Jahon | 18:28 / 10.02.2023
16936
2 daqiqa o‘qiladi

Qirg‘iz deputati O‘zbekistonda qidiruvga berildi

Emil Jamg‘irchiyev O‘zbekistonda nega qidiruvga berilgani ma’lum emas. U huquq-tartibot idoralarida so‘roq qilingan.

Foto: Alyans

Qirg‘iziston Respublikasining Jogorku Kenesh deputati Emil Jamg‘irchiyev O‘zbekistonda qidiruvga berildi. Bu haqda Kaktus.media nashri huquq-tartibot idoralariga tayanib xabar berdi.

Emil Jamg‘irchiyev O‘zbekistonda qidiruvga berilgan, biroq qaysi jinoiy ish bo‘yicha ekani noma’lum. Deputat so‘zlariga ko‘ra, O‘zbekistonda qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi doirasida u allaqachon Qirg‘izistonning vakolatli organlari tomonidan guvoh sifatida so‘roq qilingan.

«Men nima uchun O‘zbekistonda qidiruvga berilganimni bilmayman, lekin allaqachon Bishkekda vakolatli organlar tomonidan guvoh sifatida so‘roq qilindim», dedi Jamg‘irchiyev.

Emil Jamg‘irchiyev Qirg‘izistonning «Alyans» partiyasidan Jogorku Kenesh (JK) deputati. JK Qonunchilik va huquq-tartibot, jinoyatchilik va korrupsiyaga qarshi kurashish qo‘mitasi a’zosi. Ilgari u Qirg‘iziston Respublikasi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish davlat xizmati raisining o‘rinbosari lavozimida ishlagan.

Shuningdek, Jamg‘irchiyev va hukumat apparati rahbarining sobiq o‘rinbosari Baktibek Qalmuratov kontrabanda bo‘yicha qo‘zg‘atilgan jinoiy ishni ijobiy hal etish uchun tadbirkordan pora olganlikda ayblangan. 2021 yil fevral oyida davlatga yetkazilgan 20 million qirg‘iz so‘mi miqdoridagi zararni qoplagan. Ikkala ayblanuvchi ham uy qamog‘idan ozod etilgan. Sudda jabrlanuvchi Emir Emilkanov ayblanuvchiga qo‘ygan da’volaridan voz kechgan, Bishkek sudi esa Jamg‘irchiyevni jinoyat tarkibi yo‘qligi uchun oqlagan. Ish doirasida prokuror ayblanuvchini 15 yilga ozodlikdan mahrum qilishni so‘ragan edi.

Mavzuga oid