O‘zbekiston | 17:38 / 17.03.2023
3952
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda qo‘shimcha 132 ming o‘rinli talabalar turar joyiga talab mavjud

Joriy yilda qo‘shimcha 132 ming o‘rinli talabalar turar joyiga talab mavjud. Bu haqda Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi axborot xizmati rahbari Nazokat Abduqunduzova ma’lum qildi.

Qayd etilishicha, 2022 yil davomida yangi qurilish, ta’mirlash, bo‘sh turgan binolarni moslashtirish va mavjud o‘rinlarini maqbullashtirish hisobiga jami 20 153 o‘rinli turar joy foydalanishga topshirildi.

Davlat oliy ta’lim muassasalaridagi talabalar turar joylarining soni bugungi kunda 287 taga yetkazilib, jami 109504 nafar talabalarni joylashtirish imkoniyati yaratildi. Biroq, qo‘shimcha 132 ming o‘rinli talabalar turar joyiga talab mavjud.

Ushbu ehtiyojni qondirish maqsadida 2023 yil yakuniga qadar 18 ming o‘rinli talabalar turar joylarini qurish va foydalanishga topshirish belgilangan. 

Bildirilishicha, joriy yilda yotoqxonalarni barpo etish bo‘yicha jami 28 526 o‘rinli 58 ta loyiha amalga oshirilmoqda, jumladan, davlat-xususiy sheriklik asosida 19 576 o‘rinli 40 ta, oliygoh va budjet mablag‘lari hisobidan 3 450 o‘rinli 7 ta, oliygohlarning to‘liq o‘z mablag‘lari hisobidan 3 900 o‘rinli 8 ta hamda investitsiya dasturi doirasida 1 600 o‘rinli 3 ta loyihalarda tegishli ishlar amalga oshirilyapti.

Ta’kidlanishicha, ayni damda respublika bo‘yicha jami 16 466 o‘rinli 31 ta loyihalarda qurilish ishlari jadal sur’atlarda olib borilmoqda. Yil yakuniga qadar talabalar turar joyi fondini 127 ming o‘rindan oshirish rejalashtirilgan.

Mavzuga oid