Jamiyat | 21:00 / 26.01.2023
28646
8 daqiqa o‘qiladi

Ta’limdagi ishlarimiz nega samarasiz bo‘lmoqda? - ekspertlar bilan intervyu

Uzaytirilgan ta’til muddati tugab, 23 yanvardan O‘zbekistondagi barcha maktablarda yo onlayn va yo oflayn tarzda o‘qishlar boshlandi.

Yangi chorak xalq ta’limi vazirligiga boshqa bir vazirlikning qo‘shib yuborilishi va tizimga yangi vazir tayinlanishidan keyingi boshlanish ekani bilan ham ahamiyatli.

Kun.uz muxbiri bugun xalq ta’limi, unda o‘quvchilar, ota-onalar va hatto o‘qituvchilarning o‘zi ham qoniqmaydigan sifatsizlik, shu sifatsizlikni qanday qilib sifatliga aylantirish mumkinligi hamda yangi vazir endi nima qilishi kerak, degan savollar atrofida ta’lim ekspertlari: Bahodir G‘aniyev, Abdurahim Nosirov hamda Toshkentdagi “Lider” xususiy maktabi direktori Feruza Vahobova bilan intervyu o‘tkazdi.

Kun.uz:

— Biz yangi tuzilma, vazirlik, strategiyalarni yangilash, rejalar haqida gapiryapmiz-u, bundan avval ham ta’limni rivojlantirish bo‘yicha hujjatlar juda ko‘p qabul qilingan. Bugun ularni hisoblasak, tonna-tonnalab hujjat chiqadi.

Xo‘sh, nega shu hujjatlar bilan islohot qilolmadik, nega ular ish bermadi. O‘zbekistonda qabul qilingan hujjat, qaror, qonunlar faqat vazirlik binosida qolib ketaverishi, islohotlar pastga tushmasligining sababi nima?

Bahodir G‘aniyev:

— Bu savolning javobi faqatgina ta’lim tizimiga oid emas. Xuddi shu vaziyatni boshqa bir sohaga o‘girsak ham vaziyat shunday bo‘ladi. Bir gap bor: qog‘oz hamma narsani «ko‘taradi». Har bir qarorni chiqarishdan oldin uni amalga oshirish mexanizmini o‘ylash kerak. Talab etilayotgan barcha resurslar mavjud bo‘lishi kerak. Resurslar yetarli bo‘lsagina mexanizm ishlaydi. To‘g‘risini aytsam, menimcha, bu narsani qonun-qaror qabul qilayotganlar tushunmaydi. Afsuski, men hamma narsa o‘ylab qilinyapti, deya olmayman.

Hukumatda boshboshdoqlik bor. Agar prezident tomonidan imzolangan qarorlarning bittama-bitta ijrosini ko‘rib chiqadigan bo‘lsak, yarmiga yaqini joyidan siljimagan bo‘lib chiqadi. Masalan, prezident bir necha yil oldin vazirliklar va administratsiya qoshida ekspertlar va jamoatchilik kengashlari tuzilishi haqida qaror chiqargan, lekin yo‘q, bo‘lmadi. Yana bir misol: prezident badiiy adabiyotlarni chop etish va sotish tizimi yo‘lga qo‘yish kerakligi haqida gapirgan edi. 6 yil bo‘ldi, lekin bu masalada yarim qadam ham oldinga siljish yo‘q. Demak, davlat rahbari berayotgan qarorlarning hammasi ham amalga oshmayapti.

Demoqchimanki, qarorlar bor, lekin mexanizmi yo‘q. Ta’limda ham xuddi shunday. Hozirgi holatdagi bir misolni keltirmoqchiman. Kecha bo‘lib o‘tgan prezident yig‘ilishida maktablarga ikkinchi chet tilini kiritish va 64 ta kasbiy yo‘nalishlarni kiritish topshirig‘i bo‘ldi. Va buni shu yil sentabr oyidan amalga oshirish aytildi. O‘zi «cho‘loq» xalq ta’limiga asosiy dastur sifatini ko‘tarmasdan, o‘quv dasturlarini qayta ko‘rib chiqmasdan turib, bunday qilish noto‘g‘ri. Yangi vazirga mexanizmi yo‘q, qilib bo‘lmaydigan katta yuk qo‘yyapmiz. 64 ta kasbni qilib bo‘lmaydi. Endi hokimiyatlarga, tuman hokimliklariga topshiriq tushadi, sovet tizimidagiga o‘xshab tumandagi korxonalarni biriktirish boshlanadi. Hech qanday natija bo‘lmaydi.

To‘g‘ri, men kasb kiritishga qarshi emasman. Maktabda kasb o‘rgatish tizimi bo‘lishi normal holat. Lekin kasb deganda, IT sohasi, intellektual rivojlanishni talab qiluvchi, aqliy ishga tayanuvchi kasblarga yo‘naltirish to‘g‘ri bo‘ladi. Bunday qarorlar qabul qilishga ta’sir qilayotgan odamlar aslida ta’lim tizimini bilmaydigan, o‘zini mutaxassis hisoblaydigan kishilar.

Abdurahim Nosirov:

— Qarorlar ishlamayotganining sabablari ko‘p. Shulardan biri kadrlar bilan bog‘liq masala. Qabul qilinayotgan qarorlar qaysidir muammoni hal qilishga qaratilgan. Lekin amalda ishlashi uchun yuqoridan nazorat va ijro sifatli bo‘lishi kerak. Ishlamayotganiga bir sabab qarorlar yuqoridan to‘liq ishlab chiqilmagani bo‘lsa, ikkinchidan, ijro etuvchilar tomonidan bajarilmayotgani. Hatto ijro etib ulgurib bo‘lmaydigan darajada hujjatlar qabul qilindi.

Har bitta rahbar tayinlangan paytda vazifalar qo‘yiladi. U rahbar esa tez o‘zini ko‘rsatish uchun ko‘proq shouga ishlab ketyapti ko‘p holatlarda. Shuning ortidan ham ko‘p qarorlar qabul qilinadi. Bir-birini davom ettiruvchi qarorlar o‘rniga oldingisini inkor etuvchi qarorlar qabul qilinyapti. Qarorlar va ijrolar o‘rtasida uzviylik bo‘lmasa, bundan keyin ham shunday holat davom etaveradi.

Feruza Vahobova:

— Xususiy sektor bo‘lganimiz bilan, biz ham davlat tomonidan qabul qilingan qonunlar va qonunosti hujjatlar asosida ishlaymiz. Har bir rahbar o‘sha qonunlar asosida nima yotganini chuqur tushunishi kerak.

Biz ta’limni shunday tashkil etishimiz kerakki, har bir inson ijtimoiy tomondan o‘z o‘rnini topishi, oilasining boquvchisi bo‘lishi, jamiyatga foyda keltirishi kerak. Ta’limga berilayotgan kapital davlatni rivojlantirishga xizmat qiladi. Doim mehnat bozoridagi kasblar talabini kuzataman, kimlar kerak ekanligini bilib, ta’lim jarayonini shunga qarab tashkil etamiz. Davlat tomonidan belgilangan standartlarga amal qilamiz, lekin bizda qo‘shimcha imkoniyatlar bor. Aynan mehnat bozorida talab bo‘lgan kasblarga bolalarni yo‘naltiramiz.

O‘zbekiston respublikasida ta’limni 2030 yilgacha rivojlantirish konsepsiyasi juda yaxshi yozilgan. Biz uni har tomonlama o‘rganib chiqqanmiz. STEAM tizimi, shaxsga yo‘naltirilgan ta’lim kabi ko‘plab yaxshi tomonlari bor. Lekin boshqaruv tizimidagi ishlaydigan rahbarlarning o‘zi STEAM nima ekanini bilmaydi. Biz shu o‘zgarishlarni xohlayapmiz. Lekin boshqaruv tizimidan tortib to o‘qituvchigacha o‘zgarish nima uchun kerakligini tushuntirmasdan, tayyorlamasdan, bo‘yniga osib qo‘yyapmiz. Ta’lim tizimi qotib qolgan, uni o‘zgartirish qiyin masala. Chunki uning qamrovi katta: boshqaruvdagi shaxslardan to o‘qituvchilar va ota-onalar ham.

Aks ta’sir qilish bo‘lyapti. Biz o‘qituvchilarga qancha ko‘p informatsion tazyiq o‘tkazsak va ular buni tushunmasa, qarshilik, asabiylik kabilar kuzatiladi. Vazirlikda esa umuman ochiqlik, shaffoflik yo‘q. Hujjatlarni ko‘rmaymiz. Qabul qilinayotgan hujjat, qarorlar nima uchun kerakligi tushuntirilishi, izohlanishi kerak. Tizim deganda, o‘sha tizimning xar bir bo‘g‘ini ishlashi, uzviylik bo‘lishi lozim.

Vazirlar almashyapti. Biz yangi rahbar kelganini sezmasligimiz, ya’ni oldingi islohotlar davom etishi kerak. «Tizimli xotira» ishlamayapti. 

Intervyuni to‘liq holda yuqoridagi video orqali tomosha qilishingiz mumkin.
Ilyos Safarov suhbatlashdi.
Tasvirchi va montaj ustasi – Nuriddin Nursaidov.

Mavzuga oid