula da Silva federal kuchlardan foydalanishga qaror qildi.

Foto: Shutterstock

Braziliyaning sobiq prezidenti Jair Bolsonaru tarafdorlari uning saylovlardagi mag‘lubiyatini tan olishdan bosh tortgan holda, 8 yanvar, yakshanba kuni Milliy kongress, Oliy sud va davlat rahbarining poytaxt Braziliadagi qarorgohiga bostirib kirishdi.

Mahalliy OAV tomonidan e’lon qilingan fotosuratlar va videolarda Braziliya bayroqlarini ushlab olgan, yashil va sariq liboslardagi minglab namoyishchilar politsiya to‘siqlarini yorib o‘tib, deraza va eshiklarni sindirib, so‘ngra hukumat binolariga bostirib kirganini ko‘rish mumkin. Ichkariga kirib, ular u yerda vandalizm harakatlarini amalga oshirdi. Politsiya ko‘zdan yosh oqizuvchi gaz ishlatdi, ammo namoyishchilarga qarshilik ko‘rsata olmadi.

Foto: AP

San-Paulu shtatiga amaliy safar bilan borgan Braziliya prezidenti Luiz Inasiu Lula da Silva federal kuchlarni shaharda tartibni tiklashga jalb qilishni buyurdi. Buyruq 31 yanvargacha amal qiladi. Bundan tashqari, davlat rahbari tartibsizliklarga sababchi bo‘lganlarni jazolashga va’da berdi va ularni «fanatik fashistlar» deb atadi. «Biz bu vandallarning kimligini aniqlaymiz va ular qonun doirasida to‘liq jazolanadi», — dedi u matbuot anjumanida.

Foto: AP

Sharhlovchilar hozirgi voqealarni 2021 yil 6 yanvarda prezidentlik saylovlarida mag‘lub bo‘lgan Donald Tramp uzoq vaqt davomida ovoz berish natijalarini tan olishdan bosh tortganidan so‘ng AQSh Kongressi binosiga bostirib kirish holati bilan solishtirmoqda.

Braziliya poytaxtidagi tartibsizliklar allaqachon AQSh, Yevropa Ittifoqi va Lotin Amerikasining qator davlatlari tomonidan qoralandi. Argentina prezidenti Alberto Fernandes Twitter sahifasida: «Braziliyada sodir bo‘layotgan voqealarga noroziligimni bildirmoqchiman. Men va Argentina xalqi Lula da Silvani u to‘qnash kelgan davlat to‘ntarishiga urinish xavfi oldida so‘zsiz qo‘llab-quvvatlaymiz», deb yozdi. Chili prezidenti Gabriel Borich «demokratiyaga qo‘rqoq hujum» haqida gapirdi. Kolumbiya rahbari Gustavo Petro Amerika davlatlari tashkilotining shoshilinch yig‘ilishini taklif qildi va shunday deb ta’kidladi: «Fashizm zarba berishga qaror qildi. O‘nglar zo‘ravonlikka yo‘l qo‘ymaslik shartnomasini bajarmadi».

Eraldo Peres / AP / Scanpix / LETA
Foto: AP
Bolsonara tarafdorlari prezident saroyidagi kabinetlardan birida
​​​​​​Eraldo Peres / AP / Scanpix / LETA

AQSh prezidenti Jo Bayden vaziyatni «g‘azablantiradigan» deb atadi. Milliy xavfsizlik bo‘yicha maslahatchi Jyeyk Sallivan «Qo‘shma Shtatlar Braziliyada demokratiyaga putur yetkazish bo‘yicha har qanday sa’y-harakatlarni qoralaydi», deb yozdi. Unga ko‘ra, Bayden vaziyatni diqqat bilan kuzatib bormoqda. «Braziliya demokratik institutlarini qo‘llab-quvvatlashimiz qat’iy. Braziliya demokratiyasi zo‘ravonlikdan silkinmaydi», - deya ta’kidladi u.

«Braziliya xalqi va demokratik institutlarning irodasiga hurmat ko‘rsatish kerak», dedi Fransiya prezidenti Emmanuel Makron va da Silva Parijning qo‘llab-quvvatlashiga ishonishi mumkinligini qo‘shimcha qildi. Yevropa kengashi raisi Sharl Mishel ham «erkin va adolatli saylovlar natijasida millionlab braziliyaliklar tomonidan demokratik tarzda saylangan» da Silvani qo‘llab-quvvatlashini bildirdi. Yevropa Ittifoqining tashqi siyosat bo‘yicha rahbari Jozep Borrel «zo‘ravonlik harakatlari va Braziliya hukumat kvartalining zo‘ravon ekstremistlar tomonidan noqonuniy egallab olinishidan hayratda qolganini» aytdi.

Foto: AP

O‘tgan hafta Braziliyada Lula da Silva inauguratsiyasi bo‘lib o‘tdi. U oktyabr oyida o‘tgan prezidentlik saylovlarining ikkinchi bosqichida 50,9 foiz ovoz bilan g‘alaba qozongan, uning raqibi Bolsonaru esa 49,1 foiz ovoz oldi. O‘zining o‘ta o‘ng qarashlari va COVID-19 pandemiyasi haqidagi shubhasi bilan tanilgan Bolsonaru mag‘lubiyatini tan olmadi va tarafdorlari tomonidan o‘tkazilgan saylovdan keyingi namoyishlar «saylov jarayonidagi g‘azab va adolatsizlik tuyg‘usi natijasi» ekanligini aytdi.

Ueslei Marcelino / Reuters / Scanpix / LETA
Sergio Lima / AFP / Scanpix / LETA

Inauguratsiya qoidalariga ko‘ra, saylangan prezidentga o‘zidan oldingi prezident tomonidan maxsus tasma sovg‘a qilinishi kerak, biroq Bolsonaru bir necha kun avval Braziliyadan Floridaga uchib kelgani uchun marosimda qatnashmadi. Ketishdan oldin Bolsonaru ijtimoiy tarmoqlarda o‘z tarafdorlariga murojaat qilib, «janglar yutqazildi, ammo biz urushda yutqazmaymiz» deya murojaat qildi hamda ularni tartibsizliklarga yo‘l qo‘ymaslik va mamlakat konstitutsiyasini hurmat qilishga chaqirdi.

Sergio Lima / AFP / Scanpix / LETA
Eraldo Peres / AP / Scanpix / LETA

Da Silva qasamyod qilgan kuni Braziliya politsiyasi pichoq va portlovchi moslamasi bo‘lgan erkakni qo‘lga oldi – u esplanadaga kirishga uringan. Inauguratsiya Lulaga o‘zidan oldingi prezident tarafdorlari tomonidan yuborilgan tahdidlar tufayli kuchaytirilgan xavfsizlik choralari ostida o‘tkazildi.

Mavzuga oid