Janubiy Amerikada JCh-2026 saralashi doirasida 14-tur uchrashuvlari bo‘lib o‘tdi, uning yakunlariga ko‘ra Argentina yakuniy bosqichga yo‘llanmani kafolatladi va chempionlikni himoya qiladigan bo‘ldi.

Turli darajadagi jamoalar

Argentina — Braziliya 4:1
Gollar: Alvares (4), Fernandes (12), Mak Allister (37), Simeone (71) — Kunya (26). 
Argentina — Martines, Molina, Romero, Otamendi, Talyafiko (Medina, 76), Paredes (Palasios, 82), Fernandes, Mak Allister (Pas, 76), Almada (Simeone, 68), de Paul, Alvares (Korrea, 82). 
Braziliya — Bento, Uesli, Markinos, Murillo (Ortiz, 46), Arana, Joelinton (Gomes, 46), Andre (Ederson, 84), Rafinya, Rodrigo (Endrik, 46), Vinisius, Kunya (Savinio, 69). 
Ogohlantirishlar: Murillo (28), Rafinya (40), Talyafiko (40), Almada (41), Otamendi (70), Andre (71), De Paul (75), Ortiz (79), Endrik (87), Fernandes (90+1).

Janubiy Amerikada Argentina va Braziliya o‘yinlari uzoq vaqt davomida Messi va Neymar dueli sifatida taqdim etilgan. Ushbu serial cho‘qqisi – 2021 yilgi Amerika Kubogi finali bo‘lgandi. Bu Leoning milliy jamoasi bilan dastlabki chempionligi bo‘lgandi va o‘shanda u eski qadrdonini bag‘riga bosib yupatgandi.

Bu safar ularning ikkisi ham salomatligidagi muammolar tufayli maydonga tusha olishmasdi. Natijada o‘yin ayni vaqtda Ispaniyada «Barselona» va «Atletiko» safida yorqin mavsum o‘tkazayotgan Rafinya va Hulian Alvares qarama-qarshiligiga aylanishi kutilgandi. Qolaversa, braziliyalik vinger o‘yindan oldin Romarioga bergan intervyusi vaqtida olovga moy sepib, argentinaliklar manziliga yomon so‘zlar aytdi. «Shubha yo‘q, biz Argentina bilan hisob-kitob qilmoqchimiz. Ularga gol uramanmi? Ha. Jin ursin ularni», dedi u afsonaviy futbolchining so‘zlarini ma’qullagan holda.

Natijada ijtimoiy tarmoqlar argentinalik futbolchilarning unga e’tirozli javoblari bilan to‘ldi. Otamendi «tili uzun» Rafinyaning yuziga tirsagi bilan zarba bergani aks etgan foto mamlakatda kun fotosiga aylandi. Natijada Boliviya va Urugvay o‘rtasidagi durang tufayli Argentina maydonga tushmasidan mundial yo‘llanmasiga ega chiqqan bo‘lsa-da, Braziliyaga qarshi o‘yinga katta shasht bilan tushdi. Rafinya yirtqichni uyg‘otib yuborgandi.

Mezbonlar o‘z muxlislari hayqiriqlari ostida ilk daqiqadan katta kuch bilan oldinga tashlanishdi va ashaddiy raqibning ko‘zini ochirishmadi. Braziliya kuchli pressing tufayli o‘z jarima maydoni atrofidayoq to‘p oldirib qo‘ya boshladi, diskvalifikatsiyaga uchragan Gabriel Magalyans yo‘qligi tufayli himoya chizig‘ida katta bo‘shliqlar yuzaga keldi. Pragmatik va tizimli «Nottingem»da yaxshi mavsum o‘tkazayotgan 22 yoshli Murillo milliy jamoada ishonchni oqlamadi va avvaliga Alvaresga tezkor gol sovg‘a qildi, keyin esa Enso Fernandesga uzatilgan to‘pni to‘sa olmadi. Bundan tashqari, yarimhimoya markazi ham Jyersonning jarohati va Bruno Gimarayeshning ortiqcha sariq kartochkasi tufayli ham sifatni yo‘qotgandi.