Turkiya Shvetsiya va Finlandiya bilan NATO bo‘yicha muzokaralarni tiklaydi
Shvetsiya va Finlandiya bilan muzokaralar mart oyida qayta boshlanadi, dedi Turkiya tashqi ishlar vaziri Chavusho‘g‘li. Shu bilan birga, u Anqara majburiyatlar bajarilmaguncha Shvetsiyaning kirishiga rozi bo‘lmasligini ta’kidladi.
Turkiya Shvetsiya va Finlandiya bilan NATOga a’zo bo‘lish bo‘yicha muzokaralarni qayta boshlaydi, yangi yig‘ilish 9 mart kuni Bryusselda bo‘lib o‘tadi, dedi Turkiya tashqi ishlar vaziri Mavlud Chavusho‘g‘li 27 fevral, dushanba kuni Anqarada. Shu bilan birga, u Turkiya Shvetsiyaning «terrorizmga qarshi kurash» sohasidagi majburiyatlarini bajarmaguncha Shimoliy Atlantika ittifoqiga kirishiga rozi bo‘la olmasligidan ogohlantirdi.
Chavusho‘g‘li mamlakati Finlandiyaning NATOga a’zo bo‘lishini ma’qullashini ochiq aytdi. «Biz Shvetsiya va Finlandiya o‘rtasidagi ittifoqqa qo‘shilish tartiblarini ajratishimiz mumkin», dedi u.
May oyida Finlandiya va Shvetsiya Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishi fonida uzoq vaqtdan beri mavjud bo‘lgan bloksiz maqomdan voz kechib, NATOga a’zo bo‘lishni so‘rashdi. Shimoliy Atlantika ittifoqiga yangi davlatlarni qabul qilish uchun uning barcha a’zolarining roziligi talab qilinadi.
Turkiya Shvetsiya va Finlandiyaning NATOga qo‘shilishiga to‘sqinlik qilmoqda va bu davlatlar go‘yoki kurd separatistlarini qo‘llab-quvvatlayotganiga ishora qilmoqda. Anqara, birinchi navbatda, Turkiya rasmiylari «terrorchilar» deb ataydigan kurd faollariga qarshi Stokholmdan qattiqroq choralar so‘ramoqda.
Yanvar oyi oxirida Stokholmda ruxsat etilgan norozilik namoyishlari o‘tkazilgani va unda namoyishchilar Qur’on nusxasini yoqib yuborganidan so‘ng, Turkiya muzokaralarni butunlay to‘xtatdi va fevral oyiga mo‘ljallangan yig‘ilishni bekor qildi. Shundan so‘ng Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘an mamlakat Shvetsiyaning NATOga kirishini qo‘llab-quvvatlamasligini aytdi.
Mavzuga oid
16:43 / 06.11.2024
Erdo‘g‘an turkiyzabon davlatlarni umumiy alifboga o‘tishga chaqirdi
22:40 / 05.11.2024
Mudofaa «yashil energetika»ga qarshi: Shvetsiya 13 ta shamol generatori qurilishiga ruxsat bermadi
18:09 / 05.11.2024
Turkiya Qirg‘izistonning tashqi qarzidan kechdi
09:50 / 04.11.2024