Suv-botqoq hududlari – o‘simlik va jonivorlar uchun eng ishonchli joy
Bugun, 2 fevral – Butunjahon suvli-botqoqli yerlar kuni. Bu to‘g‘risida xalqaro ahamiyatga molik konvensiya imzolangan. Suv-botqoq hududlari ko‘pgina noyob jonizotlar uchun boshpana, nasl qoldirish maskani hisoblanadi.
Ko‘pgina o‘simlik va hayvon turlari, jumladan, bir qator noyob va yo‘qolib ketish xavfi ostida turgan turlar suv-botqoqlarda yashaydi. Suvli yerlarda o‘sadigan o‘simliklar yirtqichlardan boshpana va qushlar uchun uya bo‘lib xizmat qiladi. Ba’zi hayvonlar turlari butun hayotini botqoq yerlarda o‘tkazadi, boshqalari – majburiy turlar – nasl berish uchun suv-botqoq yerlariga borishlari kerak.
Suv-botqoq yerlari bu – yerning suv bilan to‘yingan yoki yilning bir qismi doimiy suv bilan qoplangan maydonlar. Suvli yerlarda uch xil o‘simliklar o‘sadi: suv ostida o‘sadigan suvosti o‘simliklari, suv yuzasida suzuvchi o‘simliklar va botqoq o‘simliklarning ko‘p qismini tashkil etuvchi o‘simliklar.
Chuchuk suvli botqoqlarda o‘t, yovvoyi gul va butalar, sho‘r suvli botqoqlarda esa qamish, sho‘r o‘simliklar mavjud. Suv-botqoq o‘simliklari suvni ushlab turishga yordam beradi, bu esa mahalliy daryolarni suv bosishidan saqlaydi va suv eroziyasining oldini oladi.
Turli jonivorlar o‘z uylarini botqoqli joylarda quradi. Qunduz, kiyik, qorakuzan va ondatralar suvli yerlarda yashashi mumkin bo‘lgan sutemizuvchilar sirasidan.
Alligator, ilon, toshbaqa, triton (kaltakesaksimon jonivor) va samandar (salamandra) suv-botqoqli joylarda yashaydigan sudraluvchilar va amfibiyalar qatoriga kiradi. Qisqichbaqalar, chivinlar va ninachilar kabi umurtqasiz jonzotlar ham suv-botqoqli joylarda yashaydi.
Ba’zi hayvonlar uchun botqoqlar o‘z uylari bo‘lsa, boshqalari ko‘payish uchun bu yerlarda to‘xtaydi. Qushlar, qoraquloqlar va qizil qanotli qoraquloqlar suv-botqoqli yerlardan uya qo‘yish joyi va qo‘riqxona (ijtimoiy qushlar birgalikda uya quradigan joylar) sifatida foydalanadi.
Chiziqli bass, dengiz olabalig‘i va boshqa baliqlar suv-botqoq yerlardan urug‘ qo‘yish uchun joy va o‘z avlodlari uchun pitomnik sifatida foydalanadi. Kanada g‘ozlari, ko‘k turnalar va lochinlar kabi ko‘chib yuruvchi qushlar ko‘pincha dam olish uchun suv-botqoq joylarda to‘xtaydi, quyonlar, qurbaqalar va boshqalar esa yashash joyidan boshpana va yirtqichlardan yashirinish uchun foydalanadi.
1971 yil 2 fevral kuni Eronning Ramsar shahrida xalqaro ahamiyatga ega, asosan suvda suzuvchi qushlarning yashash makoni bo‘lgan suvli-botqoqli hududlar to‘g‘risidagi konvensiya imzolandi. Hujjat imzolangan kun Butunjahon suvli-botqoqli hududlar kuni (World Wetlands Dai – VVD) sifatida keng nishonlanadi.
Ramsar konvensiyasining asosiy maqsadi butun dunyo bo‘ylab barqaror rivojlanishga erishish vositasi sifatida suv-botqoq hududlarini muhofaza qilish va ulardan oqilona foydalanish hisoblanadi.
Jahon suv-botqoqlik kuni birinchi marta 1997 yilda nishonlandi. Kunning mavzusi suv-botqoq hududlarni muhofaza qilish va ulardan oqilona foydalanishdir. Ramsar konvensiyasiga qo‘shilishning asosiy shartlaridan biri o‘z hududida kamida bitta Ramsar hududini yaratishdir.
Hududni tanlash murakkab mezonlarga muvofiq amalga oshiriladi. Ramsar hukumati tomonidan e’lon qilingan yerlarni konvensiya kotibiyati Xalqaro ahamiyatga ega bo‘lgan suv-botqoq yerlari ro‘yxatiga kiritadi (Ramsar List of Wetlands of international Importance). Ushbu obektlar holati to‘g‘risida ma’lumot suv-botqoq yerlarini saqlab qolish xalqaro byurosi bazasida joylashadi va doimiy yangilanadi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, bugungi kunda 170 dan ziyod mamlakat Ramsar konvensiyasiga qo‘shilgan hisoblanadi. Xalqaro ahamiyatga ega suvli-botqoqli hududlar ro‘yxatiga umumiy maydoni 255 million gektar bo‘lgan
2 435 ta suvli-botqoqli komplekslar kiradi.
O‘zbekiston mazkur konvensiyaga 2001 yilda qo‘shilgan. Mamlakat hududida joylashgan Dengizko‘l, Aydar-Arnasoy ko‘llar tizimi hamda Quyimozor va To‘dako‘l Ramsar konvensiyasi ro‘yxatiga kiritilgan.
Quyimozor suv ombori O‘zbekistonda kattaligi jihatidan beshinchi o‘rinda bo‘lgan Buxoro shahri va unga yaqin Kogon shahri uchun asosiy ichimlik suvi manbayidir. Uning suvi qo‘shni To‘dako‘l suv ombori suviga qaraganda chuchukroq. Undan asosan dehqonchilik va qishloq xo‘jaligi ekinlarini sug‘orishda foydalaniladi.
Umumiy maydoni qariyb 32 ming gektarni tashkil etadigan ushbu suvli-botqoq yer maydoni ko‘chmanchi qushlar uchun ham muhim to‘xtab o‘tish joyi hisoblanadi. Ma’lumotlarga ko‘ra, so‘nggi besh yilda ushbu hududda qo‘nib o‘tgan qushlarning o‘rtacha yillik soni 40 mingdan ortiq.
Taxminan 229 ta qush turi, shu jumladan yo‘qolib ketish xavfi ostida bo‘lgan oqbosh o‘rdak ham ro‘yxatga olingan, biogeografik xilma-xillikni saqlab qolish uchun ularning 1 foizidan ko‘prog‘i shu makonda qishlaydi. Suv havzalaridagi Amudaryo kurakburuni va baqra balig‘i esa yo‘qolib ketish xavfi ostida qolmoqda.
Mavzuga oid
16:34 / 18.11.2024
“Manzil”: Dengiz sathidan 3000 metr balandlikdagi ko‘l – Arashan buloqqa sayohat
15:30 / 13.11.2024
Qozog‘istonga yo‘lbarslar qaytarilmoqda. Ular bundan 70 yil avval yo‘qolib ketgandi
10:27 / 02.11.2024
In qurishga xomashyo, suzish uchun sol: yovvoyi tabiat plastikka qanday qilib moslashdi?
15:46 / 30.10.2024